Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ILOVA

1914- yil — Muqaddas Kitob bashoratiga ko‘ra eng muhim sana

1914- yil — Muqaddas Kitob bashoratiga ko‘ra eng muhim sana

MUQADDAS KITOB tadqiqotchilari 1914- yildan bir necha o‘n yil avval, ushbu sana eng muhim sana bo‘ladi, deb ta’kidlashgan edi. Nega aynan 1914- yil, tarixda eng muhim sana hisoblanishi kerak edi, va bunga qanday dalillar bor?

Injilda Iso Masihning bir bashoratini o‘qiymiz, unda: «Yot xalqlarning davroni tugamaguncha, Quddus yot xalqlar tomonidan oyoq osti qilinadi»,⁠— deb aytilgan edi (Luqo 21:24). Quddus shahri Isroil mamlakatining poytaxti bo‘lib, hazrati Dovud xonadonidan chiqqan shohlar u yerdan boshqarar edilar (Zabur 47:2, 3). Lekin, bu shohlar boshqalardan farq qilishar edi. Ular Parvardigori Olamning vakillari bo‘lib, «Yahovaning taxtida» o‘tirishar edi (1 Solnomalar 29:23, YADT). Xullas, Quddus shahri Yahova Taoloning hukmdorligi ramzi edi.

Xo‘sh, Xudoning hukmdorligini «yot xalqlar» qachon va qanday qilib oyoq osti qila boshladi? Bu davr miloddan avvalgi 607- yilda Quddusning bobilliklar tomonidan vayron qilinishi bilan boshlandi. Hazrati Dovud xonadonidan bo‘lgan shohlarning hukmronligiga chek qo‘yilib, boshqa hech kim «Yahovaning taxtida» o‘tirmas edi (4 Shohlar 25:1–26). Xudoning hukmdorligi doimo «oyoq osti» qilinadimi? Yo‘q, chunki Hizqiyo payg‘ambarning bashoratida Quddusning oxirgi shohi bo‘lmish Zidqiyoga qarata shunday deyilgan edi: «Sallani yechib, tojni olib qo‘y... To huquqi bor kelmaguncha, uni hech kimga bermayman, u faqat unga nasib etadi» (Hizqiyo 21:26, 27, YADT). Dovudning tojiga «huquqi bor» tanho Hazrati Iso Masihdir (Luqo 1:32, 33). Demak, Xudoning hukmdorligi «oyoq osti» qilinishi Iso Masihning taxtga o‘tirishi bilan yakunlanadi.

Xo‘sh, hazrati Iso Masih qachon taxtga o‘tirar ekan? Boya o‘qiganimizday, yot xalqlarning davroni aniq chegaralangan. Bu muddat to‘g‘risida esa Doniyor payg‘ambarning Muqaddas Kitobda yozib qoldirgan bashoratidan bilib olishimiz mumkin. Bashoratda Bobil shohi Navuxadnazarning ko‘rgan tushi tasvirlangan. Tushida shoh ulkan bir daraxtni ko‘ribdi. Bu daraxt yiqitilgan ekan. Ammo to‘nkasi yangi novda chiqarmasligi uchun, uni temir va bronza bilan zanjirlab qo‘yishgan. To‘nka «yetti yil» mobaynida shundayligicha turishi lozim edi (Doniyor 4:7–13).

Muqaddas Kitobda daraxt, gohida shohlik ramzi sifatida qo‘llaniladi (Hizqiyo 17:22–24; 31:2–5). Tushdagi daraxtning yiqitilgani, Xudoning taxtida o‘tirgan shohlarning hukmronligiga chek qo‘yilganini anglatar edi. Biroq bashoratdan ko‘rinyaptiki, Quddus shahri doim emas, balki faqat «yetti yil» mobaynida oyoq osti qilinadi. Bu yetti yil tom ma’noda emas, balki majoziy ma’noda qo‘llanilgan. Bo‘lmasa bu vaqt qancha davom etar ekan?

Injilning bir oyatidan, uch yarim yil «bir ming ikki yuz oltmish kunga» to‘g‘ri kelganini bilib olyapmiz (Vahiy 12:6, 14). Demak, «yetti yil» (ya’ni ikkiga ko‘paytirilgan uch yarim yil) 2 520 kunga to‘g‘ri keladi. Biroq, Quddus shahrining vayron qilinishidan 2 520 kun o‘tgandan so‘ng, Xudoning hukmronligi oyoq osti qilinishi davom etdi. Demak bu kunlar tom ma’noda emas, balki majoziy ma’noda ifodalangan. Muqaddas Kitobga asoslanib «bir kun evaziga bir yil» hisoblasak, majoziy ma’nodagi «yetti yil» 2 520 yilga to‘g‘ri keladi (Sahroda 14:34; Hizqiyo 4:6).

2 520 yillik muddat, miloddan avvalgi 607- yili oktyabr oyida Quddusning bobilliklar tomonidan vayron qilinishi bilan boshlandi. O‘shanda hazrati Dovud xonadonidan bo‘lgan shohning hukmronligiga chek qo‘yilgan edi. Milodiy 1914- yili oktyabr oyida esa bu muddat tugadi. Aynan o‘sha yili «yot xalqlarning davroni» tugab, Hazrati Iso Masih samoviy Shohlikda taxtga o‘tirdi * (Zabur 2:1–6; Doniyor 7:13, 14).

Iso Masih bashorat qilganiday, uning samoviy Shoh sifatida «kelishi», yer yuzidagi mashaqqatlar ko‘payishiga, ya’ni urushlar, qahatchilik, o‘latlar va zilzilalarga olib keladi (Matto 24:3–8; Luqo 21:11). Bu alomatlarning bari, Xudoning samoviy Shohligi 1914 yilda vujudga kelganini hamda «oxirzamon» davri boshlanganini yaqqol ko‘rsatib turibdi (2 Timo‘tiyga 3:1–5).

^ 4- x.b. Miloddan avvalgi 607- yil oktyabrdan, to miloddan avvalgi 1- yil oktyabrga qadar 606 yil o‘tdi. Nolinchi yil bo‘lmagani sababli, miloddan avvalgi 1- yil oktyabrdan, to milodiy 1914- yil oktyabrgacha 1 914 yil o‘tdi. 606 yilga 1 914 yil qo‘shsak, jami 2 520 yil bo‘ladi. Miloddan avvalgi 607- yili Quddusning vayronaga aylanishi to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olish uchun, Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining «Solnoma» sarlavhasiga qarang.