Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-DARS

Ilk uchta ofat

Ilk uchta ofat

Misrliklar isroilliklarni qullar sifatida og‘ir mehnat qilishga majburlashardi. Yahova Muso bilan Horunni fir’avn yoniga yuborib, shunday deyishni buyurdi: «Xalqim Menga sahroda topinishi uchun ularni qo‘yib yubor». Fir’avn bo‘lsa mag‘rurlik bilan javob qaytarib: «Yahova nima degani bilan ishim yo‘q, isroilliklarni qo‘yib yubormayman»,— dedi. Keyin fir’avn ularni yanada ko‘proq ishlashga majbur qildi. Shunga Yahova fir’avnning ta’zirini berib qo‘ydi. Xudo buni qanday qilganini bilasizmi? Alloh Misrga o‘nta ofat yubordi. Yahova Musoga: «Fir’avn Menga quloq solmaydi. Ertalab u Nil daryosida bo‘ladi. Yoniga borib, xalqimni qo‘yib yubormagani uchun Nil daryosining suvlari qonga aylanishini ayt»,— dedi. Muso Unga quloq solib, fir’avnning yoniga bordi. Horun fir’avnning ko‘z oldida tayog‘i bilan Nil daryosiga urdi va uning suvlari qonga aylandi. Daryodagi baliqlar o‘lib, daryo sasiy boshladi va hech kim Nil daryosidan suv icha olmay qoldi. Shunda ham fir’avn isroilliklarni qo‘yib yuborishdan bosh tortdi.

Yetti kundan so‘ng Yahova Musoni yana fir’avn huzuriga yuborib, shunday deyishni buyurdi: «Agar xalqimni qo‘yib yubormasang, Misrni qurbaqalar bosib ketadi». Fir’avn isroilliklarni qo‘yib yuborishni istamadi. Shuning uchun Horun tayog‘ini ko‘targan edi, butun yurtni qurbaqalar bosib ketdi. Qurbaqalar odamlarning uylariga, to‘shaklariga va idish-tovoqlariga kirib oldi. Hamma joyni qurbaqa bosib ketdi! Fir’avn Musodan Yahovaga yolvorib, ofatni to‘xtatishini so‘radi. U isroilliklarni qo‘yib yuborishni va’da qildi. Shunda Yahova ofatni to‘xtatdi va misrliklar o‘lgan qurbaqalarni uyum-uyum qilib to‘plashdi. Yurt sasiy boshladi. Lekin fir’avn yana isroilliklarni qo‘yib yubormadi.

Keyin Yahova Musoga: «Horun tayog‘i bilan yerga ursin, shunda chang chivinlarga yoki chaqadigan mayda hasharotlarga aylanadi»,— dedi. Shu zahotiyoq hamma joyni chivin bosib ketdi. Fir’avnning ayrim xizmatkorlari unga: «Bu ofat Xudodan»,— deb aytishdi. Ammo u shunda ham isroilliklarni qo‘yib yubormadi.

«Kuch-qudratimni ularga ko‘rsataman. Shunda ular ismim Yahova ekanini bilib olishadi». (Yeremiyo 16:21)