Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

QIYINCHILIKNI BARTARAF ETADIGAN HUKUMAT

«Tinchlikning cheki bo‘lmaydi»

«Tinchlikning cheki bo‘lmaydi»

Birlashgan Millatlar Tashkiloti «global fuqarolik» g‘oyasini olg‘a surmoqda. Bu esa xalqaro hamkorlikka undash, inson huquqlariga hurmat ko‘rsatish hamda sayyoramizni himoyalash kabi maqsadlarni ko‘zlaydi. Nima uchun? Maxer Nasser bir jurnalda aytib o‘tganiday «iqlim o‘zgarishi, uyushgan jinoyatchilik, o‘sib borayotgan tengsizlik, hal etilmagan nizolar, ommaviy ko‘chish, global terrorizm, [hamda] yuqumli kasalliklar» va shu kabi boshqa xavf-xatar hech bir mamlakatni chetlab o‘tmayapti. («UN Chronicle»)

Boshqalar hatto butun dunyo bo‘ylab yagona hukumat o‘rnatilishining tarafdori. Italiyalik faylasuf, shoir hamda davlat arbobi Dante (1265–1321) hamda fizik Albert Eynshteyn (1879–1955) shular jumlasidan. Dantening fikricha, siyosiy jihatdan bo‘lingan dunyoda tinchlik uzoqqa cho‘zilmaydi. U Isoning: «Ichidan bo‘lingan har qanday shohlik vayron bo‘ladi»,— degan so‘zlarini keltirgan. (Luqo 11:17)

Ikkinchi jahon urushi paytida ikkita atom bombasi portlaganidan ko‘p o‘tmay, Albert Eynshteyn Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga ochiq xat yo‘llagan. U shunday deb yozgan: «Birlashgan Millatlar Tashkiloti tezkor harakat qilgan holda xalqaro xavfsizlik uchun zarur sharoitlar yaratishi va shu yo‘sin butun dunyo bo‘ylab yagona hukumat o‘rnatilishiga zamin yaratishi lozim».

Ammo ushbu hukumatning a’zolari bo‘ladigan siyosatchilar ertaga poraxo‘r, ojiz hamda zulmkor bo‘lib qolmasligiga qanday kafolat bor? Ular ham boshqa hukmdorlar singari yomon illatlarni namoyon etmaydi deb kim ayta oladi? Bu savollar britaniyalik tarixchi Lord Ektonning quyidagi so‘zlarini yodga soladi: «Hokimiyat — bu yovuzlik, mutlaq hokimiyat esa — mutlaq yovuzlikdir».

Shunga qaramay, insoniyat oilasi haqiqiy tinchlik va uyg‘unlikka erishishi uchun oramizda yakdillik hukm surishi lozim. Bu maqsadga qanday erishsa bo‘ladi? Buning imkoni bormi? Ha! Muqaddas Kitobga ko‘ra buning iloji bor. Qanday qilib? Bunga poraxo‘r siyosatchilardan tarkib topgan hukumat orqali emas, balki Xudo o‘rnatgan hukumat orqali erishsa bo‘ladi. Bundan tashqari, insonlar emas, faqatgina Xudo boshqarish huquqiga ega. Xo‘sh, bu qanday hukumat ekan? Muqaddas Kitobda bu hukumatga «Xudoning Shohligi» deb nom berilgan. (Luqo 4:43)

«SHOHLIGING KELSIN»

Iso Masih Xudoning Shohligiga ishora qilib, namunali ibodatida shunday degan: «Shohliging kelsin... Yerda Sening irodang bajo bo‘lsin». (Matto 6:9, 10) Ha, Xudoning Shohligi yer yuzida ochko‘z va xudbin insonlarning xohish-istagini emas, Xudoning irodasini amalga oshiradi.

Xudoning Shohligi, shuningdek, «Osmon Shohligi» deb ataladi. (Matto 5:3) Nima uchun? Chunki u yerdan emas, osmondan turib yer yuzi ustidan boshqaradi. Bu nimani anglatishi borasida bir o‘ylab ko‘ring. Ushbu yagona hukumat moddiy va moliyaviy yordamga muhtoj bo‘lmaydi. Uning fuqarolari uchun bu qanday yengillik bo‘lishini tasavvur qiling!

«Xudoning Shohligi» degan ibora bu hukumatning shohi borligiga ishora qilyapti. Bu shohning ismi Iso Masih bo‘lib, unga Xudo tomonidan hokimiyat berilgan. Iso haqida Muqaddas Kitobda shunday deyilgan:

  • «Uning qo‘liga hokimiyat beriladi. [...] Uning hokimiyati ortib boradi... Tinchlikning cheki bo‘lmaydi». (Ishayo 9:6, 7)

  • «Unga barcha xalqlar, millatlar va turli tilda gapiradiganlar xizmat qilishi uchun, unga hukmdorlik, shon-sharaf hamda saltanat berildi. Uning hukmdorligiga... aslo chek qo‘yilmaydi». (Doniyor 7:14)

  • «Dunyo ustidan shohlik qilish Rabbimiz va Uning Masihiga tegishlidir». (Vahiy 11:15)

Isoning namunali ibodatida aytilganiday, Xudoning Shohligi yer yuzida Allohning irodasini amalga oshiradi. Bu shohlikning boshqaruvi ostida insoniyat oilasi sayyoramizni parvarish qilishni o‘rganadi. Natijada Yer qayta tiklanib, unda hayot qaynaydi.

Boz ustiga, Xudoning Shohligida barcha fuqarolarga ta’lim beriladi. Talablar hamma uchun bir xil bo‘ladi. U yerda kelishmovchilik va bo‘linishlar bo‘lmaydi. Ishayo 11:9 da shunday yozilgan: «Ular muqaddas tog‘imning hech bir yerida zarar yetkazmaydi, hech qanday ziyon ham keltirmaydi. Suvlar dengizni to‘ldirgani kabi, yer yuzi ham Yahova haqidagi bilimga to‘ladi».

Butun yer yuzidagi odamlar o‘zaro yakdil bo‘lib, tinchlikda yashashadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu maqsad sari intilsa-da, lekin qo‘lidan kelmayapti. Zabur 37:11 da shunday deyilgan: «Ular tinchlik-xotirjamlikda umr kechirib, behad shod bo‘ladi». Vaqti kelib «jinoyatchilik», «atrof-muhitning ifloslanishi», «kambag‘allik» va «urush» kabi so‘zlar butunlay unutiladi. Ammo bu qachon sodir bo‘ladi? Xudoning Shohligi qachon butun yer yuzi ustidan boshqarishni boshlaydi? Bu qanday amalga oshadi? Uning boshqaruvi sizga qanday foyda keltiradi? Keling, ko‘rib chiqaylik.