Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8- QISM

Isroil xalqi Kan’on yurtiga kiradi

Isroil xalqi Kan’on yurtiga kiradi

Yoshua Isroil xalqini Kan’on yerini egallashga boshlab boradi. Xalqni jabr-zulmdan xalos etish uchun Yahova hakamlarni tayinlaydi

ISROIL xalqi Kan’on yurtiga kirishdan bir necha asr oldin, Alloh Yahova bu yurtni Ibrohim payg‘ambarning nasliga berishni va’da qilgan. Yoshua rahbarligi ostida isroilliklar va’da qilingan yerni egallashga tayyor edilar.

Xudovand kan’onliklarni yo‘q qilishga loyiq topdi. Ular bu yerni jirkanchli jinsiy axloqsizlikka hamda dahshatli xunrezlikka to‘ldirib yuborishgandi. Shu sababli, isroilliklar bosib olgan Kan’on shaharlarini butunlayin yo‘q qilishlari kerak edi.

Ammo, Yoshua Kan’onga kirishdan oldin ikkita ayg‘oqchisini Yerixo shahriga yubordi. Ular, bu shaharda yashovchi Rahoba ismli ayolning uyida panoh topishdi. Rahoba, ayg‘oqchilar isroillik ekanini bilsa-da, ularni o‘z uyida yashirdi. Yahova O‘z xalqini qanday qutqarganini eshitgan Rahoba, isroilliklarning Xudosiga ishongan edi. Bu ayol ayg‘oqchilarga, o‘zi va oilasini omon qoldirishga qasam ichtirdi.

Keyinchalik isroilliklar Kan’on yeriga kirib, Yerixoga hujum qilishganida, Yahova mo‘jizaviy ravishda bu shaharning devorlarini qulatadi. Yoshua boshchiligida Isroil qo‘shini shaharni vayron qilib, kulini ko‘kka sovuradi. Rahoba va uning oilasi esa omon qoladi. Bor-yo‘g‘i olti yil ichida, Yoshua va’da qilingan yerning anchagina qismini egallab oladi. So‘ng, ushbu yerlar Isroil qabilalari orasida taqsimlanadi.

Yoshua qartayib qolganida, butun xalqni yig‘ib, Yahova ularning ajdodlariga qilgan barcha yaxshi ishlarini eslatadi. Keyin esa, xalqni Tangri Yahovaga xizmat qilishga chorlaydi. Ming afsuski, Yoshua va Xudoga sadoqat ila xizmat qilgan boshqa oqsoqollarning o‘limidan keyin isroilliklar Yahovadan yuz o‘girib, soxta xudolarga topina boshlashadi. Xalq qariyb 300-yil mobaynida Yahovaning qonunlariga bo‘ysunmaydi. Bu payt davomida Xudovand, ular dushmanlari, jumladan filistlarning dastidan jabr ko‘rishlariga yo‘l qo‘yadi. Biroq isroilliklar Yahovaga iltijo qilishganda, U xalqni qutqarish uchun hakamlarni tayinlaydi. Jami bo‘lib Isroilda 12 ta hakam bo‘lgan.

Ular boshqargan davr to‘g‘risida Muqaddas Kitobning Hakamlar nomli qismidan o‘qish mumkin. Ilk hakam O‘tniyol, oxirgisi esa Shimsho‘n bo‘lib, dunyodagi eng kuchli inson edi. Ushbu qiziqarli kitobda muhim bir haqiqat qayta-qayta ta’kidlanadi, ya’ni Xudovand Yahovaga quloq solish baraka, itoatsizlik esa baxtsizlik olib keladi.

Yoshua va Hakamlar kitoblarga hamda Levilar 18:24-, 25- oyatlarga asoslangan.