Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUQOVADAGI MAVZU | MUQADDAS KITOBNING SAQLANIB QOLISH TARIXI

Muqaddas Kitob qarshiliklarga qaramay saqlanib qoldi

Muqaddas Kitob qarshiliklarga qaramay saqlanib qoldi

XAVF. Siyosiy va diniy rahbarlarning aksariyati Muqaddas Kitobdagi xabar tarqalishiga jon-jahd bilan qarshilik ko‘rsatishgan. Ko‘pincha ular odamlarga Muqaddas Kitobga ega bo‘lishni, uni tarjima qilishni yoki undan nusxa ko‘chirishni, keyinchalik esa uni nashr etishni taqiqlashardi. Keling, ikkita misolni ko‘rib chiqaylik.

  • Taxminan mil. avv. 167-yil. Yahudiylarni yunonlarning diniga og‘dirishga bor kuchi bilan harakat qilgan Salavkiylar shohi Antiox Epifan Ibroniycha yozuvlarning hamma nusxalarini yo‘q qilishni amr etgan edi. Shoh amaldorlari nimalar qilishgani haqida tarixchi Henri Grets shunday deb yozgandi: «Ular Tavrotning o‘rama bitiklarini qayerda topishsa, yirtib, yondirib yuborishardi va Muqaddas Yozuvlarni o‘qishdan tasalli topganlarni o‘ldirishardi».

  • O‘rta asrlar. Ayrim katolik rahnamolari, oddiy odamlar katolik cherkovi ta’limotlarini emas, Muqaddas Kitob ta’limotlarini va’z qilishayotganini ko‘rib g‘azablanishardi va lotin tilidagi Zabur kitobidan tashqari, Muqaddas Yozuvlarning boshqa kitoblariga ega bo‘lganlarni bid’atchi (yeretik) deb e’lon qilishardi. Bir cherkov kengashi «bid’atchilarni qunt bilan, astoydil va tinmay tintuv qilishni... barcha gumon qilingan uy va yerto‘lalarni yaxshilab ko‘zdan kechirishni... Hech bo‘lmasa bitta bid’atchi topilsa, uyini vayron qilishni» amr etgan edi.

Agar dushmanlar Muqaddas Kitobni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lishganida edi, biz undagi xabarni hech qachon eshita olmasdik.

Uilyam Tindal tomonidan ingliz tiliga o‘girilgan Muqaddas Kitob taqiqlarga, yondirib yuborish xavfiga va 1536-yili Tindalning qatl qilinishiga qaramasdan saqlanib qoldi

MUQADDAS KITOB QANDAY QILIB SAQLANIB QOLGAN? Antiox Epifan uyushtirgan shiddatli quvg‘unlar Isroil yurtidagi yahudiylarga qarshi qaratilgan edi. Ammo ko‘pgina boshqa mamlakatlarda ham yahudiy jamoalari bor edi. Olimlarning hisobiga ko‘ra milodiy I asrga kelib yahudiylarning 60 foizdan oshig‘i Isroil yurtidan tashqarida yashardi. Ular o‘z ibodatxonalarida Muqaddas Yozuvlarning nusxalarini saqlashardi va ulardan keyingi avlod, jumladan masihiylar ham, xuddi shu qo‘lyozmalardan foydalanishgan. (Havoriylar 15:21)

O‘rta asrlarda Muqaddas Kitobni yaxshi ko‘radigan insonlar quvg‘unlarga qaramasdan uni tarjima qilib tarqatishda davom etishgan. XV asrning o‘rtalariga kelib, hali matn terish bosma pressi ixtiro qilinmasidan oldin Muqaddas Kitobning ayrim qismlari 33 tilda mavjud edi. Ko‘p o‘tmay Muqaddas Kitobni tarjima qilish va chop etish ishi keng quloch yozdi.

NATIJASI QANAQA? Qudratli hukmdorlar va ruhoniylarning qarshiliklariga qaramay, Muqaddas Kitob tarixdagi eng ko‘p chop etiladigan va tarjima qilinadigan kitobga aylandi. U ayrim mamlakatlarning qonunida, tilida va millionlab insonlarning hayotida chuqur iz qoldirdi.