MUQADDAS KITOB MAVZULARI ASOSIDA SUHBAT
Xudoning Shohligi qachon boshqarishni boshladi? (2- qism)
Quyida Yahova Shohidining bir inson bilan Muqaddas Kitob asosida qurgan suhbati keltirilgan. Kamron ismli bir Yahovaning Shohidi Jamshid ismli kishinikiga takroran borganini tasavvur qilaylik.
NAVUXODONOSORNING TUSHI (QISQACHA MUHOKAMA)
Kamron. Jamshid, sizni yana ko‘rganimdan xursandman. Siz bilan har hafta Muqaddas Kitobni tadqiq qilish menga yoqadi *. Ishlaringiz qanday?
Jamshid. Rahmat, Xudoga shukr yaxshiman.
Kamron. Yaxshi ekaningizdan xursandman. O‘tgan safar nega Yahovaning Shohidlari Xudoning Shohligi 1914-yili boshqarishni boshlaganiga ishonishi to‘g‘risida gaplashgan edik *. Shuningdek, Doniyor kitobi 4- bobdagi bashoratni muhokama qilgandik. U yerda nima deyilgani esingizdami?
Jamshid. Ha, u yerda Navuxodonosor tushida ko‘rgan ulkan daraxt haqida aytilgandi.
Kamron. Ha, to‘ppa-to‘g‘ri. Navuxodonosor tushida uchi osmongacha yetgan ulkan bir daraxtni ko‘radi. Shuningdek, u Xudo xabarchisining «Daraxtni chopib tashlanglar, ammo to‘nkasi bilan ildiziga tegmanglar» degan buyrug‘ini eshitadi. «Yetti davr» o‘tgach esa bu daraxt yana o‘sishi kerak edi *. Qolaversa, mazkur bashorat ikki marta amalga oshishi kerakligini ko‘rib chiqqan edik. Birinchi marta bu bashorat kimda amalga oshgani esingizdami?
Jamshid. Bu, Navuxodonosorning o‘ziga tegishli edi shundaymi? U yetti yilga aqldan ozgan edi.
Kamron. To‘ppa-to‘g‘ri. Navuxodonosor vaqtinchalik aqldan ozgandi va shu sababli uning boshqaruvi to‘xtatilgandi. Xudoning boshqaruvi yetti davr mobaynida to‘xtatilganida esa bu bashorat kengroq miqyosda amalga oshishi kerak edi. O‘tgan safar bilib olganimizdek, yetti davr mil. avv. 607-yili Quddus vayron qilinganida boshlangandi. O‘sha paytdan beri Xudoning nomidan Uning xalqini hech bir shoh boshqarmagan. Lekin yetti davr tugagach, Xudo O‘z xalqi ustidan yangi shohni bu safar samodan turib boshqaradigan shohni tayinlaydi. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, yetti davr tugaganidan keyin Xudoning samoviy Shohligi boshqarishni boshlaydi. Demak, yetti davr qachon boshlanganini bilib oldik. Bu davr qancha davom etganini aniqlay olsak, Xudoning Shohligi qachon boshqarishni boshlaganini ham bila olamiz. Hozir aytganlarim tushunarli bo‘ldi-a?
Jamshid. Ha, takrorlaganimiz o‘tgan mavzuni eslashga yordam berdi.
Kamron. Ajoyib. Endi esa keling, yetti davr qancha davom etganini bilib olamiz. Asosiy fikrlarni o‘zimga eslatish uchun bu mavzu borasida izlanish o‘tkazgandim. Endi qo‘limdan kelgancha, tushuntirishga harakat qilaman.
Jamshid. Mayli.
YETTI DAVRNING TUGASHI, OXIRZAMONNING BOSHLANISHI
Kamron. Mazkur bashorat birinchi marta Navuxodonosorda amalga oshgan. O‘shanda yetti davr tom ma’noda yetti yilni bildirgan. Ammo mazkur bashorat Xudoning Shohligiga nisbatan, ikkinchi marta amalga oshganida yetti davr tom ma’nodagi yetti yildan ko‘proq vaqtni o‘z ichiga olishi kerak edi.
Jamshid. Buni qayerdan bilasiz?
Kamron. Birinchidan, yetti davr mil. avv. 607-yili Quddus vayron bo‘lganida boshlangan. O‘sha yildan boshlab hisoblasak, tom ma’nodagi yetti yil mil. avv. 600-yili tugagan. Lekin o‘sha yili Xudoning boshqaruvi bilan bog‘liq qandaydir o‘zgacha voqea yuz bermagan. Qolaversa, asrlar o‘tgach, Iso yer yuzida bo‘lganida, yetti davr hali tugamaganiga ishora qilgan.
Jamshid. Ha, to‘g‘ri esladim.
Kamron. Demak, yetti davr tom ma’nodagi yetti yilni emas, balki uzoqroq muddatni bildiradi.
Jamshid. Xo‘sh, qancha muddat?
Kamron. Vahiy kitobi Doniyor kitobini tushunishga yordam beradi. Yetti davr qancha davom etishi Vahiy kitobida aniq tushuntirilgan. U yerda uch yarim muddat 1 260 kunga teng ekani haqida aytilgan *. Shunday qilib uch yarim muddatni ikkiga ko‘paytirsak, yetti davr bo‘ladi. Bu 2 520 kun degani. Aytganlarim tushunarli bo‘ldimi?
Jamshid. Ha tushundim. Lekin bu Xudoning Shohligi 1914-yilda boshqarishni boshlagani bilan qanday bog‘liq?
Kamron. Keling, bu qanday bog‘liq ekanini birga ko‘rib chiqamiz. Ba’zida Muqaddas Kitob bashoratida bir kun bir yilga teng *. Agar bir kun bir yilga teng deb hisoblasak, yetti davr 2 520-yilni anglatadi. Miloddan avvalgi 607-yildan 2 520-yilni ayirsak, 1914-yilga kelamiz *. Mana shu sababli yetti davr 1914-yili tugagan deb hisoblanadi. O‘sha yili Iso Xudo Shohligining Shohi sifatida boshqarishni boshladi. Qolaversa, 1914-yildan beri dunyoda keskin o‘zgarishlar yuz beryapti. Muqaddas Kitobga ko‘ra, bu oxirzamon boshlanganiga ishora qiladi.
Jamshid. Xo‘sh, qanday keskin o‘zgarishlar yuz berarkan?
Kamron. Iso Masih Matto 24:7 da nima deganiga e’tibor bering. U samodan turib boshqarishni boshlagan vaqtda nimalar yuz berishi haqida shunday degan: «Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tariladi. Bir joyda, keyin boshqa joyda oziq-ovqat yetishmovchiligi va zilzilalar bo‘ladi». E’tibor bergan bo‘lsangiz, Iso «oziq-ovqat yetishmovchiligi va zilzilalar bo‘ladi» deb bashorat qilgan. O‘tgan asrdan beri dunyoda mana shunday musibatlar yuz berib kelmoqda shunday emasmi?
Jamshid. To‘g‘ri.
Kamron. Mazkur oyatda Iso Xudoning Shohligida Shoh sifatida boshqarganda urushlar bo‘lishini bashorat qilgan edi. Shuningdek, Vahiy kitobida oxirzamonda urushlar muayyan bir hududda emas, balki butun dunyo bo‘ylab sodir bo‘lishi haqida bashorat qilingan edi. Birinchi jahon urushi qachon boshlangani esingizdami?
Jamshid. 1914-yili. Axir aynan o‘sha yili Iso shoh sifatida boshqarishni boshlagan edi-ku! Bu hodisalar o‘zaro bog‘liq ekanini hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman.
Kamron. Yetti davr va oxirzamonga tegishli Muqaddas Kitobdagi barcha bashoratlarni o‘zaro bog‘lasak, bitta rasm chiziladi. Yahovaning Shohidlari Iso 1914-yili Xudo Shohligining Shohi sifatida boshqarishni boshlaganiga va o‘sha yildayoq oxirzamon boshlanganiga amin.
Jamshid. Bu barcha ma’lumotlarni hazm qilish uchun menga vaqt kerak.
Kamron. Sizni yaxshi tushunaman. Aytganimdek, menga ham bu mavzuni tushunish uchun vaqt kerak bo‘lgan. Lekin bugungi suhbatimizdan Muqaddas Kitobda 1914-yil haqida hech nima aytilmagan bo‘lsa ham, Yahovaning Shohidlari bu yil borasidagi fikrini aynan Kalomga asoslashini bilib oldingiz degan umiddaman.
Jamshid. To‘g‘ri, sizlar doim nimadir aytganingizda, uni Muqaddas Kitobga asoslashingiz meni qoyil qoldiradi. Sizlar shunchaki o‘z fikringizni aytmaysiz. Lekin meni bir narsa qiziqtiryapti. Nega bularning barini tushunish juda qiyin? Nega Xudo shunchaki Iso 1914-yilda boshqarishni boshlashini Muqaddas Kitobda yozib qoldirmagan?
Kamron. Jamshid, ajoyib savol. Aslini olganda, Muqaddas Kitobda ko‘p narsa haqida aniq aytilmagan. Nega endi Muqaddas Kitobni tushunish uchun insonlar muayyan harakatlar qilishi lozim? Keling, bu haqda keyingi safar gaplashamiz.
Jamshid. Mayli.
Muqaddas Kitobga tegishli qaysidir mavzu sizni qiziqtiradimi? Yahova Shohidlarining e’tiqodi yoki faoliyati bilan qiziqyapsizmi? Agar shunday bo‘lsa, Yahova Shohidlaridan biriga murojaat qilishga ikkilanmang. Ular bajonidil sizga qiziqarli bo‘lgan mavzular asosida suhbat qurishadi.
^ Yahovaning Shohidlari odamlarning uyiga kelib, ular bilan bepul Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishadi va Muqaddas Kitob asosida turli mavzularda suhbatlar qurishadi.
^ Ushbu jurnalning 2014-yil 1-oktabr sonidagi Muqaddas Kitob mavzulari asosida suhbat. Xudoning Shohligi qachon boshqarishni boshladi? 1- qism nomli maqolaga qarang.
^ Doniyor 4:23–25- oyatlarga qarang.
^ Vahiy 12:6, 14 ga qarang; izoh
^ Sahroda 14:34, Hizqiyo 4:6 ga qarang.

