Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

10-BOB

Nikoh Xudoning tuhfasidir

Nikoh Xudoning tuhfasidir

Uchta ipdan eshilgan arqon osonlikcha uzilmaydi. VOIZ 4:12

1, 2. a) Endi turmush qurgan insonlar nimaga umid qilishadi? b) Bu bobda qaysi savollarni muhokama qilamiz?

 KO‘Z OLDINGIZGA to‘y bo‘layotganini va baxtiyor kelin-kuyovni keltiring. Ular kelajakni o‘ylab hayajonda va orzu-umidlarga to‘la. Ikki yosh turmushi baxtli bo‘lishiga va uzoq davom etishiga umidvor.

2 Biroq boshlanishi baxtli bo‘lgan ko‘pgina nikohlar oxirigacha shunday davom etmaydi. Nikoh mustahkam va baxtli bo‘lishi uchun juftliklar Xudoning yo‘l-yo‘rig‘iga muhtoj. Shunday ekan, keling, Muqaddas Kitobdan mana bu savollarga javob topaylik: Nikohning ba’zi afzalliklari nimada? Oila qurmoqchi bo‘lsangiz, turmush o‘rtoq tanlayotib nimalarga e’tibor berishingiz kerak? Qanday qilib yaxshi er yoki xotin bo‘lishingiz mumkin? Nikoh mustahkam bo‘lishiga nima yordam beradi? (Hikmatlar 3:5, 6 ni o‘qing.)

INSON NEGA TURMUSH QURADI?

3. Sizningcha, inson baxtli bo‘lishi uchun turmush qurishi shartmi? Tushuntiring.

3 Ba’zilar inson turmush qurmasa, baxtli bo‘la olmaydi, deb o‘ylashadi. Lekin bu haqiqatdan yiroq. Isoning aytishicha, turmush qurmaslik in’om bo‘lishi mumkin. (Matto 19:11, 12) Havoriy Pavlus buning ayrim afzal tomonlari haqida aytib o‘tgan. (1 Korinfliklarga 7:32–38) Turmush qurish-qurmaslikni faqat o‘zingiz hal qilasiz. Turmush qurish haqida qaror chiqarayotib, do‘stlaringiz, oilangiz yoki madaniyatingiz ta’siriga berilmasligingiz kerak.

4. Nikohning qanday afzal tomonlari bor?

4 Muqaddas Kitobda nikoh Xudoning hadyasi ekani va uning afzal tomonlari borligi haqida aytilgan. Yahova ilk inson Odamatoga shunday degan: «Odamning bir o‘zi bo‘lishi yaxshi emas. Uni to‘ldirib turadigan yordamchini yarataman». (Ibtido 2:18) Keyin Yahova Odamatoning xotini bo‘lishi uchun Momohavoni yaratgan va ular ilk oila bo‘lgan. Agar er-u xotin farzand ko‘rishsa, farzandlari yaxshi muhitda o‘sib-ulg‘ayishi uchun g‘amxo‘rlik qilishlari kerak. Ammo farzand ko‘rish nikohning yagona maqsadi emas. (Zabur 127:3; Efesliklarga 6:1–4)

5, 6. Qaysi ma’noda nikoh «uchta ipdan eshilgan arqonga» o‘xshaydi?

5 Shoh Sulaymon shu so‘zlarni yozgan: «Yolg‘iz bo‘lgandan ko‘ra ikki kishi bo‘lgan yaxshiroq, chunki birgalashib qilgan mehnatlari ko‘proq foyda keltiradi. Ulardan biri yiqilsa, sherigi turishga yordamlashadi. Ammo yiqilganda turg‘izadigan sherigi yo‘q odamning holi nima kechadi?.. Uchta ipdan eshilgan arqon osonlikcha uzilmaydi». (Voiz 4:9–12)

6 Agar turmush o‘rtoqlar bir-biri bilan yaqin do‘st bo‘lsa, bir-biriga ko‘maklashib, tasalli bersa hamda bir-birini himoya qilsa, ularning nikohi muvaffaqiyatli bo‘la oladi. Sevgi oilani mustahkamlaydi, lekin er-u xotin Yahovaga topinsa, u yanada mustahkam bo‘ladi. Ularning nikohi «uchta ipdan eshilgan arqonga» o‘xshaydi. Bunday arqon shunchaki ikkita ipdan tashkil topgan arqondan ancha baquvvatroq. Yahova nikohning bir qismi bo‘lsa, u mustahkam bo‘ladi.

7, 8. Pavlus nikohga oid qanday maslahat bergan?

7 Turmush qurgandan keyin, er-xotin bir-birining jinsiy istaklarini qondirishi tabiiy. (Hikmatlar 5:18) Lekin inson bunday istaklarini qondirish uchungina turmush qurmoqchi bo‘lsa, u turmush o‘rtoqni donolik ila tanlay olmasligi mumkin. Jinsiy istaklar kuchli bo‘lgan davr Muqaddas Kitobda «ilk yoshlik davri» deb atalgan, shu bois bu davr o‘tgandan keyin turmush qurish maslahat berilgan. (1 Korinfliklarga 7:36) Bunday tuyg‘ular bosilganidan so‘ng turmush qurgan ma’qul. O‘shanda inson teran fikrlab, to‘g‘ri tanlov qila oladi. (1 Korinfliklarga 7:9; Yoqub 1:15)

8 Turmush qurmoqchi bo‘lsangiz, haqiqatga tik boqib, har bir oilada qiyinchiliklar bo‘lib turishini yodda saqlashingiz zarur. Pavlus oila qurganlarning «hayotida yangi qiyinchiliklar paydo bo‘lishi» haqida aytib o‘tgan. (1 Korinfliklarga 7:28) Hatto eng muvaffaqiyatli nikoh ham og‘ir damlarni boshdan kechiradi. Turmush qurishga qaror qilgan bo‘lsangiz, turmush o‘rtoq tanloviga donolik ila yondashing.

KIM MUNOSIB TURMUSH O‘RTOQ BO‘LA OLADI?

9, 10. Yahovaga topinmaydigan inson bilan turmush qursak nima bo‘ladi?

9 Turmush o‘rtoq tanlayotib, Muqaddas Kitobdagi mana bu muhim prinsipni yodda tutish darkor: «Imondosh bo‘lmaganlar bilan bitta bo‘yinturuqqa qo‘shilmanglar». (2 Korinfliklarga 6:14) Ushbu misol dehqonchilik sohasidan olingan. Dehqon dalani haydash uchun kuchi va kattaligi turlicha bo‘lgan ikkita hayvonni bitta bo‘yinturuqqa qo‘shmaydi. Bunday qilish shafqatsizlik bo‘lardi, chunki ikkala hayvon ham qiynaladi. Shunga o‘xshab, Yahovaga topinadigan va topinmaydigan ikki inson turmush qursa, bu ko‘pgina muammolarni keltirib chiqaradi. Muqaddas Kitobda faqat «Hazratimizga tegishli bo‘lgan» inson bilan turmush qurish kerakligi haqida oqilona maslahat berilgan. (1 Korinfliklarga 7:39)

10 Ba’zi masihiylar yolg‘iz qolgandan ko‘ra, Yahovaga topinmaydigan inson bilan turmush qurishni afzal ko‘rishar. Lekin Muqaddas Kitob maslahatlariga beparvo bo‘lsak, bu ko‘p hollarda og‘riq va baxtsizlik keltiradi. Yahovaning topinuvchilari ekanmiz, Unga xizmat qilish hayotimizda eng muhim o‘rinni egallaydi. Agar turmush o‘rtog‘ingiz hayotingizning eng muhim sohasida sizni qo‘llab-quvvatlamasa, o‘zingizni qanday his qilasiz? Shuning uchun ham ko‘p masihiylar Yahovani sevmaydigan, Unga xizmat qilmaydigan inson bilan turmush qurgandan ko‘ra, yolg‘iz qolishga qaror qiladi. (Zabur 32:8 ni o‘qing.)

11. Turmush o‘rtoqni to‘g‘ri tanlashingizga nima ko‘maklashadi?

11 Lekin bu Yahovaga xizmat qiladigan har qanday inson sizga yaxshi turmush o‘rtoq bo‘lishini anglatmaydi. Agar oila qurish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, ko‘nglingizga yoqadigan va siz yaxshi til topishib ketadigan insonni izlang. Sizniki kabi maqsadlarga ega bo‘lgan va Xudoga xizmat qilishni birinchi o‘ringa qo‘yayotgan insonni uchratmaguncha kuting. Ishonchli xizmatkor adabiyotlar orqali taqdim etayotgan nikohga oid foydali maslahatlarni o‘qib, mulohaza yuritishga vaqt ajrating. (Zabur 119:105 ni o‘qing.)

12. Muqaddas Kitobda ota-onaning maslahati bilan qurilgan nikoh haqida nima deyilgan?

12 Ba’zi madaniyatlarda ota-ona o‘g‘liga yoki qiziga turmush o‘rtoq tanlab beradigan odat bor. Bu odatga ko‘ra, ota-ona farzandi uchun nima yaxshiroq bo‘lishini biladi. Muqaddas Kitob yozilgan davrda ham bunday odat bo‘lgan. Sizning oilangiz ham shu odatga binoan yo‘l tutar. Bunday hollarda ota-onalar bo‘lajak kelin yoki kuyovning qaysi fazilatlariga e’tibor qaratish borasida Muqaddas Kitobga murojaat qilishi mumkin. Misol uchun, Ibrohim o‘g‘li Is’hoqqa kelin izlaganda, kelinning boyligi yoki jamiyatdagi o‘rniga emas, balki Yahovani yaxshi ko‘rishiga e’tibor qaratgan. (Ibtido 24:3, 67; 25-ilovaga qarang.)

NIKOHGA QANDAY TAYYORLANISH MUMKIN?

13–15. a) Erkak kishi yaxshi er bo‘lishi uchun qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerak? b) Ayol kishi yaxshi xotin bo‘lishi uchun qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerak?

13 Nikoh qurish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, bunga tayyor ekaningizga amin bo‘ling. Ehtimol, tayyorman deb o‘ylarsiz, ammo, keling, chindan ham tayyor bo‘lish nimani anglatishini ko‘rib chiqaylik. Javobi sizni hayron qoldirishi mumkin.

Xudoning Kalomidan nikohga oid maslahatlarni o‘qib, ustida mulohaza yuritishga vaqt ajrating

14 Muqaddas Kitobda ko‘rsatilishicha, er va xotinning oiladagi o‘rni turlicha. Demak, erkak yoki ayol nikohga tayyorgarlik ko‘rayotganda turli narsalarni e’tiborga oladi. Agar erkak kishi oila qurmoqchi bo‘lsa, o‘zidan: «Oila boshi bo‘lishga tayyormanmi?» — deb so‘rashi kerak. Yahova erlardan xotini va bolalariga moddiy hamda hissiy tomondan g‘amxo‘rlik qilishini kutadi. Eng muhimi, er Xudoga topinishda oilasiga boshchilik qilishni o‘z zimmasiga olishi zarur. Muqaddas Kitobda oilasiga g‘amxo‘rlik qilmagan er «imonsizdan ham battar» ekani haqida yozilgan. (1 Timo‘tiyga 5:8) Uylanmoqchi bo‘lsangiz, Muqaddas Kitobdagi mana bu prinsipni qanday qilib amalda qo‘llay olishingiz haqida o‘ylab ko‘ring: «Tashqaridagi ishingni bajar, daladagi yumushingni ham bitir, so‘ng uyingni qur». Boshqacha qilib aytganda, uylanishdan oldin, Yahovaning talabiga mos keladigan er bo‘la olishingizga amin bo‘ling. (Hikmatlar 24:27)

15 Turmushga chiqmoqchi bo‘lgan ayol ham o‘zidan: «Men yaxshi xotin va keyinchalik ona bo‘lishga tayyormanmi?» — deb so‘rashi kerak. Muqaddas Kitobda yaxshi xotin eriga va bolalariga qanday g‘amxo‘rlik qilishi aytib o‘tilgan. (Hikmatlar 31:10–31) Bugungi kunda erkak va ayollar faqatgina turmush o‘rtog‘i u uchun nima qilib berishi haqida o‘ylaydi. Lekin Yahova birinchi navbatda turmush o‘rtog‘imizning manfaati haqida o‘ylashimizni istaydi.

16, 17. Turmush qurish niyatingiz bo‘lsa, nima ustida mulohaza yuritishingiz darkor?

16 Turmush qurishdan avval, Yahova er va xotindan nimalarni talab qilishi ustida mulohaza yuriting. Oila boshi bo‘lish o‘z kuchini ko‘rsatishni yoki hissiy bosim o‘tkazishni anglatmaydi. Yaxshi oila boshi Isoga taqlid qilib, oila a’zolariga hamisha sevgi va mehr bilan munosabatda bo‘ladi. (Efesliklarga 5:23) Ayol ham o‘z navbatida erining qarorlarini qo‘llab-quvvatlash va u bilan hamkorlik qilish nimani o‘z ichiga olishi haqida o‘ylab ko‘rishi kerak. (Rimliklarga 7:2) U o‘zidan: «Nomukammal kishiga quvonch ila bo‘ysuna olamanmi?» — deb so‘rashi lozim. Agar bunga tayyor bo‘lmasa, turmush qurmay turishga qaror qilishi mumkin.

17 Oila qurganlar birinchi navbatda o‘zining emas, turmush o‘rtog‘ining baxti haqida o‘ylashi kerak. (Filippiliklarga 2:4ni o‘qing.) Pavlus shunday degan: «Har biringiz o‘z xotiningizni o‘zingizni sevganday seving. Xotin esa erini chuqur hurmat qilsin». (Efesliklarga 5:21–33) Ham erkak, ham ayol sevgiga va hurmatga ehtiyoj sezadi. Oila baxtli bo‘lishi uchun er xotini uni hurmat qilishini, xotin esa eri uni yaxshi ko‘rishini bilishi ayniqsa muhim.

18. Uchrashib yurganda yigit bilan qiz nega ehtiyotkor bo‘lishi kerak?

18 Uchrashish davri yoqimli paytlar bo‘lib, yigit bilan qiz bir-birini yaxshiroq bilib olishiga imkoniyat beradi. Bundan tashqari, ular bu paytda haqiqatga tik boqib, rostgo‘y bo‘lishlari kerak. Chunki ular butun umr birga yashay olish-olmasligi borasida qaror chiqarishlari lozim. Uchrashib yurganda ular bir-biri bilan muloqot qilishni o‘rganadi va bir-birining qalbida nima borligini bilishga harakat qiladi. Ularning munosabati chuqurlashgani sayin o‘zaro yaqin bo‘lish istagi paydo bo‘lishi ham tabiiy hol. Lekin birorta axloqsiz ish qilib qo‘ymaslik uchun, ular turmush qurishdan oldin his-tuyg‘ularini nazorat qilishlari kerak. Chin sevgi ularga o‘zini tuta bilishga yordam beradi. Shuningdek, o‘zaro hamda Yahova bilan munosabatlariga zarar yetkazadigan birorta ish qilib qo‘yishdan asraydi. (1 Salonikaliklarga 4:6)

Uchrashish davrida yigit va qiz bir-biri bilan muloqot qilishni o‘rganadi

NIKOH MUSTAHKAM BO‘LISHIGA NIMA KO‘MAKLASHADI?

19, 20. Masihiylar nikohga nisbatan qanday nuqtai nazarda?

19 Ko‘pgina kitoblar-u filmlar to‘y bilan yakunlanadi. Haqiqiy hayotda esa to‘y boshlanish, xolos. Yahovaning niyatiga ko‘ra, nikoh rishtalari abadiy bo‘lishi kerak edi. (Ibtido 2:24)

20 Bugungi kunda ko‘p odamlar nikohga vaqtinchalik kelishuvday qarashadi. Osonlikcha turmush qurib, osonlikcha ajrashishadi. Ayrimlar nikohda muammolar boshlansa, turmush o‘rtog‘ini tashlab ketish va nikohga chek qo‘yish haqida o‘ylaydi. Ammo Muqaddas Kitobda yozilgan «uchta ipdan eshilgan arqon» haqidagi misolni eslang. Bunday arqon kuchli bosim ostida ham uzilib ketmaydi. Yahovadan yordam so‘rasak, nikohimiz mustahkam bo‘ladi. Iso shunday degan: «Alloh birga qo‘shganini bandasi ajratmasin». (Matto 19:6)

21. Er va xotin bir-birini sevishiga nima ko‘maklashadi?

21 Barchamizning kuchli va zaif tomonlarimiz bor. Boshqalarning, ayniqsa, turmush o‘rtog‘imizning zaif tomonlarini ko‘rish juda oson. Biroq bunga diqqatimizni qaratsak, baxtli bo‘la olmaymiz. Aksincha, turmush o‘rtog‘imizning yaxshi fazilatlariga e’tibor bersak, nikohda baxtli bo‘lamiz. Lekin nomukammal turmush o‘rtoqqa nisbatan bunday nuqtai nazarni saqlashning iloji bormi? Albatta! Yahova nomukammal ekanimizni biladi, shunga qaramay, e’tiborini ijobiy fazilatlarimizga qaratadi. Aksi bo‘lganida-chi?! Sano bastakori shunday degan: «Ey Yah, xatolarimizga diqqat qaratadigan bo‘lsang, kim ham tura olardi, ey Yahova?!» (Zabur 130:3) Er va xotinlar turmush o‘rtog‘ining yaxshi tomonlarini izlab va kechirishga tayyor bo‘lib Yahovaga taqlid qila olishadi. (Kolosaliklarga 3:13 ni o‘qing.)

22, 23. Ibrohim va Sora turmush qurgan insonlarga qanday o‘rnak qoldirgan?

22 Yillar o‘tgani sayin nikoh mustahkam bo‘lib boradi. Ibrohim bilan Soraning nikohi mustahkam va baxtli edi. Yahova Ibrohimga Ur shahrini tark etishini aytganda, Sora ehtimol 60 yoshdan oshgan edi. Qulay uyini tark etib, chodirlarda yashash Sora uchun qanchalik qiyin bo‘lganini bir tasavvur qiling. Lekin Sora yaxshi do‘st va yordamchi edi, u erini chin dildan hurmat qilardi. Shuning uchun u erining qarorlarini qo‘llab-quvvatlagan va ular amalga oshishiga yordam bergan. (Ibtido 18:12; 1 Butrus 3:6)

23 Albatta, mustahkam nikoh deganda, er va xotinning fikri har doim ham bir joydan chiqishini anglatmaydi. Bir safar Ibrohim Soraning gapiga ko‘nmaganida, Yahova: «Uning gaplariga quloq sol»,— deb aytgan edi. Ibrohim aynan aytilganiday qilgan va natijasi yaxshi bo‘lgan. (Ibtido 21:9–13) Ba’zida turmush o‘rtog‘ingiz bilan kelishmay qolsangiz, tushkunlikka tushmang. Eng muhimi, shunday paytda ham bir-biringizni sevib, hurmat qilishda davom eting.

Muqaddas Kitob ilk damlardan boshlab nikohingiz poydevori bo‘lsin

24. Qay yo‘sin nikohimiz bilan Yahovaga sharaf keltira olamiz?

24 Bugungi kunda masihiylar jamoatida minglab baxtli oilalarni ko‘rsa bo‘ladi. Agar siz ham turmush qurmoqchi bo‘lsangiz, oila qurish hayotingizdagi eng muhim qarorlardan biri ekanini yodda tuting. Bu qaroringiz butun umringizga ta’sir qilar ekan, Yahovadan yo‘l-yo‘riq so‘rang. Shunda donolik ila turmush o‘rtoq tanlab, nikoh qurishga tayyor bo‘lasiz. Shuningdek, bo‘lajak umr yo‘ldoshingiz bilan mustahkam rishtalarni rivojlantirib, Yahovaga sharaf keltira olasiz.