Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

SAKKIZINCHI BOB

Xudoning Shohligi — u nima?

Xudoning Shohligi — u nima?

1. Qaysi ibodatni ko‘rib chiqamiz?

ISO MASIH shogirdlariga ta’lim berayotib, namuna sifatida aytgan ibodati chuqur ma’noga ega. U nima haqida ibodat qilgan va nega bu ibodat bugungi kunda biz uchun muhim?

2. Iso qaysi uchta muhim tilak haqida ibodat qilishni o‘rgatgan?

2 Iso quyidagilarni aytgan: «Sizlar esa shunday ibodat qilinglar: “Osmondagi Otamiz, isming muqaddas bo‘lsin. Shohliging kelsin. Osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham Sening irodang bajo bo‘lsin”». (Matto 6:9–13 ni o‘qing.) Nega Iso ushbu uchta tilak haqida ibodat qilishni o‘rgatgan? (20-ilovaga qarang.)

3. Xudoning Shohligi to‘g‘risida nimalarni bilib olamiz?

3 Biz Xudoning ismi Yahova ekanini bilib oldik. Uning insoniyatga va yerga nisbatan niyati qanday ekanini ham muhokama qildik. Ammo Iso: «Shohliging kelsin»,— deganda nimani nazarda tutgan? Bu bobda Xudoning Shohligi nima ekanini, u nimalarni amalga oshirishini va qay yo‘sin Xudoning ismini muqaddas qilishini bilib olamiz.

XUDONING SHOHLIGI — U NIMA?

4. Xudoning Shohligi nima va uning Shohi kim?

4 Yahova samoviy hukumat o‘rnatib, uning Shohi sifatida Isoni tayinlagan. Muqaddas Kitobda ushbu hukumat «Xudoning Shohligi» deb atalgan. Iso «podshohlarning Podshohi, Oliy Hazratdir». (1 Timo‘tiyga 6:15) Iso yer yuzidagi har qanday insoniy hukmdordan ko‘proq yaxshilik qila oladi va ularning barchasidan qudratliroq.

5. Xudoning Shohligi qayerda va u qayerni boshqaradi?

5 Tirilganidan qirq kun o‘tgach, Iso osmonga qaytgan. Keyinchalik u Shohlikning Shohi sifatida boshqarishni boshlagan. (Havoriylar 2:33) Xudoning hukumati yer yuzini osmondan turib boshqaradi. (Vahiy 11:15) Shu sababli u Muqaddas Kitobda «Osmon Shohligi» deb atalgan. (2 Timo‘tiyga 4:18)

6, 7. Iso yer yuzidagi shohlardan nimasi bilan farq qiladi?

6 Muqaddas Kitobda Iso haqida: «Tanho u o‘lmaslikka ega»,— deyilgan. Shuning uchun u yer yuzidagi barcha shohlardan buyukroqdir. (1 Timo‘tiyga 6:16) Jamiki insoniy hukmdorlar bir kun kelib vafot etadi, Iso esa hech qachon o‘lmaydi. U biz uchun qiladigan barcha yaxshiliklar ham abadiy davom etadi.

7 Muqaddas Kitobdagi bashoratda Iso adolatli va hamdard Shoh bo‘lishi haqida shunday deyilgan: «Uning ustida Yahovaning ruhi, donolik va idrok ruhi, nasihat va qudrat ruhi, bilim va Yahovadan qo‘rqish ruhi bo‘ladi. U Yahovadan qo‘rqishdan mamnuniyat topadi. U ko‘zlari bilan ko‘rganiga asoslanib hukm qilmaydi, qulog‘i bilan eshitgani bo‘yicha tanbeh [yoki maslahat] bermaydi. Bechoralarni [yoki kambag‘allarni] u haqqoniyat ila hukm qiladi». (Ishayo 11:2–4) Shunday shohning boshqaruvi ostida yashashni istarmidingiz?

8. Iso yolg‘iz o‘zi shohlik qilmasligini qayerdan bilamiz?

8 Xudo ayrim insonlarni samoviy hukumatda Iso bilan boshqarishi uchun tanlagan. Masalan, havoriy Pavlus Timo‘tiyga: «Agar bardoshli bo‘lsak, birgalikda shohlik ham qilamiz»,— degan. (2 Timo‘tiyga 2:12) Qancha odam Iso bilan shohlar sifatida boshqaradi?

9. Iso bilan qancha odam boshqaradi? Yahova ularni tanlashni qachondan boshlagan?

9 Biz 7-bobdan bilib olganimizday, havoriy Yuhanno olgan vahiyda samoda Shoh bo‘lgan Isoni va uning yonida turgan 144 000 boshqa shohlarni ko‘rgan. Bu 144 000 kishi kim? Yuhannoning aytishicha, ularning «peshonalarida Qo‘zining [ya’ni Isoning] hamda Otasining ismi yozilgan». U quyidagilarni ham qo‘shib qo‘ygan: «Ular Qo‘zi [Iso] qayerga borsa, orqasidan ergashishadi. Bu kishilar... insonlar orasidan... sotib olingan». (Vahiy 14:1, 4 ni o‘qing.) Yahova 144 000 kishini Isoning sodiq izdoshlari orasidan tanlayapti. Ular Iso bilan «yer yuzi ustidan shohlik qiladi». Bu kishilar o‘lganida, samoda yashash uchun tirilishadi. (Vahiy 5:10) Yahova shohlar bo‘ladigan 144 000 kishini birinchi asrdan buyon tanlayapti.

10. Iso va 144 000 kishini insoniyat ustidan boshqarish uchun tanlagani qay yo‘sin Yahovaning sevgisidan dalolat beryapti?

10 Yahova Iso bilan boshqarishi uchun insonlarni ham tanlab, bizga nihoyatda g‘amxo‘r ekanini ko‘rsatyapti. Iso bizni yaxshi tushunadi va shu bois, yaxshi hukmdor bo‘ladi. U inson bo‘lish va azob chekish qanday ekanini biladi. Pavlus aytganiday, Iso «zaifliklarimizni tushunmaydigan zot emas», chunki «u biz kabi har taraflama sinalgan». (Ibroniylarga 4:15; 5:8) 144 000 kishi ham inson bo‘lish qanday ekanini o‘zida his qilgan. Ular ham biz kabi nomukammallik va kasalliklar bilan kurashgan. Shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, Iso va 144 000 kishi nafaqat his-tuyg‘ularimizni, balki biz duch keladigan muammolarni ham tushunishadi.

XUDONING SHOHLIGI NIMALARNI AMALGA OSHIRADI?

11. Nega Iso shogirdlariga Xudoning irodasi osmonda ham bajo bo‘lishi haqida ibodat qilishni o‘rgatgan?

11 Iso shogirdlarini Xudoning irodasi «osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham» bajo bo‘lishi haqida ibodat qilishni o‘rgatgan. Muqaddas Kitob yozilgan tilda, Isoning so‘zlari Xudoning irodasi ham osmonda, ham yerda bajo bo‘lishi kerakligini anglatishi mumkin. Chunki 3- bobdan bilib olganimizday, Shayton Iblis Yahovaga qarshi isyon ko‘targach, Yahova unga va sadoqatsiz farishtalar, ya’ni jinlarga muayyan vaqt osmonda qolishlariga izn bergan. Demak, osmondagi barcha mavjudotlar ham Yahovaning irodasini bajarmagan. 10- bobdan Shayton va jinlar haqida ko‘proq bilib olamiz.

12. Vahiy 12:10 dan qaysi ikkita muhim voqea haqida bilib olyapmiz?

12 Muqaddas Kitobda tushuntirilishicha, Iso Xudo Shohligining Shohi bo‘lgach, Shaytonga qarshi jang qilishi kerak edi. (Vahiy 12:7–10 ni o‘qing.) 10- oyatda ikkita muhim hodisa, ya’ni Isoning boshchiligida Xudoning Shohligi boshqara boshlashi va Shayton osmondan yer yuziga uloqtirilishi haqida yozilgan. Bob davomida ushbu voqealar allaqachon yuz berganini bilib olamiz.

13. Shayton osmondan uloqtirilgach, nima yuz berdi?

13 Muqaddas Kitobda Shayton va uning jinlari osmondan uloqtirilgach, sadoqatli farishtalar qanchalik quvongani haqida yozilgan. U yerda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Shodlaning, ey, osmon-u falak va unda yashovchilar!» (Vahiy 12:12) Hozir osmonda faqatgina tinchlik va birlik hukm suryapti, chunki hamma Xudoning irodasini bajaryapti.

Shayton bilan jinlari osmondan otilganidan beri insoniyat yanada ko‘p azob-uqubat chekyapti. Yaqinda ular barham topadi

14. Shayton osmondan uloqtirilganidan beri yer yuzida nimalar sodir bo‘lyapti?

14 Ammo yer yuzida hayot butunlay boshqacha. Muqaddas Kitobda: «Iblis vaqti oz qolganini bilib, mudhish qahr-g‘azab ila oldingizga tushdi»,— deb aytilgan. (Vahiy 12:12) Bundan ko‘rinyaptiki, Shayton yer yuziga uloqtirilgani odamlar ko‘p azob chekishiga sabab bo‘ldi. Qolaversa, u yaqinda yo‘q qilinishini bilib mudhish qahrga to‘lgan. U yer yuzida musibatlar va azob-uqubat bo‘lishi uchun qo‘lidan kelganini qilyapti.

15. Xudoning yer yuziga nisbatan niyati qanday?

15 Biroq Xudoning yer yuziga nisbatan niyati o‘zgarmagan. U hali ham yer yuzidagi jannatda mukammal odamlar abadiy yashashini istaydi. (Zabur 37:29) Xudoning Shohligi buni qay yo‘sin amalga oshiradi?

16, 17. Doniyor 2:44 dan Xudoning Shohligi haqida nimani bilib olyapmiz?

16 Doniyor 2:44 da shunday bashorat yozilgan: «O‘sha shohlarning davrida samodagi Xudo aslo yakson qilinmaydigan shohlik o‘rnatadi. Bu shohlik boshqa xalqlarning qo‘liga berilmaydi. U barcha bu shohliklarni yo‘q qilib, o‘zi abadiy turadi». Ushbu bashoratdan Xudoning Shohligi haqida nimalarni bilib olyapmiz?

17 Birinchidan, bashoratda aytilishicha, Xudoning Shohligi «o‘sha shohlarning davrida» boshqara boshlaydi. Bu degani: Xudoning Shohligi boshqarishni boshlaganida yer yuzidagi boshqa hukumatlar hali mavjud bo‘ladi. Ikkinchidan, Xudoning Shohligi abadiy turadi va uning o‘rnini hech qachon boshqa hukumat egallamaydi. Uchinchidan, Xudoning Shohligi va bu dunyoning hukumatlari orasida jang bo‘ladi. Xudoning Shohligi g‘alaba qozonadi va yolg‘iz o‘zi yer yuzi ustidan boshqaradi. Bu insoniyat uchun eng a’lo boshqaruv bo‘ladi.

18. Xudoning Shohligi va bu dunyoning hukumatlari orasida bo‘ladigan jang nima deb ataladi?

18 Xudoning Shohligi va bu dunyoning hukumatlari orasida jang boshlanishidan oldin nimalar yuz beradi? Jinlar jahon shohlarini aldab, «Qodir Allohning ulug‘ kunida yuz beradigan jangga» to‘plashadi. Ha, insoniy hukumatlar Xudoning Shohligiga qarshi jang qilishadi va ushbu hal qiluvchi jang «Armageddon» deb ataladi. (Vahiy 16:14, 16; 10-ilovaga qarang.)

19, 20. Nega yer yuzi ustidan Xudoning Shohligi boshqarishiga muhtojmiz?

19 Nega Xudoning Shohligiga muhtojmiz? Buning kamida uchta sababi bor. Birinchidan, biz gunohkor bo‘lganimiz uchun kasal bo‘lamiz va o‘lamiz. Ammo Muqaddas Kitobda aytilishicha, Xudo Shohligining boshqaruvi ostida abadiy yashay olamiz. Yuhanno 3:16 da shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin».

20 Xudoning Shohligiga muhtoj ekanimizning ikkinchi sababi: biz yovuz odamlar orasida yashayapmiz. Ko‘pchilik yolg‘on gapiradi, firibgarlik qiladi va axloqsiz hayot kechiradi. Biz ularni bu ishlarni qilishdan to‘xtata olmaymiz. Biroq ular o‘zgarishni istamagani uchun, Xudo ularni Armageddon paytida yo‘q qiladi. (Zabur 37:10 ni o‘qing.) Uchinchi sababi: insoniy hukumatlar dunyodagi muammolarni butunlay hal qilishga ojiz. Qolaversa, ular shafqatsiz va poraxo‘r. Ular odamlarni Xudoga quloq solishga undashmaydi. Muqaddas Kitobda: «Insonning inson ustidan hukmronlik qilayotgani faqat ziyon keltiradi»,— deb yozilgan. (Voiz 8:9)

21. Qanday qilib Samoviy Shohlikning boshqaruvi tufayli yer yuzida ham Xudoning irodasi bajo bo‘ladi?

21 Armageddondan so‘ng, Samoviy Shohlikning boshqaruvi tufayli yer yuzida ham Xudoning irodasi bajo bo‘ladi. Masalan, Shayton va uning jinlari ming yilga tubsizlikka qamab qo‘yiladi. (Vahiy 20:1–3) Hech kim kasal bo‘lmaydi va o‘lmaydi. To‘lov tufayli Xudoga sodiq insonlar jannatda abadiy yashaydi. (Vahiy 22:1–3) Shohlik Xudoning ismini muqaddas qiladi. Bu nimani anglatadi? Xudoning Shohligi yer yuzi ustidan boshqarganida barcha odamlar Yahovaning ismini sharaflaydi. (21-ilovaga qarang.)

ISO QACHON SHOH BO‘LDI?

22. Iso yer yuzida bo‘lganida yoki osmonga qaytishi bilanoq Shoh etib tayinlanmaganini qayerdan bilamiz?

22 Iso shogirdlariga: «Shohliging kelsin»,— deb ibodat qilishni o‘rgatgan. Bu so‘zlardan ko‘rinyaptiki, Xudoning Shohligi kelajakda boshqarishni boshlashi kerak edi. Yahova avval hukumatini o‘rnatishi va Isoni Shoh etib tayinlashi kerak edi. Iso osmonga qaytishi bilanoq Shoh bo‘ldimi? Yo‘q, u kutishi kerak edi. Iso tirilganidan biroz vaqt o‘tgach, Butrus va Pavlus Zabur 110:1 dagi bashoratni unga qo‘llashganida bu yanada oydinlashdi. Mazkur bashoratda Yahova shunday degan: «Dushmanlaringni oyog‘ing ostiga kursi qilmagunimcha, Mening o‘ng tomonimda o‘tirib tur». (Havoriylar 2:32–35; Ibroniylarga 10:12, 13)

Samoviy Shohlikning boshqaruvi tufayli yer yuzida ham Xudoning irodasi bajo bo‘ladi

23. a) Iso qachon Xudo Shohligining Shohi sifatida boshqarishni boshladi? b) Kelasi bobda nima haqida bilib olamiz?

23 Iso qachon boshqarishni boshladi? 1914-yili. Isoning bir guruh sodiq izdoshlari o‘sha yildan boshlab Muqaddas Kitobdagi ko‘plab bashoratlar amalga oshishini tushundi. Aynan shunday ham bo‘ldi. 1914-yildan boshlab urush, ocharchilik va kasalliklar avj oldi. Aynan shu yili Iso Shoh sifatida boshqara boshladi. (Zabur 110:2) Bundan ko‘p o‘tmay, Shayton yer yuziga uloqtirildi va hozir uning «vaqti oz qolgan». (Vahiy 12:12) Kelasi bobda biz aynan shu vaqtda yashayotganimizning ko‘proq isbotini ko‘ramiz. Shuningdek, tez orada Samoviy Shohlikning boshqaruvi tufayli yer yuzida ham Xudoning irodasi bajo bo‘lishini bilib olamiz. (22-ilovaga qarang.)