Asosiy materiallarga o‘tish

G‘azablanish haqida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

G‘azablanish haqida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobga ko‘ra, g‘azabni tiya bilmaslik, ham uni namoyon etayotgan kishiga, ham atrofdagilarga zarar keltiradi. (Hikmatlar 29:22) Garchi ba’zida g‘azablanish o‘rinli bo‘lsa-da, Muqaddas Kitobda aytilishicha, «darg‘azab bo‘lish»da davom etgan kishi najotga erishmaydi. (Galatiyaliklarga 5:19–21) Shuningdek, Muqaddas Kitobda g‘azabni tiyishga yordam beradigan prinsiplar keltirilgan.

 G‘azablanish doim ham noto‘g‘ri bo‘larmidi?

 Yo‘q. Ba’zida g‘azablanish o‘rinli bo‘lishi mumkin. Masalan, sadoqatli Naximiyo ayrim imondoshlari ta’qib qilinayotgani to‘g‘risida eshitganida «qonim qaynab ketdi» degan. (Naximiyo 5:6)

 Ba’zida Alloh ham g‘azablanadi. Misol uchun, qadimda isroilliklar faqat Yahovaga topinish haqidagi ahdni buzib, soxta xudolarga sajda qila boshlaganida Uning ularga «qarshi g‘azabi qaynagan». (Hakamlar 2:13, 14) Lekin bu Xudovand Yahovaning asosiy sifati emas. Yahovaning g‘azabi doim o‘rinli va U uni tiya oladi. (Chiqish 34:6; Ishayo 48:9)

 Qachon bu noto‘g‘ri?

 Noo‘rin g‘azablanish va uni tiya bilmaslik noto‘g‘ri va nomukammal odamlar bilan ko‘pincha shunday bo‘ladi. Quyidagi misollarga e’tibor bering.

  •   Alloh Qobilning qurbonligini qabul qilmaganida, uning «qattiq jahli chiqqan». Qobil shu qadar g‘azablanib, hatto o‘z ukasini o‘ldirishgacha borgan. (Ibtido 4:3–8)

  •   Tangri nineviyaliklarga rahm-shafqat ko‘rsatganida, Yunus payg‘ambarning «g‘azabi qaynab ketgan». Tangri Yunusga fikrlash tarzini o‘zgartirishga yordam berib, g‘azablanishga haqli emasligini tushunishga ko‘maklashgan. Qolaversa, tavba qilgan insonlarga rahm qilishga uni undagan. (Yunus 3:10–4:1, 4, 11) a

 Mazkur misollardan ko‘ryapmizki, g‘azabni tiya bilmasak va u noo‘rin bo‘lsa, «Alloh talab etgan adolatga muvofiq yo‘l tuta olmaymiz». (Yoqub 1:20)

 G‘azabni qay yo‘sin tiyishingiz mumkin?

  •   G‘azabni tiya bilmaslik zaiflik ekanini tushuning. Ba’zilar g‘azabni sochish kuchli ekanini ko‘rsatishning belgisi deb o‘ylaydi. Aslida esa, g‘azabini tiya bilmagan kishi zaifdir. «Jahlini tiya olmaydigan odam devori qulagan, devorsiz shahar kabidir». (Hikmatlar 25:28; 29:11) Boshqa tarafdan, g‘azabimizni jilovlay bilsak, chinakamiga kuchli va aql-idrokli ekanimizni ko‘rsatamiz. (Hikmatlar 14:29) Muqaddas Kitobda: «G‘azabini tiygan qudratli kishidan yaxshiroq»,— deyilgan. (Hikmatlar 16:32)

  •   G‘azabingizni tiya biling, aks holda, afsuslanishingiz mumkin bo‘lgan ishlar qilib qo‘yasiz. Zabur 37:8da quyidagicha yozilgan: «Qahru g‘azabni o‘zingdan soqit qil, jahlga berilib, yomon ishlarga yuz burma». E’tibor bering, g‘azablanganda tanlov oldida turamiz — uni o‘zimizdan soqit qilishimiz yoki «yomon ishlarga yuz burishimiz» mumkin. Efesliklarga 4:26da: «G‘azablanganda gunoh qilmanglar»,— degan undov bor.

  •   Iloji bo‘lsa, janjal chiqishidan avval u yerdan keting. Muqaddas Kitobda: «Urishning boshlanishi to‘siqni buzgan toshqindaydir, janjal chiqmasidan avval u yerni tark et»,— degan so‘zlar bor. (Hikmatlar 17:14) Garchi kelishmovchilikni tezroq hal qilish donolikdan bo‘lsa-da, muammoni muhokama qila olish uchun ham siz, ham u kishi tinchlanishi lozim.

  •    Dalillarga ega bo‘ling. Hikmatlar 19:11da: «Fahm-farosatli jahlini tiya oladi»,— deb aytilgan. Biron xulosaga kelishdan avval barcha dalillarga ega bo‘lsak, donolikni namoyon etgan bo‘lamiz. Vaziyatga tegishli barchasini diqqat bilan tinglasak, noo‘rin g‘azablanish ehtimoli kamayadi. (Yoqub 1:19)

  •    Qalbingizda tinchlik bo‘lishini so‘rab ibodat qiling. Ibodat «har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi»ni his etishingizga yordam beradi. (Filippiliklarga 4:7) Muqaddas ruhni olishning muhim yo‘llaridan biri ibodatdir. Bu esa, o‘z navbatida, tinchlik, sabr-toqat va o‘zini tuta bilish fazilatlarini rivojlantirishimizga ko‘maklashadi. (Luqo 11:13; Galatiyaliklarga 5:22, 23)

  •   Kim bilan muloqot qilishni sinchkovlik ila tanlang. Birga vaqt o‘tkazayotgan insonlarga o‘xshab qolish moyilligimiz bor. (Hikmatlar 13:20; 1 Korinfliklarga 15:33) Shu bois, Muqaddas Kitobda quyidagicha ogohlantiruv yozilgan: «Achchig‘i tez odamga sherik bo‘lma, jizzaki kishiga qo‘shilib qolma». Chunki «uning so‘qmoqlarini o‘rganib, joningni tuzoqqa tushirasan». (Hikmatlar 22:24, 25)

a Aftidan, Yunus fikrlash tarzini o‘zgartirganga o‘xshaydi. Chunki Xudo Muqaddas Kitobning bir qismini yozishda undan foydalangan va bu qism Yunusning ismi bilan ataladi.