Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

YETTINCHI BOB

Xudo o‘lganlarni tiriltiradi!

Xudo o‘lganlarni tiriltiradi!

1–3. Biz nimaga mahkum etilganmiz va Yahova qanday qilib bizni ozod etadi?

TASAVVUR QILING: hech qanday jinoyat qilmagan bo‘lsangiz ham, sizni butun umrga qamoq jazosiga mahkum etishdi. Qamoqdan ozod bo‘lish imkonsiz. Siz tushkunlikka tushgansiz va qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi. Ammo butunlay umidsizlikka tushganingizda sizni ozod etishga qodir bo‘lgan bir kishi paydo bo‘ladi va u sizga yordam berishni va’da qiladi. Shunda nimalarni his qilasiz?

2 Barchamiz o‘limga mahkum etilganmiz. Biz nimaiki qilmaylik, undan qochib qutula olmaymiz. Ammo Yahova bizni o‘limdan ozod etish qudratiga ega. Uning va’dasiga ko‘ra, «oxirgi dushman — o‘lim yo‘q qilinadi». (1 Korinfliklarga 15:26)

3 O‘limdan qo‘rqmay yashashingizni bir tasavvur qiling! Yahova nafaqat o‘limni bartaraf etadi, balki o‘lgan insonlarni hayotga qaytaradi. Ha, Yahova ular yana yashaydi, deb va’da bermoqda. (Ishayo 26:19)

YAQININGIZ HAYOTDAN KO‘Z YUMSA

4. a) Oila a’zolarimizdan kimdir yoki yaqin do‘stimiz hayotdan ko‘z yumsa, nima bizga tasalli bera oladi? b) Isoning yaqin do‘stlari kim bo‘lgan?

4 Oila a’zolarimizdan kimdir yoki yaqin do‘stimiz hayotdan ko‘z yumsa, qattiq qayg‘u chekamiz. Bunday paytda o‘zimizni ojiz his qilamiz. Yaqinimizni hayotga qaytarish uchun qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Lekin Muqaddas Kitobda yozilganlar bizga chinakam tasalli bera oladi. (2 Korinfliklarga 1:3, 4 ni o‘qing.) Keling, Yahova hamda Iso yaqinlarimizni hayotga qaytarishni qanchalik istayotganini ko‘rsatuvchi bitta voqeani muhokama qilaylik. Iso yer yuzida bo‘lganida, Lazar hamda uning singillari Marta va Maryamnikiga tez-tez borib turardi. Ularning uchalasi Isoning yaqin do‘stlari bo‘lgan. Muqaddas Kitobda: «Iso Martani, uning singlisini hamda Lazarni yaxshi ko‘rar edi»,— deb aytilgan. (Yuhanno 11:3–5)

5, 6. a) Lazarning oila a’zolari hamda do‘stlari qayg‘u chekayotganini ko‘rganda Iso nima qiladi? b) Iso judolik azobini tushunishi nega bizga tasalli beradi?

5 Bir kuni Lazar vafot etadi. Marta va Maryamga tasalli berish uchun Iso ularnikiga boradi. Marta Isoning kelayotganini eshitib, uni kutib olgani shahar tashqarisiga chiqadi. U Isoni ko‘rib xursand bo‘ladi-yu, lekin shunday deydi: «Hazrat, agar siz bu yerda bo‘lganingizda edi, akam o‘lmasdi». Martaning fikricha, Iso juda kech qoldi. So‘ng Iso uning singlisi Maryam yig‘layotganini ko‘radi. Ular g‘am chekayotganidan Iso xafa bo‘lib yig‘laydi. (Yuhanno 11:21, 33, 35) Isoning ularga rahmi keladi.

6 Yaqinimizning o‘limi bizga qanchalik og‘ir botishini Iso yaxshi tushunadi. U samoviy Otasiga o‘xshaydi. Shu sababli Yahova ham dardimizni his qilishiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Yuhanno 14:9) Yahova abadulabad o‘limni yo‘q qilish qudratiga ega va U buni tez orada amalga oshiradi.

«LAZAR, TASHQARIGA CHIQ!»

7, 8. Nima uchun Marta Lazarning qabridagi toshni olib qo‘yishlarini istamagan, ammo Iso nima qilgan?

7 Iso Lazarning jasadi qo‘yilgan qabr boshiga kelganida, uning kiraverishi katta tosh bilan yopib qo‘yilgan edi. Iso: «Toshni yumalatinglar!» — deydi. Ammo Marta ularni to‘xtatmoqchi bo‘ladi. Chunki Lazarning jasadi qabrga qo‘yilganiga to‘rt kun o‘tgan edi. (Yuhanno 11:39) Iso uning akasi uchun nima qilmoqchi ekanini Marta bilmasdi.

Lazarning tirilishi xursandchilikka sabab bo‘ldi. (Yuhanno 11:38–44)

8 Toshni olib qo‘yishgach, Iso: «Lazar, tashqariga chiq!» — deydi. Marta bilan Maryam ko‘zlariga ishonmaydi: «oyoq-qo‘llari kafan bilan o‘ralgan, yuzi esa ro‘mol bilan o‘ralgan jasad chiqib keldi»! (Yuhanno 11:43, 44) Lazar tirildi! Endi u oilasi va do‘stlari yoniga qaytdi. Ular Lazarni quchoqlab, u bilan suhbatlasha olishardi. Ajoyib mo‘jiza: Iso Lazarni tiriltirdi!

«QIZALOQ, O‘RNINGDAN TUR!»

9, 10. a) Isoga odamlarni tiriltirish qudratini kim bergan? b) Tirilishga oid hodisalar haqida o‘qish qanday foyda keltiradi?

9 Iso odamlarni o‘zining kuchi bilan tiriltirganmi? Yo‘q. Lazarni tiriltirishdan oldin Iso Alloh Yahovaga ibodat qilgan va Yahova unga Lazarni tiriltirish qudratini bergan. (Yuhanno 11:41, 42 ni o‘qing.) Iso boshqa odamlarni ham tiriltirgan. Muqaddas Kitobda qattiq kasal bo‘lgan 12 yashar qizcha haqida aytilgan. Uning otasi Yair bundan umidsizlikka tushadi va Isodan qiziga shifo berishni so‘rab yolvoradi. Bu qiz Yairning yolg‘iz farzandi edi. Yair Iso bilan gaplashib turganida odamlar kelib: «Qizingiz vafot etdi. Endi Ustozni ovora qilmay qo‘yavering»,— deyishadi. Ammo Iso Yairga: «Qo‘rqmang, qizingiz qutqariladi. Faqat ishonsangiz bas»,— deydi. So‘ng Iso Yair bilan birga uning uyiga boradi. Uyga yaqinlashgan sayin, Iso odamlarning yig‘i-sig‘i qilayotganini eshitadi. Iso ularga: «Yig‘lamanglar. Qizcha o‘lgani yo‘q, uxlayapti, xolos»,— deydi. Qizchaning ota-onasi u nimani nazarda tutayotganini tushunmay hayron qolishadi. Iso uydan hamma chiqib ketishini aytib, qizchaning ota-onasi bilan u yotgan xonaga kiradi. Iso qizchaning qo‘lidan ohista ushlab: «Qizaloq, o‘rningdan tur!» — deb aytadi. Qizchasi shu zahotiyoq o‘rnidan turib, yura boshlaganini ko‘rgan ota-onaning xursandchiligini bir tasavvur qiling! Iso ularning qizini tiriltirdi. (Mark 5:22–24, 35–42; Luqo 8:49–56) Ular har safar qiziga qaraganda Yahova Iso orqali bu mo‘jizani yaratgani haqida eslashgandir *.

10 To‘g‘ri, vaqti kelib Iso tiriltirgan odamlar qazo qilishdi. Unda ularni tiriltirish befoyda edimi? Aslo! Muqaddas Kitobdagi mazkur voqealar bizga chinakam umid baxsh etadi. Ular bizni Yahova odamlarni tiriltirishni istashiga va buni albatta qilishiga ishontiradi.

TIRILISHGA OID VOQEALARDAN NIMANI BILIB OLYAPMIZ?

Havoriy Butrus Dorka ismli ayolni tiriltirdi. (Havoriylar 9:36–42)

Ilyos payg‘ambar beva ayolning o‘g‘lini tiriltirdi. (3 Shohlar 17:17–24)

11. Voiz 9:5 ga binoan, Lazar o‘lganida qanday holatda bo‘lgan?

11 Muqaddas Kitobda: «O‘lganlar... hech narsani bilmaydi»,— deb aniq aytilgan. Bu Lazarga ham taalluqli edi. (Voiz 9:5) Iso Lazarning holatini uxlayotgan odamning holatiga o‘xshatgan. (Yuhanno 11:11) Lazar qabrda yotganida «hech narsani bilmagan».

12. Lazar chindan ham tirilganini qayerdan bilamiz?

12 Ko‘p odamlar Iso Lazarni tiriltirganiga guvoh bo‘lishgan. Hatto dushmanlar Iso bu mo‘jizani yaratganini bilishgan. Lazarning tirikligi, bu mo‘jiza chindan ham yuz berganini isbotlagan. (Yuhanno 11:47) Shuningdek, ko‘pchilik Lazarni ko‘rgani borgan va natijada ular Isoning Xudo tomonidan yuborilganiga ishonishni boshlagan. Bu Isoning dushmanlariga yoqmagan. Shuning uchun ular Iso va Lazarni o‘ldirish payiga tushishgan. (Yuhanno 11:53; 12:9–11)

13. Nima uchun Yahova o‘lganlarni tiriltira olishiga shubhalanmasak bo‘ladi?

13 Iso «mozorlarda bo‘lgan hamma» tirilishi haqida aytgan edi. (Yuhanno 5:28) Demak, Yahova xotirasida bo‘lgan barchani tiriltiradi. Ammo o‘lganlarni tiriltirish uchun, Yahova ular haqda barcha tafsilotlarni yodda tutishi kerak. U buni qila oladimi? Masalan, koinotda milliardlab yulduzlar bor. Muqaddas Kitobda Yahova har bir yulduzni nomma-nom bilishi haqida yozilgan. (Ishayo 40:26 ni o‘qing.) Agar U har bir yulduzning nomini esda saqlay olsa, unda tiriltirmoqchi bo‘lgan barcha insonlar haqidagi tafsilotlarni ham yodda saqlay oladi. Modomiki Yahova barcha narsani yaratgan ekan, odamlarni tiriltirishga qudrati borligidan hech ham shubhalanmasak bo‘ladi.

14, 15. Ayubning tirilish haqida aytgan so‘zlaridan nimani bilib olyapmiz?

14 Xudojo‘y Ayub tirilish bo‘lishiga ishongan. U shunday deb so‘ragan: «Agar odam o‘lsa, u yana yashay oladimi?» So‘ng u Yahovaga: «Meni chaqirasan, men esa javob beraman. Qo‘llaring bilan yaratgan ijodingni sog‘inasan»,— deb aytgan. Ayub Tangri Yahova o‘lgan insonlarni tiriltirish vaqtini sabrsizlik bilan kutayotganini bilgan. (Ayub 14:13–15)

15 O‘lganlarning tirilishi haqidagi umid sizda qanday his-tuyg‘ularni uyg‘otyapti? Sizda: «Vafot etgan oila a’zolarim va do‘stlarim ham tiriladimi?» — degan savol tug‘ilishi mumkin. Yahova o‘lgan insonlarni hayotga qaytarishni chin dildan istayotganini bilish bizga tasalli beradi. Keling endi, kimlar tirilishi va ular qayerda yashashi borasida Muqaddas Kitobda nima deyilganini ko‘rib chiqaylik.

ULAR «UNING OVOZINI ESHITIB CHIQADI»

16. Odamlar tirilganida yer yuzida hayot qanday bo‘ladi?

16 O‘tmishda tirilgan insonlar o‘z oilasi va do‘stlari bilan qayta ko‘rishib, yer yuzida yashashni davom ettirgan. Kelajakda ham shunday bo‘ladi, hatto bundan ham yaxshiroq bo‘ladi. Nega? Chunki yer yuzida yashash uchun tirilgan insonlar abadiy hayotga ega bo‘lishi mumkin. Ular hozirgidan butunlay farq qiladigan dunyoda yashaydi. O‘sha paytda na urush, na jinoyatchilik, na kasallik bo‘ladi.

17. Kimlar tiriladi?

17 Kimlar tiriladi? Iso «mozorlarda bo‘lgan hamma uning ovozini eshitib chiqishi» haqida aytgan. (Yuhanno 5:28, 29) Vahiy 20:13 da shunday deyilgan: «Dengiz ham, o‘lim ham, mozor ham o‘zidagi o‘liklarni berdi». Ha, milliardlab insonlar yana hayotga qaytadi. Havoriy Pavlus ham «adolatli va adolatsiz odamlar» tirilishi to‘g‘risida aytgan. (Havoriylar 24:15 ni o‘qing.) Uning so‘zlari nimani anglatadi?

Jannatda marhumlar tirilib, o‘z yaqinlari bilan birga bo‘lishadi

18. Tiriladigan «adolatli» kishilarga kimlar kiradi?

18 «Adolatli» kishilarga Iso yer yuziga kelishidan avval yashagan Yahovaning sadoqatli xizmatchilari kiradi. Nuh, Ibrohim, Sora, Muso, Rut va Ester kabi insonlar yer yuzida yashash uchun tiriladi. Bu erkak va ayollarning ba’zilari haqida Ibroniylarga yo‘llangan maktubning 11- bobida o‘qishingiz mumkin. Bizning davrimizda vafot etgan Yahovaning sodiq xizmatchilari haqida nima desa bo‘ladi? Ular ham «adolatli» kishilar qatoriga kirgani uchun tiriladi.

19. «Adolatsiz» kishilar kim? Yahova ularga qanday imkon beradi?

19 «Adolatsiz» kishilarga esa Yahovani tanib-bilish imkoniga ega bo‘lmagan milliardlab insonlar kiradi. Ular vafot etgan bo‘lsa-da, Yahova ularni unutmagan. Xudo ularni tiriltiradi va ular U haqida bilim olish, Unga xizmat qilish imkoniga ega bo‘lishadi.

20. Nega o‘lganlarning hammasi ham tirilmaydi?

20 Bu o‘lganlarning bari tiriladi deganimi? Yo‘q. Iso o‘lgan ba’zi insonlar tirilmasligi haqida aytgan edi. (Luqo 12:5) Unda kimni tiriltirishni yoki tiriltirmaslikni kim hal qiladi? Yahova eng oliy Hakam bo‘lgani uchun oxirgi qarorni U chiqaradi. Lekin U Isoga ham «tirig-u o‘liklarni hukm qilish» huquqini bergan. (Havoriylar 10:42) Yovuz deb topilgan va o‘zgarishni istamagan kishilar tirilmaydi. (19-ilovaga qarang.)

SAMOVIY HAYOT UCHUN TIRILISH

21, 22. a) Samoda yashash uchun tirilganlar qanday tanaga ega bo‘ladi? b) Kim birinchi bo‘lib ruhiy shaxs sifatida tirilgan?

21 Muqaddas Kitobda ayrim kishilar samoda yashash uchun tirilishi haqida yozilgan. Kimdir samoviy hayot uchun tirilsa, u jismoniy tanada tirilmaydi. U osmonda yashash uchun ruhiy shaxs sifatida tiriltiriladi.

22 Iso ruhiy shaxs sifatida tirilganlar ichida birinchisidir. (Yuhanno 3:13) Isoni o‘ldirishganidan uch kun o‘tib, Yahova uni tiriltirgan. (Zabur 16:10; Havoriylar 13:34, 35) Iso jismoniy tanada tirilmagan. Havoriy Butrus Iso haqida: «Odam sifatida o‘lib, ruh sifatida tirildi»,— deb yozgan. (1 Butrus 3:18) Iso qudratli ruhiy shaxs sifatida hayotga qaytgan! (1 Korinfliklarga 15:3–6) Ammo Muqaddas Kitobda boshqa insonlar ham samoda yashash uchun tirilishi haqida aytilgan.

23, 24. Iso aytgan «kichik poda»ga kimlar kiradi va ularning soni qancha?

23 Iso o‘limidan oldin sadoqatli shogirdlariga: «Sizlar uchun joy tayyorlagani ketyapman»,— degan. (Yuhanno 14:2) Isoning bu so‘zlari uning ba’zi izdoshlari samoda yashash uchun tirilishini anglatadi. Ularning soni qancha? Iso ularning soni oz bo‘lishini nazarda tutib, ularni «kichik poda» deb atagan. (Luqo 12:32) Havoriy Yuhanno olgan vahiydan ularning aniq sonini bilib olyapmiz. U samoviy Sion tog‘ida turgan Isoni, yonida esa 144 000 kishi borligini ko‘rgan. (Vahiy 14:1)

24 Ushbu 144 000 kishi qachon tirilishi kerak edi? Muqaddas Kitobga ko‘ra, Masih samoda boshqarishni boshlagan paytda bu yuz berishi kerak edi. (1 Korinfliklarga 15:23) Biz aynan shu paytda yashayapmiz, ya’ni hozir 144 000 kishining ko‘pchiligi samoda yashash uchun tirilgan. Hali yer yuzida yashayotganlari esa o‘lgan zahoti samoda yashash uchun tiriladi. Lekin aksariyat insonlar kelajakda yer yuzidagi jannatda yashash uchun tiriladi.

25. Keyingi bobda nimani bilib olamiz?

25 Tez orada Yahova barcha insonlarni o‘limdan ozod etadi va o‘lim toabad yo‘q bo‘lib ketadi! (Ishayo 25:8 ni o‘qing.) Samoda yashash uchun tirilganlar u yerda nima qilishadi? Muqaddas Kitobga binoan, ular Samoviy Shohlikning a’zolari bo‘lishadi va Iso bilan birga boshqarishadi. Ushbu Shohlik haqida keyingi bobdan ko‘proq bilib olamiz.

^ 9- x.b. Muqaddas Kitobda tirilishga oid boshqa voqealar ham qalamga olingan. Tirilganlar orasida yosh-u qari, erkag-u ayol, isroillig-u boshqa xalq vakillari ham bo‘lgan. Bu hodisalarni mazkur oyatlardan o‘qishingiz mumkin: 3 Shohlar 17:17–24; 4 Shohlar 4:32–37; 13:20, 21; Matto 28:5–7; Luqo 7:11–17; Havoriylar 9:36–42; 20:7–12.