Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitob ilm-fan bilan uyg‘unmi?

Muqaddas Kitob ilm-fan bilan uyg‘unmi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Ha, Muqaddas Kitob ilmiy qo‘llanma bo‘lmasa ham, ilm-fan sohasiga kelganda u aniq. Ilm-fan va Muqaddas Kitob o‘zaro uyg‘un ekanini ko‘rsatuvchi ayrim misollarga diqqat qarating. Shuningdek, Muqaddas Kitobda qadimda yashagan odamlar ishongan tushunchalardan ancha farq qiluvchi ilmiy faktlar keltirilganiga e’tibor bering.

  •   Koinotning boshi bo‘lgan. (Ibtido 1:1) Lekin ko‘pgina qadimgi afsonalarda koinot yaratilmagani, aksincha, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani aytiladi. Bobilliklar koinotni yaratgan xudolar ikkita ummondan kelib chiqqaniga ishonishgan. Boshqa afsonalarda esa koinot bahaybat tuxumdan paydo bo‘lgan, deb aytiladi.

  •   Koinot ma’budlarning injiqliklari tomonidan emas, balki tabiatning oqilona qonunlari tomonidan har kuni boshqariladi. (Ayub 38:33; Yeremiyo 33:25) Butun dunyodagi xalqlarning turli afsonalari dab-durustdan yo‘l tutadigan yoki hatto shafqatsizlarcha harakat qiladigan xudolar oldida odamlar zaifdir, deb o‘rgatishadi.

  •   Yer koinotda bo‘shliqqa osib qo‘yilgan. (Ayub 26:7) Qadimda yashagan ko‘pgina odamlar yer yassi shaklida va u ulkan bir narsaning yoki hayvonning, masalan, buyvol yo toshbaqaning ustida turadi, deb ishongan.

  •   Ummondagi va boshqa manbalardagi suvlar bug‘lanib yomg‘ir, qor yoki do‘l sifatida yerga qaytadi. Daryo va buloqlar ularning hisobidan to‘ladi. (Ayub 36:27, 28; Voiz 1:7; Ishayo 55:10; Amos 9:6) Qadimgi yunonlar daryo suvlari yer osti ummon suvlari hisobidan to‘ladi, deb o‘ylagan va bu fikr 1700-yillarning boshlariga qadar mavjud bo‘lgan.

  •   Tog‘lar ko‘tariladi va pasayadi. Bugungi tog‘lar bir paytlar ummon ostida bo‘lgan. (Zabur 104:6, 8) Bundan farqli ravishda, bir nechta afsonaga ko‘ra, xudolar tog‘larni hozirgi ko‘rinishdagi shaklda yaratgan.

  •   Gigiena qoidalari sog‘likni himoya qiladi. Tavrotda Isroil xalqiga murdaga tekkanidan keyin yuvinish, yuqumli kasalliklarga chalinganlarni alohida ajratib qo‘yish va najasni ko‘mish borasida yo‘l-yo‘riqlar berilgan. (Levilar 11:28; 13:1–5; Qonunlar 23:13) Bundan farqli o‘laroq, bu amrlar berilgan paytda Misrda davolanishning turi sifatida ochiq yaraga inson najasi qo‘shilgan aralashma surtish tavsiya qilinardi.

Muqaddas Kitobda ilmiy xatolar bormi?

 Muqaddas Kitobni yaxshilab tadqiq qilsak buning javobi bunday emasligini bilib olamiz. Quyida Muqaddas Kitob ilmiy jihatdan aniq emasligini ko‘rsatuvchi keng tarqalgan ba’zi noto‘g‘ri tushunchalar keltirilgan:

 Noto‘g‘ri tushuncha: Muqaddas Kitobda koinot 24 soatdan iborat bo‘lgan 6 kun ichida yaratilgan, deb yozilgan.

 Fakt: Muqaddas Kitobda Xudo koinotni aynan qachon yaratgani haqida aytilmagan. (Ibtido 1:1) Qolaversa, Ibtido kitobining 1-bobida tilga olingan yaratilish kunlari muayyan davrni bildirib, ular qancha davom etgani ta’kidlanmagan. Darhaqiqat, yer-u osmon yaratilgan butun davr Muqaddas Kitobda «kun» deb atalgan. (Ibtido 2:4)

 Noto‘g‘ri tushuncha: Muqaddas Kitobga ko‘ra, o‘t-o‘lan fotosintez jarayonini hosil qiluvchi quyoshdan oldin yaratilgan. (Ibtido 1:11, 16)

 Fakt: Muqaddas Kitobda osmondagi yulduzlardan biri bo‘lmish quyosh o‘t-o‘landan oldin yaratilgani haqida aytilgan. (Ibtido 1:1) Quyoshdan tarqalgan nur yaratilishning birinchi «kuni» yoki davrida yer yuzigacha borgan. Yaratilishning uchinchi «kuniga» kelib, atmosfera tozalangach, fotosintez jarayonini hosil qilish uchun yorug‘lik yetarlicha kuchli bo‘lgan. (Ibtido 1:3–5, 12, 13) Faqat keyin quyosh yer yuzidan aniq ko‘rinadigan bo‘lgan. (Ibtido 1:16)

 Noto‘g‘ri tushuncha Muqaddas Kitobda quyosh yer atrofida aylanadi, deb aytilgan.

 Fakt: Voiz 1:5da: «Quyosh chiqib, qayta botadi, yana chiqish uchun o‘z joyiga oshiqadi»,— deyilgan. Biroq bu oyat quyoshning yerdan ko‘rinadigan harakatini tasvirlaydi. Garchi yer quyosh atrofida aylanishini aniq bilsak-da, «quyosh chiqishi» va «quyosh botishi» kabi iboralarni qo‘llaymiz.

 Noto‘g‘ri tushuncha: Muqaddas Kitobga ko‘ra, yer yassi shaklda.

 Fakt: yerning eng olis joylariga ishora qilish uchun Muqaddas Kitobda «yerning chetlari» iborasi ishlatilgan. Biroq bu, yer yassi yoki uning cheti bor degani emas. (Havoriylar 1:8) Shu singari, «yerning to‘rt burchagi» degan ibora butun yer sathiga ishora qiladi. Hozirgi kunda ham ramziy ma’noda «yerning to‘rt tomoni», degan iborani eshitishimiz mumkin. (Ishayo 11:12; Luqo 13:29)

 Noto‘g‘ri tushuncha: Muqaddas Kitobga ko‘ra, aylana uzunligini aniqlash uchun uning diametrini 3 ga ko‘paytirish kerak. Ammo to‘g‘ri qiymat «Pi» soniga (π) yoki taxminan 3,1416 ga teng.

 Fakt: 3 Shohlar 7:23 va 2 Solnomalar 4:2 da keltirilgan «quyma hovuz»ning o‘lchamlariga ko‘ra, uning diametri 10 tirsak va «o‘lchov ipi bilan o‘lchaganda aylanasi 30 tirsak bo‘lgan». Bu o‘lchamlar yaxlitlangan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, aylana uzunligi va diametri o‘z navbatida hovuzning ichki va tashqi tomonidan o‘lchangandir.