Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ALG‘OV-DALG‘OV DUNYODA

1 Sog‘lig‘ingizni asrang

1 Sog‘lig‘ingizni asrang

NEGA BU MUHIM?

Mushkul vaziyat yoki ofat odamlarning sog‘lig‘iga ko‘p tomonlama salbiy ta’sir qilishi mumkin.

  • Noxush voqealar insonlarni stressga soladi. Uzoq davom etgan stress esa ularning kasallikka chalinish ehtimolini oshiradi.

  • Ofatlar-u pandemiyalar sog‘liqni saqlash tizimiga zarar keltirishi va dori-darmon yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.

  • Falokatlar odamlarning moddiy ahvolini og‘irlashtiradi va ular oziq-ovqat hamda dori-darmon kabi eng zaruriy narsalarni sotib ololmaydi.

Nimani bilishingiz kerak?

  • Jiddiy kasallik va aqliy zo‘riqish noto‘g‘ri qarorlar chiqarishingizga va sog‘lig‘ingizga yaxshi ta’sir qiladigan odatlarni tashlab qo‘yishingizga olib kelishi mumkin. Natijada sog‘lig‘ingiz yanada yomonlashishi hech gap emas.

  • Sog‘liq muammolariga beparvo bo‘lsangiz, kasalliklaringiz kuchayib, hatto hayotingiz uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

  • Sog‘lig‘ingiz yaxshi bo‘lsa, qiyin vaziyatlarda ham to‘g‘ri qarorlar chiqara olasiz.

  • Moddiy sharoitingiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, sog‘lig‘ingizni asrash uchun muayyan qadamlar qo‘ya olasiz.

Hozir nima qilishingiz mumkin?

Dono odam yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni aniqlashga harakat qiladi va ularning oldini olish uchun kerakli choralarni ko‘radi. Sog‘liq borasida ham xuddi shunday. Gigiena qoidalariga rioya qilsangiz, kasallikka chalinish xavfi kamayadi yoki u yengilroq kechadi. Kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish afzalroq.

«Gigienaga rioya qilganimiz va uyimizni toza saqlaganimiz tufayli shifokor ko‘rigiga va dori-darmonga kamroq pul sarflaymiz». (Andreas) *

^ Ushbu jurnalda ayrim ismlar o‘zgartirilgan.