Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21-BOB

Nosiradagi ibodatxonada

Nosiradagi ibodatxonada

LUQO 4:16–31

  • ISO ISHAYO PAYG‘AMBARNING O‘RAMA BITIGIDAN O‘QIYDI

  • NOSIRALIKLAR ISONI O‘LDIRISH PAYIDA

Nosira shahrida hayajon hukm surmoqda. Bir yildan ko‘proq vaqt oldin Iso Yahyoning oldiga suvga cho‘mish uchun borganida, uni oddiy bir duradgor sifatida tanishardi. Endi esa u hamma yerda mo‘jiza yaratuvchi kishi tariqasida tanilgan. Shahar aholisi bunday mo‘jizalarni bu yerda, Nosirada ko‘rishni intizorlik bilan kutyapti.

Iso odatiga ko‘ra, mahalliy ibodatxonaga borganda xalqning sabrsizligi o‘sib boradi. «Har Shabbat kuni ibodatxonalarda» Tavrotdan o‘qishardi va ibodat qilishardi. (Havoriylar 15:21) Shuningdek, u yerda payg‘ambarlar yozgan narsalarni ham o‘qishardi. Iso o‘qish uchun o‘rnidan turganida, ibodatxonaga u bilan birga borib turgan tanish odamlarni ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Unga Ishayo payg‘ambarning o‘rama bitigini tutqazishadi. Shunda Iso, Yahova O‘z ruhi bilan moylagan kishi haqida yozilgan joyni topadi. Bugun bu so‘zlarni Muqaddas Kitobning Ishayo 61:1, 2- oyatlarida o‘qishimiz mumkin.

Iso, va’da qilingan zot asirlarga ozodlikni, ko‘rlarga ko‘zlari ochilishini hamda Yahova uchun maqbul vaqtni va’z etishi haqida o‘qib bergandan so‘ng bitikni qaytarib, joyiga o‘tiradi. Shunda barcha unga ko‘z tikadi. Ehtimol Iso bu so‘zlarni tushuntirish uchun biroz gapiradi. Shu payt u mana bu muhim gapni ham aytadi: «Sizlar hozirgina eshitgan bu so‘zlar bugun amalga oshdi». (Luqo 4:21)

Xalq uning naqadar «yoqimli so‘zlar» aytganidan hayron qolib: «Bu Yusufning o‘g‘li emasmi?!» — deydi. Iso esa ularning mo‘jiza talab qilishini anglab, shunday davom etadi: «Albatta, sizlar menga: “Ey tabib, o‘zingni o‘zing davola”,— degan maqolni qo‘llab: “Kafarnahumda qilgan ishlaring haqida eshitdik. Endi ularni bu yerda, o‘z yurtingda ham bajar”,— deysizlar». (Luqo 4:22, 23) Isoning sobiq qo‘shnilari, u birinchi navbatda hamshaharlarini sog‘aytirishi kerak deb hisoblashadi. Shuning uchun hamshaharlari Iso ularni mensimadi, deb o‘ylashgandir.

Ularning fikrlarini bilib, Iso Isroil tarixidan ba’zi bir voqealarni aytib beradi. Ilyos davrida Isroilda ko‘p bevalar bo‘lgan, ammo Ilyos ularning birortasiga ham yuborilmaganini Iso ta’kidlab o‘tadi. Ilyos Sidon yaqinidagi Zorafat shahriga, isroillik bo‘lmagan beva ayolnikiga boradi. U yerda Ilyos mo‘jiza yaratib uning hayotini saqlab qoladi (3 Shohlar 17:8–16). Elishay payg‘ambar davrida ham Isroilda moxovlar ko‘p edi, ammo Elishay suriyalik No‘mon ismli kishiga shifo beradi, xolos. (4 Shohlar 5:1, 8–14)

Xudbinligini va imoni sustligini oshkor etuvchi bu tarixiy taqqoslash Isoning hamshaharlariga qanday ta’sir qilarkin? Ibodatxonada bo‘lganlar qattiq g‘azablanishadi va o‘rinlaridan turib, shosha-pisha Isoni shahardan tashqariga chiqarishadi. Ular uni Nosira shahri joylashgan tog‘dan pastga tashlab yubormoqchi bo‘lishadi. Lekin Iso ularni oralab o‘tib, Nosira shahridan pastda, Jalila dengizining shimoli-g‘arbida joylashgan Kafarnahumga yo‘l oladi.