Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N YETTINCHI BOB

Ibodat qilish sharafi

Ibodat qilish sharafi

«Osmon bilan yerning Yaratuvchisi» ibodatlarimizni tinglashni istaydi. (Zabur 115:15)

1, 2. a) Sizningcha, ibodatni nega o‘zgacha hadya desa bo‘ladi? b) Nima uchun Muqaddas Kitobda ibodat haqida aytilganlarni bilishimiz kerak?

BEPOYON koinot bilan solishtirganda Yer sayyorasi nihoyatda kichik. Tangri Yahovaning nazarida yer yuzida yashaydigan butun xalqlar, barcha insonlar «bir tomchi suvdaydir». (Zabur 115:15; Ishayo 40:15) Garchi koinot bilan solishtirganda biz kichik bir zarracha bo‘lsak-da, Zabur 145:18, 19 da shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Yahova Uni chaqirayotgan kishilarga, Uni chin qalbdan chaqirayotganlarga yaqindir. Undan qo‘rqadiganlarni murodiga yetkazadi, ularning faryodini eshitib, ularni qutqaradi». Qarang, qanday ajoyib sharafga egamiz! Qodir Yaratuvchi Yahova bizga yaqinlashishni va ibodatlarimizni eshitishni istaydi. Ha, ibodat qilish Yahova har birimizga bergan sharaf va o‘zgacha hadyadir.

2 Biroq Yahova Unga ma’qul tarzda ibodat qilsakkina bizga quloq soladi. Buni qanday qilishimiz mumkin? Keling, Muqaddas Kitobda ibodat haqida nima deyilganini ko‘rib chiqaylik.

NEGA YAHOVAGA IBODAT QILISH DARKOR?

3. Nega Yahovaga ibodat qilishingiz darkor?

3 Yahova Unga ibodat qilishimizni, boshqacha qilib aytganda U bilan suhbatlashishimizni istaydi. Buni qayerdan bilamiz? Marhamat, Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing. Mehr ila aytilgan bu so‘zlar haqida o‘ylab ko‘ring. Sarvari koinot sizga qiziqish ko‘rsatib, Unga muammolar-u his-tuyg‘ularingizni aytib berishingizni istaydi.

4. Doim ibodat qilish Yahova bilan munosabatimizga qanday ta’sir qiladi?

4 Ibodat Xudovand Yahova bilan yaqin do‘st bo‘lishimizga yordam beradi. Do‘stlar muntazam ravishda fikrlari, tuyg‘ulari va tashvishlari bilan bemalol bo‘lishsa, do‘stligi mustahkamlanadi. Tangri Yahovaga ibodat qilishni ham shunga o‘xshatish mumkin. Muqaddas Kitob orqali U ham fikrlari va his-tuyg‘ulari bilan bo‘lishib, kelajakda nimalar qilmoqchi ekani haqida sizga aytib beryapti. Siz ham Unga istagan paytda qalbingiz tubidagi his-tuyg‘ularni aytib berishingiz mumkin. Bunday qilganingiz sayin, Yahova bilan do‘stona munosabatingiz mustahkamlanib boradi. (Yoqub 4:8)

XUDO QANDAY IBODATLARNI ESHITADI?

5. Yahova barcha ibodatlarni eshitmasligini qayerdan bilamiz?

5 Yahova barcha ibodatlarni eshitadimi? Hammasini emas. Ishayo payg‘ambar davrida Yahova isroilliklarga shunday degan: «Qancha ko‘p ibodat qilsangiz ham sizlarni tinglamayman. Zero, qo‘llaringiz qonga botgan». (Ishayo 1:15) Demak, Yahovaga yoqmaydigan ishlarni qilsak, U ibodatlarimizni tinglamay qo‘yadi. Shuning uchun bunday ishlardan uzoq bo‘lishimiz kerak.

6. Nega imon shunchalik muhim? Yahovaga ishonishingizni qanday ko‘rsata olasiz?

6 Yahova ibodatlarimizni eshitishini istasak, Unga ishonishimiz kerak. (Mark 11:24) Havoriy Pavlus shunday deb tushuntirgan: «Imon bo‘lmasa Allohning roziligini olish imkonsizdir. Zero, Tangriga yaqinlashayotgan kishi Uning bor ekanligiga va Uni astoydil izlayotganlarni mukofotlashiga ishonishi lozim». (Ibroniylarga 11:6) Ammo Xudoga ishonaman, deb aytishning o‘zi yetarli emas. Yahovaga har kuni itoat etib, imonimiz borligini isbotlashimiz lozim. (Yoqub 2:26 ni o‘qing.)

7. a) Nega Yahovaga kamtarinlik va hurmat ila ibodat qilishimiz kerak? b) Ibodat qilayotganda samimiy ekanimizni qay yo‘sin namoyon eta olamiz?

7 Yahovaga kamtarinlik va hurmat ila ibodat qilishimiz kerak. Nega? Bordi-yu, prezident yoki shoh bilan gaplashishga to‘g‘ri kelib qolsa, unga izzat-ehtirom bilan murojaat qilmasmidik? Yahova Qodir Tangridir, shuning uchun Unga yanada ko‘proq hurmat ko‘rsatib, kamtarinlik ila gapirishimiz lozim. (Ibtido 17:1; Zabur 138:6) Bundan tashqari samimiylik bilan va chin qalbdan ibodat qilishimiz kerak. Qolaversa, o‘zimiz tushunmaydigan tilda yoki duo kitoblaridagi o‘sha-o‘sha so‘zlarni takrorlamaslik maqsadga muvofiq bo‘lardi. (Matto 6:7, 8)

8. Biron narsa haqida ibodat qilsak, bizdan nima kutiladi?

8 Biron narsa haqida ibodat qilsak, ibodatimizga muvofiq ravishda harakat qilishimiz kerak. Masalan, Yahovaga kundalik ehtiyojlarimiz haqida ibodat qilsak, Yahova mo‘jizaviy tarzda barini muhayyo qilishini kutib, qo‘l qovushtirib o‘tirmasligimiz kerak. Astoydil mehnat qilib, qo‘limizdan keladigan barcha ishni bajarishimiz lozim. (Matto 6:11; 2 Salonikaliklarga 3:10) Yo bo‘lmasa, Yahovadan yomon odatlardan qutulish uchun ko‘maklashishini so‘rasak, vasvasaga soladigan vaziyatlardan qochishimiz darkor. (Kolosaliklarga 3:5) Keling endi, ibodat haqida ko‘pchilikni qiziqtiradigan ba’zi savollarga javob topaylik.

IBODAT HAQIDA KO‘PCHILIKNI QIZIQTIRADIGAN SAVOLLAR

9. Kimga ibodat qilishimiz kerak? Yuhanno 14:6 dan ibodat haqida nimani bilib olyapmiz?

9 Kimga ibodat qilishimiz kerak? Iso izdoshlariga ibodat qilishni o‘rgatayotib, Xudoga «Osmondagi Otamiz» deya murojaat qilishni aytgan. (Matto 6:9) Shuningdek u: «Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman. Mensiz hech kim Otamning oldiga kela olmaydi»,— deb aytgan. (Yuhanno 14:6) Demak, biz faqatgina Yahovaga Iso orqali murojaat qilishimiz kerak. Iso orqali ibodat qilish nimani anglatadi? Yahova ibodatlarimizni qabul qilishi uchun, U Isoga bergan o‘zgacha mavqega hurmat ko‘rsatishimiz lozim. Bilib olganimizday, Iso bizni gunoh va o‘limdan qutqarish maqsadida yer yuziga kelgan. (Yuhanno 3:16; Rimliklarga 5:12) Yahova Isoni Hakam va gunohlarimiz kechirilishiga g‘amxo‘rlik qiluvchi Oliy ruhoniy etib tayinlagan. (Yuhanno 5:22; Ibroniylarga 6:20)

Istagan payt va joyda ibodat qilishingiz mumkin

10. Ibodat qilayotganda gavdamiz muayyan holatda bo‘lishi shartmi? Tushuntiring.

10 Ibodat qilayotganda gavdamiz muayyan holatda bo‘lishi shartmi? Yo‘q, Yahova ibodat qilayotganimizda tiz cho‘kish, o‘tirish yoki turishni talab qilmaydi. Muqaddas Kitobdan bilib olishimiz mumkinki, Yahovaga ibodat qilganimizda, gavda holatida hurmat aks etishi lozim. (1 Solnomalar 17:16; Naximiyo 8:6; Doniyor 6:10; Mark 11:25) Ha, Yahovaga ibodat qilayotganda gavdamiz muayyan holatda bo‘lishi emas, balki Unga hurmat bilan va chin dildan gapirishimiz muhim ahamiyatga ega. Unga istagan payt va joyda ovoz chiqarib yoki ichimizda ibodat qilishimiz mumkin. Boshqalar payqamasa-da, Yahova bizni eshitishiga shubhalanmasak ham bo‘ladi. (Naximiyo 2:1–6)

11. Yahovaga nimalar to‘g‘risida ibodat qilsak bo‘ladi?

11 Nima haqida ibodat qilsak bo‘ladi? Yahovaga ma’qul keladigan har qanday narsa haqida iltijo qilishimiz mumkin. Muqaddas Kitobda: «Uning irodasiga muvofiq nimaiki so‘rasak, U bizni eshitadi»,— deyilgan. (1 Yuhanno 5:14) Shaxsiy masalalar haqida ham ibodat qilsak bo‘ladimi? Ha. Yahova bilan do‘stimizday suhbatlashishimiz kerak. Unga qalb-u ongimizdagi fikrlarni to‘kib solsak bo‘ladi. (Zabur 62:8) To‘g‘ri yo‘l tutishga yordam berishi uchun Undan muqaddas ruhini so‘rasak bo‘ladi. (Luqo 11:13) Shuningdek, Yahovadan to‘g‘ri qarorlar chiqarish uchun donolik va qiyinchiliklarni yengishga kuch berishini so‘rashimiz mumkin. (Yoqub 1:5) Qolaversa, gunohlarimizni kechirishini so‘rashimiz kerak. (Efesliklarga 1:3, 7) Boz ustiga boshqalar, jumladan, oilamiz va jamoatdagi birodar-u opa-singillarimiz uchun ibodat qilsak bo‘ladi. (Havoriylar 12:5; Kolosaliklarga 4:12)

12. Avvalambor nima haqida ibodat qilishimiz kerak?

12 Birinchi navbatda nima haqida ibodat qilishimiz kerak? Yahova hamda Uning irodasi haqida. Barcha yaxshiliklari uchun Yahovaga chin qalbdan minnatdorchilik bildirsak arziydi. (1 Solnomalar 29:10–13) Iso yer yuzida bo‘lganida, shogirdlariga aynan shu haqida ibodat qilishni o‘rgatganini bilamiz. (Matto 6:9–13 ni o‘qing.) Ular birinchi navbatda Xudoning ismi muqaddas bo‘lishi, ya’ni muqaddas tutilishi borasida ibodat qilishlari zarur edi. Keyin Iso Xudoning Shohligi kelishi va Uning irodasi butun yer yuzi bo‘ylab bajo bo‘lishi haqida ibodat qilishimiz kerakligini ko‘rsatgan. Iso aytib o‘tgan muhim narsalar haqida ibodat qilganimizdan so‘ng, kundalik ehtiyojlarimiz borasida so‘rasak bo‘ladi. Avvalambor Yahova hamda Uning irodasi haqida so‘rasak, biz uchun nima muhim ekanini ko‘rsatgan bo‘lamiz.

13. Ibodatlarimizning davomiyligi qancha bo‘lishi kerak?

13 Ibodatlarimizning davomiyligi qancha bo‘lishi kerak? Muqaddas Kitobda bu to‘g‘risida aniq hech narsa aytilmagan. Ibodatlarimiz vaziyatga qarab qisqa yoki uzun bo‘lishi mumkin. Masalan, ovqatlanishdan oldin qisqaroq, Yahovaga minnatdorchilik bildirayotganda yoki muammolarimizni to‘kib solayotganda uzoqroq ibodat qilsak bo‘ladi. (1 Shohlar 1:12, 15) Isoning davrida ayrimlar xo‘jako‘rsinga uzun-uzun duolar o‘qishgan. Biz esa unday qilishni istamaymiz. (Luqo 20:46, 47) Bunday ibodatlar bilan Yahovani lol qoldirib bo‘lmaydi. Yahova uchun eng muhimi, ibodatlarimiz qalbimizdan chiqishidir.

14. Qanchalik tez-tez ibodat qilishimiz kerak va bu Yahova haqida nimani ochib beryapti?

14 Qanchalik tez-tez ibodat qilishimiz kerak? Yahova bizni muntazam ibodat qilishga undayapti. Muqaddas Kitobda «doim ibodat qilish» va «tinmay ibodat qilish» to‘g‘risida aytilgan. (Matto 26:41; Rimliklarga 12:12; 1 Salonikaliklarga 5:17) Yahova bizni eshitishga hamisha tayyor. Namoyon etayotgan sevgisi va saxiyligi uchun har kuni Unga rahmat aytsak arziydi. Shuningdek, Undan yo‘l-yo‘riq, kuch va tasalli berishini so‘rashimiz mumkin. Agar Yahovaga ibodat qilish sharafini chindan ham qadrlasak, qulay fursat tug‘ilganida U bilan suhbatlashamiz.

15. Nega ibodat so‘ngida «omin» deyishimiz lozim?

15 Nega ibodat so‘ngida «omin» deyishimiz lozim? «Omin» so‘zi «shunday bo‘lsin» yoki «shubhasiz» degan ma’noga ega. Ibodatlarimizda «omin» deya so‘zlarimiz samimiy ekanini ko‘rsatamiz. (Zabur 41:13) Muqaddas Kitobga ko‘ra, ko‘pchilik oldida qilinadigan ibodat so‘ngida ichimizda yoki ovoz chiqarib «omin» desak, aytilganlar bilan rozi ekanimizni ko‘rsatamiz. (1 Solnomalar 16:36; 1 Korinfliklarga 14:16)

XUDO IBODATLARIMIZGA QANDAY JAVOB BERADI?

16. Yahova ibodatlarga javob beradimi? Tushuntiring.

16 Yahova ibodatlarga javob beradimi? Albatta! Muqaddas Kitobda Yahova «ibodatlarni Eshitguvchi» deb atalgan. (Zabur 65:2) U millionlab insonlarning samimiy ibodatlarini eshitib, ularga turli yo‘llar bilan javob beradi.

17. Ibodatlarimizga javob berish uchun Yahova farishtalar va yer yuzidagi xizmatchilaridan qanday foydalanadi?

17 Yahova farishtalari va yer yuzidagi xizmatchilari yordamida ibodatlarimizga javob beradi. (Ibroniylarga 1:13, 14) Ko‘p odamlar Xudodan Muqaddas Kitobni yaxshiroq tushunishni so‘rab ibodat qilgan va keyinchalik Yahovaning Shohidlaridan biri uning uyiga kelgan. Bundan ko‘rinyaptiki, farishtalar «xushxabar» yer yuzi bo‘ylab e’lon etilishiga hissa qo‘shyapti hamda va’zgo‘ylarni samimiy insonlarning oldiga yo‘naltiryapti. (Vahiy 14:6 ni o‘qing.) Qolaversa, ko‘pchiligimiz Yahovaga tashvish yoki ehtiyojimiz haqida ibodat qilganimizda, U imondoshlarimiz orqali zaruriy yordamni taqdim etgan. (Hikmatlar 12:25; Yoqub 2:16)

Yahova imondoshlarimiz orqali ibodatlarimizga javob beradi

18. Yahova ibodatlarimizga javob berish uchun O‘z ruhi va Muqaddas Kitobdan qanday foydalanadi?

18 Yahova ibodatlarimizga muqaddas ruhi orqali javob beradi. Biron muammo bilan kurashayotganda Unga ibodat qilib yordam so‘rasak, U muqaddas ruhi orqali yo‘l ko‘rsatib, kuch beradi. (2 Korinfliklarga 4:7) Shuningdek, Yahova Muqaddas Kitob orqali ibodatlarimizga javob berib, dono qarorlar chiqarishimizga ko‘maklashadi. Muqaddas Kitobni o‘qiganimizda qo‘l keladigan oyatlarni topishimiz mumkin. Yahova yig‘ilishda sharh berayotgan odamni aynan bizga kerakli so‘zlarni aytishga yoki jamoat oqsoqolini biz bilan Muqaddas Kitobdagi fikrni bo‘lishishga undashi mumkin. (Galatiyaliklarga 6:1)

19. Yahova ibodatlarimizga javob bermayotganday tuyulsa, nimani yodda tutishimiz kerak?

19 Ba’zida «Nega Yahova ibodatlarimga javob bermayapti?» deb o‘ylanib qolishingiz mumkin. Shuni yodda tuting, U qachon va qanday javob berishni yaxshi biladi. Yahova nimaga muhtoj ekanimizdan xabardor. Yahovaga ibodat qilishda davom etaylik, shunda so‘rayotgan narsamiz biz uchun muhim ekanini va chindan ham Unga ishonishimizni ko‘rsatamiz. (Luqo 11:5–10) Ayrim paytlarda Yahova ibodatimizga biz kutganday javob bermasligi mumkin. Masalan, qandaydir qiyinchiligimiz borasida so‘raganimizda Xudo bizni undan xalos qilmas, lekin uni yengishimiz uchun kuch beradi. (Filippiliklarga 4:13 ni o‘qing.)

20. Nega Yahovaga tez-tez ibodat qilishimiz kerak?

20 Ha, Yahovaga ibodat qilishdek ajoyib sharafga egamiz! U ibodatlarimizni eshitishiga shubhalanmasak ham bo‘ladi. (Zabur 145:18) Yahovaga chin qalbdan ibodat qilganimiz sayin, U bilan do‘stligimiz mustahkamlanib boradi.