Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Hayotim izidan chiqib ketayotgan edi

Hayotim izidan chiqib ketayotgan edi
  • Tug‘ilgan yili: 1971

  • Mamlakati: Tonga

  • O‘tmishda: giyohvand bo‘lgan va qamoqda o‘tirgan

OLDINLARI

Mening oilam Tongadan. Bu mamlakat Tinch okeanining janubi-g‘arbi bo‘ylab yoyilgan taxminan 170 ta oroldan iborat. Tongoda sodda hayot kechirardik, elektr quvvati yoki transport yo‘q edi. Ammo uyimizdan suv oqib o‘tardi va bir nechta tovug‘imiz bor edi. Maktabda ta’tilga chiqqanimizda, akam va ukam bilan fermamizda dadamga qarashardik. U yerda banan, yams, taro va maniok o‘stirardik. Oilamizni ta’minlash uchun dadam ularni sotardi va boshqa turli ishlarni bajarardi. Oroldagi ko‘plar kabi, bizning oila ham Muqaddas Kitobni juda qadrlardi va muntazam ravishda cherkovga qatnardik. Ammo hayotimizni yaxshilashning yagona yo‘li boyroq mamlakatga ko‘chish deb o‘ylardik.

16 yoshligimda tog‘am oilamiz bilan Kaliforniyaga (AQSH) ko‘chishimizga yordam berdi. Yangi madaniyatga ko‘nikish oson bo‘lmagan! Moddiy ahvolimiz yaxshilangan bo‘lsa-da, kambag‘al va zo‘ravonligu giyohvandlik keng tarqalgan hududda yashardik. Ko‘pincha tunda otishmalar eshitardik va qo‘shnilarimizning aksariyati jinoiy to‘dalardan qo‘rqardi. Ko‘plar o‘zini himoya qilish yoki mojarolarni hal qilish uchun qurol olib yurardi. Mana shunday mojarolarning birida meni otishdi va bitta o‘q haligacha tanamda qolib ketgan.

Yuqori sinflarda o‘qiganimda boshqa yoshlar kabi bo‘lishni istadim. Bora-bora yomon guruhlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazadigan bo‘ldim, ichkilik, zo‘ravonlik va giyohvand moddalariga berilib ketdim. Vaqt o‘tib, kokainga o‘rganib qoldim. Giyohvand moddalarini sotib olish uchun esa, o‘g‘rilik qila boshladim. Oila a’zolarim cherkovga qatnagan bo‘lsa-da, tengdoshlarimning salbiy ta’siriga qarshi tura olishim uchun hech qanday nasihat berishmasdi. Zo‘ravonlik qilganim uchun ko‘p marta hibsga olinganman. Hayotim izidan chiqib ketayotgan edi! Oxiri qamoqqa tushdim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

1997-yil edi. Bir kuni qamoqda boshqa bir mahbus Muqaddas Kitobni ushlab turganimga e’tibor berdi. Rojdestvo edi va ko‘p tongaliklar uchun bu paytda muqaddas bo‘lish muhim hisoblanadi. U mendan Masihning tug‘ilishi haqida Muqaddas Kitobda nima deyilganini bilish-bilmasligim to‘g‘risida so‘radi, men bu haqda hech qanday ma’lumotga ega emas edim. U menga Isoning tug‘ilishi haqidagi voqeani Muqaddas Kitobdan ko‘rsatdi. Shunda Rojdestvo bilan bog‘liq ko‘p odatlar u yerda hatto tilga olinmaganini ko‘rdim. (Matto 2:1–12; Luqo 2:5–14) Bu meni hayron qoldirdi va Muqaddas Kitobda yana nimalar aytilgani bilan qiziqdim. O‘sha kishi har hafta Yahova Shohidlarining qamoqda bo‘ladigan yig‘ilishlariga qatnayotgan ekan va men ham borishga qaror qildim. O‘shanda ular Vahiy kitobini muhokama qilishayotgandi. Garchi ko‘p narsani tushunmagan bo‘lsam-da, ular o‘rgatgan hamma narsa Muqaddas Kitobga asoslanganini ko‘rdim.

Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobni shaxsan tadqiq qilishni taklif qilishdi va men bajonidil rozi bo‘ldim. Ilk bor Muqaddas Kitobda yer yuzida jannat bo‘lishi va’da qilinganini bilib oldim. (Ishayo 35:5–8) Xudoni mamnun qilish uchun hayotimga keskin o‘zgarishlar kiritishim kerakligini tushundim. Chunki yomon odatlarimni tashlamasam, Yahova va’da qilingan jannatda yashashimga yo‘l qo‘ymadi. (1 Korinfliklarga 6:9, 10) Xullas, jahlimni tiyishga, chekishni tashlashga va boshqa hech ham spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilmaslikka, giyohvand moddalaridan voz kechishga qaror qildim.

Jazo muddatim tugashidan avval, 1999-yili davlat xodimlari meni qochoqlar lageriga ko‘chirdi. Bir yildan oshiq vaqt davomida Shohidlar bilan aloqa qilmadim. Ammo o‘zgarishlar qilishda to‘xtamaslik qarorim qat’iy edi. Qo‘shma Shtatlarda yashashga berilgan ruxsatnomam 2000-yili bekor qilindi va meni Tongoga deportasiya qilishdi.

Tongoga qaytgach, tezda Yahovaning Shohidlarini topib, Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni davom ettirdim. Bilib olayotganlarim menga juda yoqardi. Oroldagi Shohidlar ham, Qo‘shma Shtatlardagi imondoshlar kabi barcha ta’limotlarini Muqaddas Yozuvlarga asoslagani menga ta’sir qildi.

Otam cherkovda juda mas’uliyatli vazifaga ega bo‘lgani uchun hududimizda taniqli edi. Shu bois Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilganim boshida oila a’zolarimni hayron qoldirdi va bu ularga yoqmadi. Lekin Muqaddas Kitob prinsiplari yordamida yomon odatlarimdan qutulayotganimni ko‘rib, ota-onam xursand bo‘ldi.

Ko‘pgina tongalik erkaklar kabi har hafta soatlab vaqtimni kava ichishga sarflardim

Men uchun eng qiyin bo‘lgan o‘zgarishlardan biri hududimda keng tarqalgan ichimlik bilan bog‘liq edi. Tongalik ko‘p erkaklar har hafta kava nomli ichimlikni soatlab ichishi mumkin. Bu qalampir ildizlaridan tayyorlangan kayf beruvchi ichimlik. O‘z yurtimga qaytgach, deyarli har kuni tunda kava klubiga borib xushimdan ketgunimcha bu ichimlikni ichadigan odat chiqardim. Bunday muammoga duch kelganimning sabablaridan biri Muqaddas Kitob me’yorlariga amal qilmaydigan odamlar bilan muloqot qilganimda edi. Nihoyat odatlarim Xudoni ranjitayotganini ko‘rishga yordam berdi. Xudoning barakasi-yu marhamatiga ega bo‘la olish uchun o‘zgarishlar qildim.

Yahova Shohidlarining hech bir uchrashuvini qoldirmaydigan bo‘ldim. Xudoni mamnun qilishga intilayotgan odamlar bilan muloqot qilish vasvasalarga qarshi turishimga yordam berdi. 2002-yili Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim.

QANDAY FOYDA OLDIM?

Muqaddas Kitobda: «Yahova... imillamayapti, balki sizlarga sabrini namoyon etyapti. Sababi, U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi»,— deyilganiday, Xudoning sabr-toqatidan foyda oldim. (2 Butrus 3:9) Albatta, U ancha vaqt oldin bu yovuz dunyoga chek qo‘yishi mumkin edi, lekin men kabi odamlar U bilan do‘st bo‘la olishi uchun yetarlicha vaqt berdi. Xuddi shunday boshqalarga yordam berish uchun Xudo mendan foydalanishi mumkinligi haqida o‘ylashni yoqtiraman.

Yahovaning yordami tufayli hayotim butunlayin izidan chiqib ketmadi. Endi giyohvand moddalariga bo‘lgan xohishimni qondirish uchun o‘g‘rilik qilmayman. Aksincha, yaqinlarim ham Yahova bilan do‘st bo‘la olishi uchun yordam beraman. Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilib, qadrli turmush o‘rtog‘im Tiani uchratdim. O‘g‘ilchamiz bilan baxtli hayot kechiryapmiz. Muqaddas Kitobga ko‘ra, yer yuzidagi tinch jannatda abadiy yashash umidi borligi haqida birgalikda boshqalarga aytamiz.