Asosiy materiallarga o‘tish

TASODIFMI YOKI IJOD MAHSULIMI?

Dengiz bodringining «aqlli» terisi

Dengiz bodringining «aqlli» terisi

Dengiz bodringlari dengizning tubida va marjon riflarida yashovchi jonzotlardir. Tanalarining sirti o‘simtalar bilan qoplangan, notekis, hatto ninali bo‘lishi mumkin. Ushbu jonzotlar nihoyatda egiluvchan bo‘lib, bir necha daqiqa yoki hatto soniya ichida mumday yumshoq yoki tayoqday qattiq bo‘lib qolish xususiyatiga ega. Dengiz bodringlari mana shunday egiluvchanligi tufayli kichkina tirqishlardan buralib-buralib o‘tishi hamda yirtqich jonzotlardan bekinish uchun tirqishlarda qotib qolishi mumkin. Dengiz bodringi o‘zining «aqlli» terisi tufayli bularni qila oladi.

O‘ylab ko‘ring. Dengiz bodringi o‘z terisini tarang, o‘rtacha tarang va yumshoq holatga o‘zgartira oladi. Terisini bir holatdan boshqasiga o‘tkazish uchun bu jonzotlar teri tolalarini birlashtirishadi yoki bo‘shashtirishadi. Ular buni terining tarangligini yoki yumshoqligini ta’minlovchi oqsillarni faollashtirish orqali amalga oshirishadi.

Terining tarangligini ta’minlovchi oqsillar biriktiruvchi to‘qima tolalarini birlashtiruvchi ko‘prikchalar yoki zanjirlar sifatida xizmat qilib, terini tarangroq qilishadi. Terining yumshoqligini ta’minlovchi oqsillar esa bu tolalarni bo‘shashtirib, terini yumshoqroq qilishadi. Dengiz bodringining terisi shunchalik yumshab ketishi mumkinki, xuddi erib ketayotganga o‘xshaydi.

Olimlar dengiz bodringining terisi kabi xususiyatlarga ega bo‘lgan narsalarni yaratish uchun urinishmoqda. Olimlarning maqsadlaridan biri yetarlicha qattiq bo‘lgan, ammo keyin yumshaydigan va shu yo‘sin miyani operatsiya qilish paytida kerakli joyga o‘rnashadigan elektrodlarni yaratishdan iborat. Agar elektrodlar mana shunday tarzda moslasha olsa, unda operatsiya muvaffaqiyatli o‘tishi ehtimoli oshadi.

Nima deb o‘ylaysiz? Dengiz bodringining «aqlli» terisi evolyutsiya natijasida paydo bo‘lganmi? Yoki ijod mahsulimi?