Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N OLTINCHI BOB

Haq topinish tomonini egallang

Haq topinish tomonini egallang

1, 2. O‘zingizga qaysi savolni berib ko‘rishingiz lozim va nega bu muhim?

MUQADDAS KITOBNI o‘rganish davomida shuni bilib oldingizki, «Xudoga topinyapmiz», deb da’vo qilayotgan ko‘p odamlarning ta’limotlari-yu ishlari aslida Allohga noma’qul. (2 Korinfliklarga 6:17) Shuning uchun Yahova bizga «Buyuk Bobildan», ya’ni soxta dindan chiqib ketishni buyurmoqda. (Vahiy 18:2, 4) Siz qanday yo‘l tutasiz? Bu borada har bir kishi o‘zi qaror chiqarishi lozim. O‘zingizga shunday savolni berib ko‘ring: «Xudoga U ma’qul deb bilgan tarzda topinishni istaymanmi yoki shu paytgacha qilib kelganimday davom etishnimi?»

2 Agar soxta dinni tark etgan bo‘lsangiz, bu maqtovga sazovor. Ammo qalbingiz tubida soxta din bilan bog‘liq ayrim urf-odatlar va bayramlarda qatnashish istagi hali ham bor bo‘lishi mumkin. Keling, ushbu urf-odatlar-u bayramlarning ayrimlarini muhokama qilib, nega ularga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarash muhimligini bilib olaylik.

SURAT VA HAYKALLARGA SIG‘INISH, O‘LGANLAR UCHUN DUO QILISH

3. a) Nega ayrimlar uchun Xudoga surat va haykallarsiz topinish qiyin bo‘lishi mumkin? b) Ulardan foydalanish haqida Muqaddas Kitobda nima deb aytilgan?

3 Ba’zilar uylarida maxsus joy ajratib surat va haykallarni qo‘yishadi hamda Xudoga topinish uchun yillar davomida ulardan foydalanishadi. Ehtimol, siz ham shunday yo‘l tutgandirsiz. Shuning uchun bu narsalarsiz Xudoga topinish sizga g‘alati yoki noto‘g‘ri bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo shuni yodda tutingki, Yahova Unga ma’qul tarzda topinishni bizga o‘rgatmoqda. Muqaddas Kitobda Yahova Unga topinayotganda surat va haykallardan foydalanishimizni xohlamayotgani haqida aniq aytilgan. (Chiqish 20:4, 5 ni o‘qing; Zabur 115:4–8; Ishayo 42:8; 1 Yuhanno 5:21)

4. a) Nima uchun o‘lganlarning haqiga duo qilmaymiz? b) Nega Yahova O‘z xalqiga o‘lganlar bilan muloqot qilmaslikni aytgan?

4 Ba’zilar o‘lganlarning haqiga duo qilish kabi marosim va urf-odatlarni o‘tkazish uchun ko‘p vaqt va kuchlarini sarflashadi. Shuningdek, ular marhumlarning ruhini shod qilishga hamda ulardan yordam so‘rashga urinishadi. Ammo bilib olganimizdek, o‘lganlar bizga na yordam bera oladi, na ziyon keltira oladi. Ular narigi dunyoda yashashni davom ettirmaydi. Boz ustiga, o‘lganlardan kelgan har qanday xabar aslida jinlardan bo‘lgani uchun ular bilan muloqot qilishga urinish xavfli. (Qonunlar 18:10–12; 26- va 31-ilovaga qarang.)

5. Xudoga topinishda surat va haykallardan foydalanish hamda o‘lganlarga atab o‘tkaziladigan diniy urf-odatlardan voz kechishingizga nima yordam beradi?

5 Xudoga topinishda surat va haykallardan foydalanish hamda o‘lganlarga atab o‘tkaziladigan diniy urf-odatlardan voz kechishingizga nima yordam beradi? Buning uchun Muqaddas Kitobni o‘qib, bu masalada Yahovaning nuqtai nazari qanday ekani haqida chuqur mulohaza yuriting. Xudo uchun bular «jirkanch». (Qonunlar 27:15) Har kuni Yahovaga ibodat qilib, hamma narsaga Uning nuqtai nazari bilan qarashga hamda Unga ma’qul tarzda topinishga yordam berishini so‘rang. (Ishayo 55:9) Yahova albatta soxta topinishga aloqador bo‘lgan barcha narsadan xalos bo‘lishingizga yetarlicha kuch beradi.

YANGI YIL VA NAVRO‘Z BAYRAMI

6. Yangi yil bayrami qayerdan kelib chiqqan?

6 Yangi yil bayrami Muqaddas Kitobga zid bo‘lib, butparastlarning an’analaridan kelib chiqqan. Bir ensiklopediyaga ko‘ra, Rim hokimi Yuliy Sezar miloddan avvalgi 46-yilda 1-yanvarni yangi yilning boshlanishi deb belgilagan. Rimliklar bu kunni Yanus xudosiga bag‘ishlashgan. Yanvar oyi Yanus xudosining ismidan kelib chiqqan. Rimliklar Yangi yilni nishonlasa, kelasi yil baxtli o‘tishiga ishonishgan. («The World Book Encyclopedia»)

7. a) Navro‘z bayrami qayerdan kelib chiqqan? b) Nima uchun masihiylar Yangi yil va Navro‘zni nishonlamaydi?

7 Bahorda nishonlanadigan Navro‘z bayrami haqida nima desa bo‘ladi? Ba’zi olimlarning aytishicha, bu bayramning ildizi qadimgi Mesopotamiyaga borib taqaladi. Bu bayram tabiat kuchlariga sig‘inishga asoslangan. Vaqt o‘tib Navro‘z zardushtiylik (olovga sig‘inish) diniga kirib kelgan. Navro‘z zardushtiylik dinining asosiy bayramlaridan biri bo‘lib, qish tugab bahor kirib kelishi hamda ajdodlarning ruhini yodga olish bilan bog‘liq bo‘lgan. (Дорешенко Е. А. «Зороастрийцы в Иране») Nima uchun masihiylar Yangi yil va Navro‘zni nishonlamaydi? Chunki ular barcha narsada Xudoni xursand qilishni istaydi.

TUG‘ILGAN KUN

8, 9. Nima uchun ilk masihiylar tug‘ilgan kunni nishonlamagan?

8 Tug‘ilgan kun ham keng tarqalgan bayramlardan biridir. Masihiylar tug‘ilgan kunni nishonlashi kerakmi? Muqaddas Kitobda tug‘ilgan kunni Yahovaga xizmat qilmagan insonlargina nishonlagani haqida yozilgan. (Ibtido 40:20; Mark 6:21) Ilgari tug‘ilgan kunni soxta xudolarni sharaflash uchun nishonlashgan. Bir ensiklopediyaga ko‘ra, ilk masihiylar «tug‘ilgan kunni nishonlash butparastlarga xos deb bilgan». («The World Book Encyclopedia»)

9 Qadimgi rimliklar va yunonlar inson tug‘ilganida uning yonida bir ruh bo‘lishiga va bu ruh uni umri bo‘yi asrashiga ishonishgan. Bir kitobda shunday deyiladi: «Chaqaloq allaqanday xudoning tug‘ilgan kunida tug‘ilar, uni asraydigan ruh esa bu xudo bilan sirli aloqada bo‘lar ekan». («The Lore of Birthdays»)

10. Nega bugungi kunda masihiylar tug‘ilgan kunni nishonlamaydi?

10 Nima deb o‘ylaysiz, Yahova soxta din bilan bog‘liq bo‘lgan bayramlarni ma’qullaydimi? (Ishayo 65:11, 12) Yo‘q, albatta. Shu sababli tug‘ilgan kunni va soxta dinga aloqador barcha bayramlarni nishonlamaymiz.

BAYRAMNING KELIB CHIQISHINI BILISH SHUNCHALIK MUHIMMI?

11. Nimaga ayrimlar bayramlarni nishonlaydi? Siz uchun nima birinchi o‘rinda turishi kerak?

11 Ayrimlar Yangi yil va boshqa bayramlar butparastlikdan kelib chiqqanini bilsa ham, baribir ularni nishonlaydi. Ular buni shunchaki oila bilan birga dasturxon atrofida yig‘ilish uchun sabab deb biladi. Siz ham shunday fikrdamisiz? Oila bilan birga vaqt o‘tkazish istagi yomon emas. Oila asoschisi Tangri Yahova oila a’zolarimiz bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishimizni istaydi. (Efesliklarga 3:14, 15) Ammo diqqat-e’tiborimiz soxta dindan kelib chiqqan bayramlarni nishonlab qarindoshlarni xushnud qilishga emas, balki Yahova bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishga qaratilsa ayni muddao. Shu sababli havoriy Pavlus: «Rabbimizga nima ma’qul ekaniga doimo ishonch hosil qilinglar»,— deb aytgan. (Efesliklarga 5:10)

12. Qanday bayramlar Yahovaga ma’qul kelmaydi?

12 Aksariyat insonlarning fikricha, bayramning kelib chiqishi hech qanday ahamiyatga ega emas. Biroq Yahova bunday deb o‘ylamaydi. U soxta dinga aloqador bo‘lgan, odamni yoki vatanni sharaflaydigan bayramlarni ma’qullamaydi. Masalan, misrliklarning soxta xudolarga bag‘ishlangan bayramlari ko‘p bo‘lgan. Isroilliklar Misr qulligidan ozod bo‘lgach, ularning butparastlikka xos bayramlaridan birini o‘zlashtirib, uni «Yahovaga atalgan bayram» deb nomlagan. Ammo Yahova bu uchun ularni jazolagan. (Chiqish 32:2–10) Shuning uchun Ishayo payg‘ambar «harom narsaga tegmasligimiz» kerakligi haqida aytgan edi. (Ishayo 52:11 ni o‘qing.)

BOSHQALAR BILAN XUSHMUOMALA BO‘LING

13. Agar bayramlarni nishonlamaslikka qaror qilsangiz, sizda qanday savollar paydo bo‘lishi mumkin?

13 Agar bayramlarni nishonlamaslikka qaror qilsangiz, sizda bir nechta savol paydo bo‘lishi mumkin. Masalan: «Mabodo hamkasbim nima sababdan ular bilan Yangi yilni nishonlamayotganimni so‘rasa nima deyman? Kimdir Yangi yilga sovg‘a bersa, nima qilaman? Turmush o‘rtog‘im u bilan birga bayramni nishonlashimni istasa-chi? Biron bayram yoki tug‘ilgan kunini nishonlamagani tufayli bolalarimning ko‘ngli cho‘kmasligi uchun nima qilsam bo‘ladi?»

14, 15. Kimdir sizni bayram bilan tabriklasa yoki sovg‘a bersa nima qilasiz?

14 U yoki bu vaziyatda nima deyish yoki nima qilishni hal qilayotganingizda, farosat ila yo‘l tutsangiz yaxshi bo‘lardi. Masalan, kimdir sizni bayram bilan tabriklasa, shunchaki: «Rahmat»,— deb aytarsiz. Ammo u nega bayramni nishonlamasligingizni bilmoqchi bo‘lsa, sababini tushuntirib berishingiz mumkin. Biroq buni muloyimlik, xushmuomalalik va hurmat bilan qiling. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «So‘zlaringiz doimo yoqimli va mazali bo‘lsin. Shunda har bir kishiga qanday javob berish kerakligini bilasizlar». (Kolosaliklarga 4:6) Ehtimol, do‘stlar davrasida vaqt o‘tkazib, sovg‘alar berish sizga yoqishini, ammo buni bayram munosabati bilan qilmasligingizni tushuntirib berarsiz.

15 Kimdir sizga sovg‘a bersa nima qilasiz? Muqaddas Kitobda bu borada qoidalar ro‘yxati keltirilmagan, biroq u yerda toza vijdonga ega bo‘lishimiz lozimligi haqida aytilgan. (1 Timo‘tiyga 1:18, 19) Ehtimol, sizga sovg‘a berayotgan kishi bayramlarni nishonlamasligingizni bilmasligi mumkin. Yoki kimdir: «Bayramni nishonlamasligingizni bilaman, lekin baribir buni sovg‘a qilmoqchiman»,— deb aytar. Ikkala vaziyatda ham sovg‘ani olish yoki olmaslikni o‘zingiz hal qilasiz. Ammo qanday qaror qabul qilmang, vijdoningizni pok saqlang. Axir Yahova bilan munosabatlarimizga putur yetkazadigan hech narsa qilishni istamaymiz.

SIZ VA OILANGIZ

Yahovaga xizmat qiluvchilar baxtlidir

16. Oilangiz bayramni nishonlamoqchi bo‘lsa, nima qilasiz?

16 Oilangiz bayramni nishonlamoqchi bo‘lsa, nima qilasiz? Ular bilan bahslashmang. Unutmangki, ular istagani bo‘yicha yo‘l tutishga haqli. Muloyim bo‘ling va ular fikringizni hurmat qilishini istasangiz, siz ham ularning nuqtai nazarini hurmat qiling. (Matto 7:12 ni o‘qing) Mabodo oila a’zolaringiz siz bilan bayram paytida vaqt o‘tkazmoqchi bo‘lsa, qanday yo‘l tutasiz? Qaror qabul qilishdan oldin, Yahovaga ibodat qilib yordam so‘rang. Vaziyatingiz haqida mulohaza yuriting va bu masalada izlanish olib boring. Shuni yodda tutingki, siz hamisha Yahovaning qalbini xushnud qilishni istaysiz.

17. Boshqalar bayram qilayotganida farzandingiz o‘zini biron narsadan mahrum bo‘lganday his etmasligi uchun nima qilishingiz mumkin?

17 Boshqalar bayram qilayotganida farzandingiz o‘zini biron narsadan mahrum bo‘lganday his etmasligi uchun nima qilishingiz mumkin? Vaqt-vaqti bilan ularni xursand qiladigan biron nima tashkil qiling. Ularga sovg‘alar bering. Bolalaringiz uchun eng qimmatbaho sovg‘a esa, ularga ajratgan vaqtingiz va namoyon etgan sevgingizdir.

HAQIQAT YO‘LIDAN YURING

18. Nega biz yig‘ilishlarga muntazam qatnashimiz lozim?

18 Yahovaga ma’qul kelish uchun soxta dinni tark etishimiz va u bilan bog‘liq urf-odatlar-u bayramlardan voz kechishimiz lozim. Ammo buning o‘zi yetarli emas. Biz Xudoga ma’qul tarzda topinishimiz lozim. Qanday qilib deysizmi? Usullaridan biri, Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga muntazam qatnash. (Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.) Chunki bu yig‘ilishlar haq topinishning ajralmas bir qismidir. (Zabur 22:22; 122:1) Birga yig‘ilganimizda bir-birimizga dalda bera olamiz. (Rimliklarga 1:12)

19. Nima uchun Muqaddas Kitobdagi haqiqatlar to‘g‘risida boshqalarga aytib berishingiz muhim?

19 Xudoga ma’qul tarzda topinishning yana bir usuli, Muqaddas Kitobdan bilib olganlaringiz haqida boshqalarga aytib berishdir. Aksariyat insonlar yer yuzida sodir bo‘layotgan yovuzlik tufayli qiynalyapti. Ehtimol, shunday insonlarni bilarsiz. Ularga bizni ajoyib kelajak kutayotgani haqida aytib bering. Yig‘ilishlarga borganingiz va boshqalarga Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni aytib berganingiz sari, soxta din hamda unga aloqador urf-odatlarga aralashishni istamaysiz. Unga ma’qul tarzda topinish uchun qilgan harakatlaringizga Yahova albatta baraka beradi va siz chinakamiga baxtli bo‘lasiz. (Malaki 3:10)