Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘NINCHI BOB

Farishtalar va jinlar to‘g‘risida haqiqat

Farishtalar va jinlar to‘g‘risida haqiqat

1. Nima uchun farishtalar to‘g‘risida haqiqatni bilishimiz kerak?

YAHOVA farishtalar to‘g‘risida haqiqatni bilishimizni istaydi. Chunki ular Xudoning samoviy oilasining bir bo‘lagi. Muqaddas Kitobda ular «Tangrining o‘g‘illari» deb atalgan. (Ayub 38:7) Farishtalar samoda nima bilan shug‘ullanadi? O‘tmishda ular odamlarga qanday yordam bergan? Bugungi kunda ular bizga ko‘maklashadimi? (8-ilovaga qarang.)

2. Farishtalarni kim yaratgan? Ularning soni qancha?

2 Avval farishtalarni kim yaratganini bilib olishimiz zarur. Kolosaliklarga 1:16 ga binoan, Tangri Yahova Isoni yaratganidan so‘ng, «yer-u osmondagi bor mavjudot» yaratilgan. «Bor mavjudot» deyilganida farishtalar ham nazarda tutiladi. Ularning soni qancha? Muqaddas Kitobga ko‘ra, ularning soni yuz millionlarni tashkil etadi. (Zabur 103:20; Vahiy 5:11)

3. Ayub kitobida farishtalar haqida nima deb aytilgan?

3 Shuningdek, Muqaddas Kitobdan farishtalar yer yaratilmasidan oldin mavjud bo‘lganini bilamiz. Ular yerning yaratilishini kuzatib nimalarni his qilgan? Ayub kitobida ular xursand bo‘lgani haqida aytilgan. Ular bitta oilaning a’zolaridek yelkama-yelka Yahovaga xizmat qilishgan. (Ayub 38:4–7)

FARISHTALAR XUDONING XALQIGA YORDAM BERADI

4. Farishtalar odamlarning hayoti bilan qiziqishini qayerdan bilamiz?

4 Farishtalar doim odamlarning hayoti hamda Yahovaning yer va insoniyatga nisbatan niyati bilan qiziqishadi. (Hikmatlar 8:30, 31; 1 Butrus 1:11, 12) Odamato bilan Momohavo isyon ko‘targanini ko‘rib, ular juda xafa bo‘lishgandir. Bugungi kunda aksariyat odamlar Xudoga itoat etmayotganini ko‘rib, ular yanada ko‘proq xafa bo‘lishayotgandir. Ammo kimdir tavba qilib Xudoga qaytsa, ular xursand bo‘lishadi. (Luqo 15:10) Farishtalar, ayniqsa, Xudo xizmatchilarining hayoti bilan qiziqishadi. Yahova yer yuzidagi xizmatchilariga yordam berish va ularni himoya qilish uchun farishtalardan foydalanadi. (Ibroniylarga 1:7, 14) Keling, bir nechta misolni ko‘rib chiqaylik.

«Xudoyim O‘z farishtasini yuborib sherlarning og‘zini yopib qo‘ydi». (Doniyor 6:22)

5. O‘tmishda farishtalar Xudoning xizmatchilariga qanday yordam berishgan?

5 Yahova Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarini yo‘q qilmoqchi bo‘lganida, Lut va uning oilasini qutqarish uchun ikkita farishtasini yubordi. (Ibtido 19:15, 16) Yuzlab yillar o‘tgach, Doniyor payg‘ambarni sherlar yotgan chuqurlikka tashlashdi. Biroq Xudo «O‘z farishtasini yuborib sherlarning og‘zini yopib qo‘ydi» va unga hech qanday ziyon yetmadi. (Doniyor 6:22) Keyinchalik havoriy Butrus qamoqqa tashlanganida, Xudo farishtasini yuborib uni ozod qildi. (Havoriylar 12:6–11) Iso yer yuzida bo‘lganida farishtalar unga ham yordam berishdi. Masalan, Iso suvga cho‘mganidan so‘ng «farishtalar unga xizmat qilishdi». (Mark 1:13) O‘limi arafasida esa bir farishta «uni qo‘llab-quvvatladi». (Luqo 22:43)

6. a) Bugungi kunda ham farishtalar odamlarga yordam berishini qayerdan bilamiz? b) Qanday savollarga javob olamiz?

6 Hozirgi paytda farishtalar odamlarga ko‘rinmaydi. Ammo Xudo O‘z xizmatchilariga yordam berish uchun hali ham farishtalardan foydalanyapti. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yahovaning farishtasi Undan qo‘rqadiganlar atrofida qarorgoh qurib, ularni qutqaradi». (Zabur 34:7) Nima uchun himoyaga muhtojmiz? Chunki bizga ziyon yetkazmoqchi bo‘lgan qudratli dushmanlarimiz bor. Ular kim? Ular qanday paydo bo‘lgan? Ular bizga qanday zarar yetkazishi mumkin? Bu savollarga javob olish uchun, keling, Odamato bilan Momohavo yaratilganidan ko‘p o‘tmay nima sodir bo‘lganini ko‘rib chiqaylik.

KO‘ZGA KO‘RINMAS DUSHMANLARIMIZ

7. Shayton odamlarni nima qilishga og‘dirmoqda?

7 Biz 3-bobdan bir farishta Xudoga qarshi isyon ko‘tarib, hokimlik qilishni istagani haqida bilib oldik. Muqaddas Kitobda u Shayton Iblis deb atalgan. (Vahiy 12:9) Shayton boshqalar ham Xudoga qarshi chiqishini xohlagan. U Momohavoni aldagan va o‘shandan beri aksar insonlarni aldashga muvaffaq bo‘lyapti. Ammo Hobil, Xano‘x va Nuh kabi ayrim insonlar Yahovaga sadoqatli qolishdi. (Ibroniylarga 11:4, 5, 7)

8. a) Qanday qilib ayrim farishtalar jinlarga aylanib qolishgan? b) Jinlar To‘fondan omon qolish uchun nima qilishgan?

8 Nuh davrida ba’zi farishtalar isyon ko‘tarib, samodagi makonini tark etishdi va inson qiyofasiga kirib, yer yuzida yashay boshlashdi. Nega deysizmi? Muqaddas Kitobda ular inson qizlarini xotinlikka olgisi kelgani haqida aytilgan. (Ibtido 6:2 ni o‘qing.) Biroq farishtalarning bunday qilishi noto‘g‘ri edi. (Yahudo 6) O‘sha paytdagi aksariyat odamlar bu yovuz farishtalar singari buzilib, shafqatsiz bo‘lib ketishgan. Shunda Yahova yer yuziga to‘fon yuborib, yovuz odamlarni yo‘q qilishga qaror qilgan. Lekin sadoqatli xizmatchilarini qutqarib qolgan. (Ibtido 7:17, 23) Yovuz farishtalar tirik qolish uchun samoga qaytishgan. Muqaddas Kitobda bu yovuz farishtalar jinlar deb atalgan. Ular Shaytonning isyoniga qo‘shilishdi va Iblis ularning hukmdori bo‘ldi. (Matto 9:34)

9. a) Jinlar osmonga qaytganida nima sodir bo‘ldi? b) Hozir nimani bilib olamiz?

9 Jinlar isyon ko‘targani uchun Yahova ularni samoviy oilasiga qabul qilmadi. (2 Butrus 2:4) Garchi jinlar endi inson qiyofasiga kira olmasa-da, ammo ular hali-hanuz «butun yer yuzini yo‘ldan ozdirib» yurishibdi. (Vahiy 12:9; 1 Yuhanno 5:19) Keling, ular qaysi hiylalarni ishlatib ko‘p insonlarni aldayotganini bilib olaylik. (2 Korinfliklarga 2:11 ni o‘qing.)

JINLARNING HIYLALARI

10. Jinlar odamlarni qanday qilib tuzoqqa tushiradi?

10 Jinlar turli hiylalarni ishlatib odamlarni aldashadi. Insonlar jinlar bilan shaxsan yoki azayimxon kabi vositachi orqali aloqada bo‘lishadi. Jinlar bilan aloqa qilish esa sehr-joduga kiradi. Muqaddas Kitob bizni jinlar bilan bog‘liq hamma narsadan uzoqlashishga undayapti. (Galatiyaliklarga 5:19–21) Nega? Ovchi hayvonni tutish uchun tuzoq qo‘ygani singari jinlar ham odamlarni boshqarish uchun hiyla ishlatib tuzoqqa tushirishadi. (26-ilovaga qarang.)

11. Fol ochish bu nima va nega undan qochishimiz zarur?

11 Fol ochish jinlarning hiylalaridan biridir. Fol ochish — g‘ayritabiiy kuchlardan foydalanib, kelajakni yoki noma’lum biror narsani bilishga intilishni anglatadi. Bunga munajjimlik, belgilarga, kartaga, sehrli billur sharga va qo‘l kaftiga qarab kelajakni aytish kiradi. Aksar odamlar bu kabi ishlar zararsiz deb o‘ylasa-da, aslida bunday emas. Ular juda xavfli. Muqaddas Kitobga ko‘ra, fol ochuvchilarning ortida jinlar turadi. Masalan, Havoriylar 16:16–18 da «ichida fol ochuvchi jin» bo‘lgan bir cho‘ri qiz kelajakni aytib bergani haqida o‘qiymiz. Havoriy Pavlus bu jinni quvib chiqarganidan so‘ng, cho‘ri qiz kelajakni aytish qobiliyatidan mahrum bo‘ldi.

12. a) Nima uchun marhumlar bilan muloqot qilish xavfli? b) Nega Xudoning xizmatchilari jinlar bilan bog‘liq urf-odatlarga aralashmasligi lozim?

12 Jinlar odamlarni tuzoqqa tushirish uchun yana bir hiyladan foydalanadi. Ular marhum bilan gaplashish hamda o‘lganlar narigi dunyoda yashab, biz bilan muloqot qilishi yoki bizga yordam berishi mumkin degan xurofotlarga ishontirishga urinishadi. Masalan, do‘sti yoki qarindoshini yo‘qotgan kishi o‘lganlar bilan gaplasha olishini da’vo qiladigan arvoh chaqiruvchining oldiga borishi mumkin. Arvoh chaqiruvchi yoniga kelgan odamga uning o‘lgan do‘sti yoki qarindoshi haqida biron ma’lumot aytishi yoki hatto marhumning ovozi bilan gapirishi mumkin. (1 Shohlar 28:3–19) Aksariyat dafn urf-odatlari o‘lgan insonlar narigi dunyoda yashashni davom ettiradi degan e’tiqodga asoslanadi. Bularga dafn marosimi bilan bog‘liq urf-odatlar, har yili o‘tkaziladigan ma’rakalar, xudoyi hamda marhum yonida uxlamay chiqish kabilar kiradi. Bularning bari ortida jinlar turadi. Masihiylar bu kabi ishlarda ishtirok etishdan bosh tortganida, ularning oila a’zolari yoki hamqishloqlari ularni tanqid qilishi, haqoratli so‘zlar aytishi yoki ular bilan umuman aloqani uzishi mumkin. Ammo masihiylar marhumlar narigi dunyoda yashamasligini biladi. Marhumlar bilan muloqot qilishning iloji yo‘q. Ular na yordam bera oladi, na ziyon yetkaza oladi. (Zabur 115:17) Ehtiyot bo‘ling. Hech qachon marhumlar yoki jinlar bilan muloqot qilishga urinmang hamda jinlar bilan bog‘liq urf-odatlarga aralashmang. (Qonunlar 18:10, 11 ni o‘qing; Ishayo 8:19)

13. Bir paytlar jinlardan qo‘rqib yashagan insonlar nimaga muvaffaq bo‘lishdi?

13 Jinlar nafaqat odamlarni aldaydi, balki ularni qo‘rquvga ham soladi. Hozir Shayton bilan jinlar «vaqti oz qolganini» va yaqin orada kishanlab qo‘yilishini bilib, har qachongidan ham ko‘proq g‘azabga minishgan. (Vahiy 12:12, 17) Lekin bir paytlar jinlardan qo‘rqib yashagan minglab insonlar endi ulardan qo‘rqishmayapti. Ular qanday qilib bu qo‘rquvni yenga olishdi?

JINLARGA QARSHI TURING VA ULARNING TA’SIRIDAN OZOD BO‘LING

14. Ilk masihiylar kabi jinlarning ta’siridan qanday qilib ozod bo‘la olamiz?

14 Muqaddas Kitobda qanday qilib jinlarga qarshi turish va ularning ta’siridan ozod bo‘lish mumkinligi haqida aytilgan. Masalan, Efes shahrida yashovchi ba’zi insonlar haqiqatni bilishdan oldin jinlar bilan aloqada bo‘lishgan. Ular qanday qilib bu ta’sirdan qutulishdi? Xudoning Kalomida shunday o‘qiymiz: «Sehr-jodu bilan shug‘ullanganlardan ko‘plari kitoblarini yig‘ib, hammaning oldida yoqib yuborishdi». (Havoriylar 19:19) Ular Isoning izdoshi bo‘lishni istagani uchun sehr-joduga oid barcha kitoblarini yo‘q qilishdi. Bugungi kunda ham shunday harakatlar kutiladi. Yahovaga xizmat qilishni istovchilar jinlar bilan bog‘liq hamma narsadan xalos bo‘lishi lozim. Bularga kitob, jurnal, goroskop, film, qo‘shiq, o‘yin va hatto plakatlar kiradi. Ularda sehr-jodu, jinlar va g‘ayritabiiy kuchlar go‘yo beziyon va qiziqarli qilib ko‘rsatiladi. Shuningdek, bunga yomon ko‘zdan asrash maqsadida taqiladigan ko‘zmunchoq, tumor va shu kabi narsalar kiradi. (1 Korinfliklarga 10:21)

15. Shayton va uning jinlariga qarshi turish uchun nima qilishimiz lozim?

15 Efes shahrida yashovchi masihiylar sehr-joduga oid kitoblarini yo‘q qilganidan bir necha yil o‘tib, havoriy Pavlus ular «yovuz ruhlar» bilan kurashishni to‘xtatmasligi kerakligini yozgan edi. (Efesliklarga 6:12) Garchi ular kitoblarini yoqib yuborgan bo‘lishsa-da, jinlar baribir ularga ziyon keltirishga uringan. Xo‘sh, ular yana nima qilishi kerak edi? Pavlus ularga: «Katta imon qalqonini olinglar. U bilan Shaytonning barcha olovli o‘qlarini o‘chira [yoki to‘xtata] olasizlar»,— deb maslahat bergan. (Efesliklarga 6:16) Qalqon askarni jangda himoya qilgani singari, imonimiz bizni himoyalaydi. Yahova bizni himoya qila olishiga butkul amin bo‘lsak, Shayton va uning jinlariga qarshi tura olamiz. (Matto 17:20)

16. Yahovaga bo‘lgan imonimizni qanday qilib mustahkamlay olamiz?

16 Yahovaga bo‘lgan imonimizni qanday qilib mustahkamlay olamiz? Har kuni Muqaddas Kitobni o‘qib, Unga tayanishni o‘rganishimiz kerak. Agar Yahovaga bo‘lgan ishonchimiz mustahkam bo‘lsa, Shayton va uning jinlari bizga ziyon keltira olmaydi. (1 Yuhanno 5:5)

17. Bizni jinlardan yana nima himoya qiladi?

17 Efeslik masihiylardan yana nima kutilardi? Ular jinlar ta’siriga to‘lib-toshgan shaharda yashashardi. Shuning uchun Pavlus ularga: «Har fursatda... ibodat qilib turinglar»,— deb aytgan. (Efesliklarga 6:18) Ular Yahovadan doim himoya so‘rashlari kerak edi. Biz-chi? Biz ham jinlar ta’siri kuchli bo‘lgan dunyoda yashayapmiz. Shu sababli Yahovadan himoya so‘rashimiz va ibodat qilganda Uning ismini tilga olishimiz lozim. (Hikmatlar 18:10 ni o‘qing.) Yahovaga bizni Shaytondan xalos etishini so‘rab tinmay ibodat qilsak, U ibodatlarimizga javob beradi. (Zabur 145:19; Matto 6:13)

18, 19. a) Shayton va uning jinlariga qarshi jangda qanday qilib g‘alaba qozona olamiz? b) Keyingi bobda qaysi savolni ko‘rib chiqamiz?

18 Agar sehr-joduga oid barcha narsalardan xalos bo‘lib Yahovaga tayansak, Shayton va uning jinlariga qarshi tura olamiz. Ulardan hech ham qo‘rqmasligimiz kerak. (Yoqub 4:7, 8 ni o‘qing.) Yahova jinlardan ancha qudratliroq. Nuh davrida Yahova ularni jazolagan, kelajakda esa ularni yo‘q qilib tashlaydi. (Yahudo 6) Bu jangda yolg‘iz emasligimizni unutmaylik. Yahova farishtalari orqali bizni himoya qiladi. (4 Shohlar 6:15–17) Yahovaning madadi bilan Shayton va uning jinlariga qarshi jangda albatta g‘alaba qozona olamiz. (1 Butrus 5:6, 7; 2 Butrus 2:9)

19 Shayton va uning jinlari ko‘p azob-uqubat keltirayotgan ekan, nega Xudo ularni hozirning o‘zida yo‘q qilmaydi? Bu savolga keyingi bobda javob olamiz.