Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ILOVA

Ilohiy ismning qo‘llanilishi va ma’nosi

Ilohiy ismning qo‘llanilishi va ma’nosi

ZABUR 82:19- oyatiga nazar tashlang-da, u yerda nima deyilgan? «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasida» bu oyat [83:18] quyidagichadir: «Bilsinlarki, Sening isming — Yahovadir, butun dunyoda eng oliy yolg‘iz Sensan». Boshqa bir qator tarjimalarda ham bunga o‘xshash fikr beriladi. Ammo ko‘plab tarjimalarda Xudoning shaxsiy ismi olib qo‘yilib, «Xudovand» yoki «Egam» unvonlari bilan almashtirilgan. Qay biri to‘g‘ri? Bu oyatda Xudoning unvoni turishi lozimmi yoki Uning Yahova degan ismimi?

Ilohiy ismning ibroniycha yozilishi

Ko‘rib turganimizday, oyatda ism to‘g‘risida gap ketmoqda. Oyat esa ilk bor qadimgi ibroniy tilida yozilgan bo‘lib, ilohiy ismni o‘z ichiga olgan. Ibroniychada u quyidagicha yoziladi: יהוה (YHVH). O‘zbekchada esa «Yahova» degan talaffuzi bilan taniqli. Bu ism faqatgina shu oyatda uchraydimi? Yo‘q. Tavrot bilan Zaburning asl nusxalarida u taxminan 7 000 marotaba qo‘llanilgan.

Xudoning ismini bilish shunchalik zarurmi? Keling, Iso payg‘ambarning so‘zlariga e’tibor beraylik. U shogirdlarini ibodat qilishga o‘rgatib: «Bizning osmondagi Otamiz! Sening muqaddas isming ulug‘lansin»,⁠— deb iltijo qilishga undagan (Matto 6:9). Boshqa safar esa Hazrati Iso: «Ey Ota, O‘z nomingni ulug‘lagin!» — deb ibodat qildi. Bunga javoban osmondan: «Men uni ulug‘laganman va bundan keyin ham ulug‘layman»,⁠— degan sado keldi (Yuhanno 12:28). Ko‘rib turganimizday, Xudoning ismi katta ahamiyatga ega. Bo‘lmasa, nima sababdan ba’zi tarjimonlar ilohiy ism o‘rniga unvonlarni qo‘llamoqda?

Buning ikkita sababi bor. Ilohiy ism qo‘llanmasligining birinchi sababi, qadimgi ibroniy yozuvida unli harflar ifoda etilmagan. YHVH undoshlari bilan qaysi unli tovushlar ishlatilgani hech kimga ma’lum emas. Lekin buni dalil sifatida bilsa bo‘larmidi? Masalan, Iso payg‘ambarning ismi ham qadimda qanday talaffuz etilganini hech kim bilmaydi. Ehtimol, ismi Yeshua yoki Yahoshua deb atalgandir. Shunga qaramay, butun dunyo bo‘yicha Isoning ismi o‘zgacha talaffuzi bilan qo‘llanilib kelmoqda. Va I asrda qanday talaffuz etilganidan qat’inazar, odamlar cho‘chimay bu ismni aytib chaqirishmoqda. Shuningdek, agar chet mamlakatga sayohat qilsangiz, ehtimol ismingiz o‘zgacha talaffuz bilan tilga olinganini payqaysiz. Darhaqiqat, Xudoning ismi qanday talaffuz qilingani noma’lum, biroq uni tilga olmaslik uchun, bu hech ham sabab bo‘lolmaydi.

Ilohiy ism qo‘llanmasligining ikkinchi sababi yahudiylarning qadimgi xurofotlari bilan bog‘liq. Ulardan ko‘pi, Xudoning ismi umuman tilga olinmasligi kerak, deb ta’kidlashadi. Ehtimol, bu xurofot Xudoning amrini noto‘g‘ri talqin qilishlaridan kelib chiqqan. Amrda shunday deyilgan: «Egangiz Xudo — Mening ismimni suiiste’mol qilmang. Kim Mening ismimni suiiste’mol qilsa, o‘shani jazosiz qoldirmayman» (Chiqish 20:7).

Amr Xudoning ismini noo‘rin tarzda qo‘llashni taqiqlaydi. Ammo, nahotki o‘rinli tarzda tilga olish ham taqiqlangan bo‘lsa? Aslo. Tavrot bilan Zaburni yozishga ilhom olgan taqvodor insonlar, Xudoning ismini qo‘llashgan. Bu ism hatto Zabur sanolarida kuylangan edi. Boz ustiga, Egamizning Yahova degan ismi qo‘llanishi kerakligi haqida alohida aytilgan edi. Va Xudoning xizmatchilari shunday yo‘l tutganlar (Yo‘el 2:32; Havoriylar 2:21). Xullas, Iso payg‘ambar kabi, Xudoning bugungi xizmatchilari Uning ismini ehtirom ila qo‘llashmoqda (Yuhanno 17:26).

Xudoning ismini unvonlar bilan almashtirib, tarjimonlar katta xato qilishmoqda. Ular Xudoni qandaydir uzoq va noma’lum qilishyapti. Ammo, Muqaddas Kitob Yahova Taologa yaqinlashinglar, deb undamoqda (Yoqub 4:8). Masalan, yaqin do‘stingiz bor deylik. Agar hatto uning ismini bilmasangiz, unga qanday qilib do‘st bo‘la olasiz? Shunga o‘xshab, odamlar Xudoning ismini bilishmasa, qanday qilib Unga yaqin bo‘la olishadi? Va eng muhimi, ular Xudoning ismini bilishmasa, uning o‘zgacha bo‘lgan ma’nosini ham bilmay qolishadi. Xo‘sh, ilohiy ismning ma’nosi nima ekan?

Bu ismning ma’nosini Muso payg‘ambarga shaxsan Xudo ochib bergan edi. «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasida» quyidagini o‘qiymiz: «Men kim bo‘lishni xohlasam, O‘sha bo‘laman» (Chiqish 3:14). Xullas, Tangri Yahova O‘z irodasini amalga oshirish uchun, kim bo‘lishni xohlasa O‘sha bo‘ladi.

Faqat tasavvur qilib ko‘ring-da, siz kim bo‘lishni xohlasangiz o‘sha bo‘ldingiz! Yaqinlaringiz uchun nima qilib berar edingiz? Masalan, kimdir og‘ir kasal bo‘lib qolsa, mohir tabib bo‘lib, unga shifo bergan bo‘lmasmidingiz? Agar moddiy muammosi bo‘lsa, unga yordam qo‘lini cho‘zgan bo‘lmasmidingiz? Lekin iloj qancha. Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotib esa, Egamiz Yahova naqadar qudratli ekanini ko‘rasiz. Ha, irodasini amalga oshirish uchun U kim bo‘lish kerak bo‘lsa O‘sha bo‘ladi. Yahova Taolo buni O‘z azizlarini deb, bajonidil qilishga tayyor (2 Solnomalar 16:9). Ilohiy ismning aynan ushbu o‘zgacha bo‘lgan ma’nosi, uni bilmaganlar uchun sir bo‘lib qolaveradi.

Shubhasizki, Muqaddas Kitobda Xudoning ismi turishi darkor. Agar Xudoning ismini bilib, uni bemalol aytib chaqirayotgan bo‘lsak, unda Tangri Taolo Yahovaga yanada yaqin bo‘la olamiz *.

^ 3- x.b. Ilohiy ism va uning ma’nosi to‘g‘risida, hamda nima sababdan uni qo‘llash kerakligi haqida batafsil ma’lumot, Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan «Ilohiy ism abadiy turar», degan risolada beriladi.