Asosiy materiallarga o‘tish

Xudo koinotni yaratishni qachon boshlagan?

Xudo koinotni yaratishni qachon boshlagan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobda Alloh koinotni qachon boshlagani yoki qancha vaqt mobaynida bu davom etgani haqida yozilmagan. U yerda shunchaki: «Boshida Alloh osmon bilan yerni yaratdi»,— deb yozilgan. (Ibtido 1:1) Muqaddas Kitobda bu «boshi» aynan qachon bo‘lgani haqida aytilmagan. Lekin Ibtido kitobidagi ma’lumotdan, u olti «kun» yoki yaratilish davrlaridan oldin yuz bergani ko‘rinyapti.

 Yaratilishning olti kuni tom ma’nodagi 24 soatdan iboratmi?

 Yo‘q. Muqaddas Kitobda «kun» so‘zi matn tarkibiga qarab, turli vaqt davomiyligini anglatishi mumkin. Masalan, yaratilishning butun davri (olti kun) Muqaddas Kitobda bir «kun» deb atalgan. (Ibtido 2:4)

 Olti kun davomida nimalar yuz bergan?

 Xudo «shaklsiz va bo‘m-bo‘sh» bo‘lgan yerni tirik jonzotlar yashay oladigan sayyoraga aylantirgan. (Ibtido 1:2) Keyin yer yuzida hayotni vujudga keltirgan. Muqaddas Kitobda yaratilishning oltita davri tasvirlangan. Har bir kuni nima yuz berganiga diqqat qarataylik.

  •  1-kun: Xudo yorug‘lik yer yuzigacha yetishiga g‘amxo‘rlik qildi va natijada, kunduz bilan tun aylanish davri boshlandi. (Ibtido 1:3–5)

  •  2-kun: Xudo suv orasida bo‘shliqni yaratib, bo‘shliq pastidagi suvlarni bo‘shliq tepasidagi suvlardan ajratdi. (Ibtido 1:6–8)

  •  3-kun: Xudo quruqlikni yaratdi. Shuningdek, o‘simliklarni barpo etdi. (Ibtido 1:9–13)

  •  4-kun: Xudo yer yuzidan yaqqol ko‘rinadigan yoritkichlarni, ya’ni quyosh, oy va yulduzlarni yaratdi. (Ibtido 1:14–19)

  •  5-kun: Xudo suvlar ichidagi tirik jonzotlarni va osmonda qanotli jonivorlarni vujudga keltirdi. (Ibtido 1:20–23)

  •  6-kun: Xudo hayvonlarni va odamlarni yaratdi. (Ibtido 1:24–31)

 Oltinchi kun tugagach, Xudo «dam olishni boshladi», ya’ni hech qanday yangi narsa yaratmay qo‘ydi. (Ibtido 2:1, 2)

 Ibtido kitobidagi ma’lumot ilmiy jihatdan isbotlanganmi?

 Muqaddas Kitobda dunyoning yaratilishi haqidagi ma’lumot ilmiy asar emas. U yerda yaratilishning har bir davri ikir-chikirigacha tushuntirilmagan. Uning maqsadi, hatto qadimda yashagan o‘quvchilar ham uni o‘qib Xudo turli narsalarni qanday ketma-ketlikda yaratganini osonlikcha tushuna olishiga hissa qo‘shishdan iborat. Shu bilan birga, yaratilish haqidagi ma’lumot ilm-fan sohasidagi ma’lumotga zid emas. Robert Yastrov ismli astrofizik shunday deb yozgan: «Barcha tafsilotlar har xil, ammo hayot qanday paydo bo‘lgani haqidagi asosiy omillar astronomiya va Muqaddas Kitobda bir xil. Odamga borib taqaladigan voqealarning ketma-ketligi muayyan vaqtda darrov va kutilmaganda boshlangan».

 Quyosh, oy va yulduzlar qachon yaratilgan?

 Alloh «boshida» yaratgan quyosh, oy va yulduzlar «osmon» qismlariga kiradi. (Ibtido 1:1) Lekin yer sayyorasi bo‘ylab atmosfera juda qalin bo‘lgani uchun, ularning yorug‘ligi yer yuzigacha bormaganga o‘xshaydi. (Ibtido 1:2) Shuning uchun, tarqoq yorug‘lik birinchi kuniyoq ko‘ringan bo‘lsa-da, uning manbaini ko‘rish ilojsiz edi. To‘rtinchi kuni esa atmosfera ancha ochilgandir. Muqaddas Kitobda o‘shandan boshlab quyosh, oy va yulduzlar «yer yuzini yoritishni» boshlagan deb yozilgan. Demak, bu, yerda turib ularni ko‘rish mumkin bo‘lganini anglatadi. (Ibtido 1:17)

 Muqaddas Kitobga ko‘ra yer qancha vaqtdan beri mavjud?

 Muqaddas Kitobda yer qancha vaqtdan beri mavjudligi haqida yozilmagan. Ibtido 1:1 ga ko‘ra, koinotning, jumladan, yer sayyoramizning ham boshi bo‘lgan. Bu, yerning qancha vaqtdan beri borligi haqidagi ilm-fan prinsiplari va olimlarning fikrlariga qarama-qarshi emas.