Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Nega Yahova Shohidlarining adabiyotlarini shaxsiy veb-sayt yoki ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish mumkin emas?

Ba’zilar, Muqaddas Kitobga asoslangan ma’lumotlarni bepul taklif etayotganimiz bois, ularni boshqa veb-sayt yoki ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish mumkin deb o‘ylaydi. Biroq bunday yo‘l tutish veb-saytimiz uchun ko‘zlangan «Foydalanish shartlari»ga * zid bo‘lib, jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi. Mazkur shartlarga ko‘ra, «ushbu saytdagi rasmlar, elektron adabiyotlar, savdo belgilari, musiqa, suratlar, videolar yoki maqolalarni Internetda (turli saytlarda, fayl va video-almashuv tizimlarida yoki ijtimoiy tarmoqlarda) joylashtirish» man etiladi. Nega shu qadar jiddiy shart qo‘yilgan?

Mualliflik huquqiga ega bo‘lgan adabiyotlarimizni boshqa saytlarda joylashtirishga hech kimning haqqi yo‘q

Veb-saytimizdagi barcha ma’lumot mualliflik huquqiga ega. Murtad va bizga qarshi chiqayotganlar adabiyotlarimizni o‘z veb-saytlarida qo‘llab, Yahovaning Shohidlarini hamda boshqa odamlarni tuzoqqa ilintirishga intilishadi. Ularning maqsadi o‘quvchilarda shubha uyg‘otishdan iborat. (Zab. 26:4; Hik. 22:5) Ba’zilar esa biron nimani sotish niyatida va elektron qurilmalar uchun mo‘ljallangan ilovalarda adabiyotlarimizdagi ma’lumotni yoki jw.org saytimizning belgisini reklama sifatida qo‘llaydi. Mualliflik huquqi va savdo belgilari buzilmasligi uchun, ma’lumotlardan noto‘g‘ri foydalanishning oldini olishga huquqiy asosimiz bor. (Hik. 27:12) Ammo biz bila turib boshqalarga, hatto imondoshlarimizga ham saytimizdagi ma’lumotni boshqa saytlarda joylashtirishiga yoki jw.org saytimizning belgisidan savdo-sotiq qilishda foydalanishiga yo‘l qo‘ysak, sud bizni qarshilik ko‘rsatayotganlar va savdo-sotiq muassasalaridan himoya qila olmaydi.

Ma’naviy ozuqa uchun ishonchli onlayn manbalar ro‘yxati quyidagichadir:

Adabiyotlarimizni jw.org saytimizdan tashqari, boshqa saytlardan yuklash xavflidir. Yahova ma’naviy ozuqani taqdim etish uchun faqat «ishonchli va aqlli xizmatkor»ni tayinlagan. (Mat. 24:45) Bu «xizmatkor» ma’naviy rizq-ro‘zni yetkazish uchun faqat rasmiy veb-saytlardan, ya’ni www.jw.org, tv.jw.org va wol.jw.org saytlaridan foydalanadi. Elektron qurilmalar uchun esa faqat uchta rasmiy ilova, ya’ni JW Language®, JW Library® va JW Library Sign Language® bor. Bularning bari reklamadan xoli bo‘lib, Shaytonning dunyosi tomonidan zararlanmagan. Agar ma’naviy ozuqani boshqa manbalardan olsak, u o‘zgartirilgan yoki zaharlangan bo‘lishi mumkin. (Zab. 18:26; 19:8)

Bundan tashqari, adabiyotlarimizni boshqa saytlarda joylashtirsak, murtad va tanqidchilar o‘z sharhlarini keltirishiga va bu tufayli Yahovaning tashkilotiga ishonch yo‘qolishiga zamin yaratamiz. Ba’zi birodarlar onlayn bahs-munozaralarga ilindi va shu yo‘sin Yahovaning ismi bulg‘andi. Vaholanki, onlayn forumlar «isyonkorlarni muloyimlik bilan yo‘lga solish» uchun to‘g‘ri kelmaydi. (2 Tim. 2:23–25; 1 Tim. 6:3–5) Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlaru veb-saytlarda tashkilotimiz, Yetakchi kengash va uning a’zolari nomidan yolg‘on akkauntlar ochilganiga guvoh bo‘ldik. Lekin Yetakchi kengashning hech bir a’zosida shaxsiy veb-sahifasi yoki ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi yo‘q.

Odamlarning e’tiborini jw.org saytimizga qaratish «xushxabar» tarqalishiga ko‘maklashadi. (Mat. 24:14) Xizmatimizda qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan elektron manbalar tobora yaxshilanib boryapti. Har bir kishi ulardan foyda olishini xohlaymiz. «Foydalanish shartlari»ga binoan, jw.org saytimizdagi adabiyot nusxasini e-mail orqali yuborishimiz yoki uning manzili bilan bo‘lishishimiz mumkin. Samimiy kishilarni rasmiy veb-saytimizga yo‘naltirish orqali ularning e’tiborini ma’naviy ozuqaning chin manbai bo‘lmish «ishonchli va aqlli xizmatkor»ga qaratamiz.

^ 1- x.b. Jw.org saytimizning bosh sahifasida keltirilgan «Foydalanish shartlari» tugmachasi ostidagi shartlar saytimizdagi barcha ma’lumotlarga tegishlidir.