Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

49-TADQIQ MAQOLASI

Tirilish bo‘lishiga ishonamiz

Tirilish bo‘lishiga ishonamiz

Men... adolatli va adolatsiz odamlarning tirilishiga ishonib, Xudoga umid bog‘layman. HAVOR. 24:15

151-QO‘SHIQ Tirilish va’dasi

BU MAQOLADA *

1, 2. Yahovaning xizmatchilari qanday ajoyib umidga ega?

BIRON nimaga umid qilish juda muhimdir. Masalan, ba’zilar nikohi baxtli bo‘lishiga, farzandlarini eson-omon katta qilishga yoki jiddiy kasallikdan forig‘ bo‘lishga umid qiladi. Ehtimol, biz masihiylar ham shunga umid qilayotgandirmiz. Ammo bundan-da muhim voqealar yuz berishini — jannatda abadiy yashashni va hayotdan ko‘z yumgan yaqinlarimiz tirilishini intiqib kutyapmiz.

2 Havoriy Pavlus: «Men... adolatli va adolatsiz odamlarning tirilishiga ishonib, Xudoga umid bog‘layman»,— deb ta’kidlagan. (Havor. 24:15) Tirilish haqida birinchi bo‘lib Pavlus gapirmagan, masalan, bobokalonimiz Ayub ham bu mavzuda so‘z ochgan. U Xudo uni eslashiga va hayotga qaytarishiga amin bo‘lgan. (Ayub 14:7–10, 12–15)

3. Korinfliklarga birinchi maktubning 15-bobidan qanday foyda olamiz?

3 «O‘lganlarning tirilishi» e’tiqodimizning «poydevor»i, ya’ni «boshlang‘ich ta’limotlar»ning bir qismidir. (Ibron. 6:1, 2) Pavlus 1 Korinfliklarga 15-bobda tirilish mavzusini yoritib o‘tgan. Uning yozganlari birinchi asrdagi masihiylarga dalda bergan bo‘lsa kerak. Mazkur bob bizga ham dalda berishi va intiqib kutayotgan tirilishga bo‘lgan umidimizni mustahkamlashi mumkin.

4. Hayotdan ko‘z yumgan yaqinlarimiz tirilishiga nega aminmiz?

4 Birinchi navbatda, Iso Masih tirilgani tufayli hayotdan ko‘z yumgan yaqinlarimiz tirilishiga umid qila olamiz. Iso Masihning tirilgani Pavlus va’z qilgan «xushxabar»ning bir qismidir. (1 Kor. 15:1, 2) Darhaqiqat, masihiy tirilish bo‘lishiga ishonmasa, uning imoni «foydasiz». (1 Kor. 15:17) Ha, Iso tirilgani sababli boshqalar tirilishiga aminmiz.

5, 6. Korinfliklarga birinchi maktub 15:3, 4 dagi so‘zlar biz uchun nimani anglatadi?

5 Pavlus tirilish haqida yozishni boshlaganida, quyidagi uchta haqiqatni aytib o‘tgan: «Masih bizning gunohlarimiz uchun o‘ldi», «dafn etildi» va «Muqaddas Yozuvlarga binoan uchinchi kuni tirildi». (1 Korinfliklarga 15:3, 4 ni o‘qing.)

6 Xo‘sh, Isoning o‘limi, dafn etilgani va tirilgani biz uchun nimani anglatadi? Ishayo payg‘ambar Masih «yorug‘ dunyodan yo‘q qilinishi» va unga «yovuzlar qatori joy berilishini» bashorat qilgan. Yana bir narsa yuz berishi kerak edi. Ishayo Masih «ko‘p insonlarning gunohini o‘ziga olishini» ham karomat qilgan. Iso o‘zini to‘lov sifatida taqdim etib mazkur bashoratni amalga oshirdi. (Ishayo 53:8, 9, 12; Mat. 20:28; Rim. 5:8) Shu bois, Isoning o‘limi, dafn qilingani va tirilgani gunoh va o‘limdan qutulishga hamda hayotdan ko‘z yumgan yaqinlarimiz bilan yana birga bo‘lishga umid qilish uchun qat’iy asosdir.

KO‘PLARNING GUVOHLIGI

7, 8. Qay yo‘sin masihiylar Iso tirilganiga amin bo‘la oladi?

7 Ko‘rib chiqqanimizday, tirilishga bo‘lgan umidimiz Isoning tirilishi bilan uzviy bog‘liq. Shunday ekan, u tirilganiga ishonchimiz komil bo‘lishi darkor. Yahova Isoni hayotga qaytarganiga nega aminmiz?

8 Iso tirilgach, ko‘plar uni ko‘rdi va bu haqida boshqalarga aytib berishdi. (1 Kor. 15:5–7) Pavlus tilga olgan ilk guvoh havoriy Butrusdir (Kifa). Qolaversa, shogirdlar ham Butrus tirilgan Isoni ko‘rganini tasdiqlashdi. (Luqo 24:33, 34) Shuningdek, Iso hayotga qaytganidan so‘ng «12 ta havoriy» ham uni ko‘rdi. Keyin esa Matto 28:16–20 da tilga olingan Jaliladagi quvonchli voqeada Masih «birdaniga 500 dan ortiq birodarlarga ko‘rindi». (1 Kor. 15:5–7) Bundan tashqari, Iso oldin u Masih ekaniga ishonmagan ukasi «Yoqubga... ko‘rindi». (Yuhan. 16:13) Iso tirilganini ko‘rgach esa Yoqubda aminlik paydo bo‘ldi. Shunisi e’tiborga loyiqki, taxminan mil. 55-yili Pavlus Korinfliklarga birinchi maktubini yozganida, Isoning tirilganini ko‘rganlarning ko‘pi hali hayot edi va agar kimdadir shubha tug‘ilsa bu ishonchli guvohlarga murojaat qila olardi.

9. Havoriylar 9:3–5 dan o‘qiganimizday, qay yo‘sin Pavlus Iso tirilganini tasdiqlay olardi?

9 Keyinroq esa Iso Pavlusga ham ko‘ringan. (1 Kor. 15:8) Pavlus (Shoul) Damashqqa ketayotganida tirilgan Isoning ovozini eshitgan hamda vahiyda uni samoviy ulug‘vorlikda ko‘rgan. (Havoriylar 9:3–5 ni o‘qing.) Pavlus bilan yuz bergan voqea Iso tirilgani uydirma emasligining yana bir isbotidir. (Havor. 26:12–15)

10. Pavlus Iso tirilganiga amin bo‘lgani uchun nima qilgan?

10 Pavlus bilan yuz bergan voqea, ayniqsa, ba’zilarning e’tiborini tortgan. Chunki u bir vaqtlari masihiylarni ta’qib qilgan. Pavlus Iso tirilganiga ishonch hosil qilgach, boshqalar ham bu haqiqatga amin bo‘lishlari uchun jon kuydirgan. U Iso o‘lgani va tirilgani to‘g‘risidagi haqiqatni va’z qilish davomida savalashlarga, qamoqqa-yu kema halokatiga chidagan. (1 Kor. 15:9–11; 2 Kor. 11:23–27) Pavlus Iso tirilganiga shunchalik amin bo‘lganki, hatto bu haqida va’z qilish yo‘lida o‘lishga ham tayyor bo‘lgan. Iso o‘lib, tirilganiga guvoh bo‘lgan ilk masihiylarning misoli nahotki bizga ham aminlik baxsh etmasa? Ularning guvohligi hayotdan ko‘z yumganlar kelajakda tirilishiga bo‘lgan ishonchimizni oshirmoqda, shunday emasmi?

PAVLUS NOTO‘G‘RI TASAVVURLARNI O‘ZGARTIRGAN

11. Korinfdagi ba’zilar tirilish borasida noto‘g‘ri tasavvurda bo‘lishiga, ehtimol, nimalar sabab bo‘lgan?

11 Yunonistonning Korinf shahridagi ayrim masihiylar tirilish borasida noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishgan. Ular hatto: «O‘lganlar tirilmaydi»,— deb aytishgan. Nega? (1 Kor. 15:12) Yunonistonning boshqa bir shahridagi — Afinadagi faylasuflar uchun Iso tirilgani to‘g‘risidagi fikr kulgili bo‘lgan. Bunday fikrlash tarzi Korinfdagi ba’zilarga va hatto masihiylar jamoatidagilarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. (Havor. 17:18, 31, 32) Ehtimol, ayrimlar tirilish ramziy ma’noda bo‘ladi, deb o‘ylagan. Ular odam gunohkorligi tufayli o‘lik hisoblanadi, ammo masihiy bo‘lganida Xudo tomonidan kechirilgani uchun u tiriladi, degan fikrda bo‘lishgandir. Sababi qanday bo‘lmasin, kishi tirilishga ishonmasa, imoni behuda bo‘lardi. Agar Xudo Isoni tiriltirmaganida, to‘lov berilmagan va barcha hanuzgacha gunohkor bo‘lardi. Shu bois, tirilishga ishonmaganlar chinakam umidga ega bo‘lmagan. (1 Kor. 15:13–19; Ibron. 9:12, 14)

12. Butrusning birinchi maktubi 3:18, 22 ga ko‘ra, Isoning tirilishi oldin yuz bergan tirilishlardan nimasi bilan farq qilgan?

12 Pavlus Iso tirilganini shaxsan bilgani uchun: «Masih chindan ham tirildi»,— deb yozgan. Isoning tirilishi oldin yuz bergan tirilishlardan ustunroq bo‘lgan. Chunki oldin tirilganlar yana hayotdan ko‘z yumgan. Pavlus: «[Iso] o‘lganlar orasidan birinchi hosil bo‘ldi»,— deb aytgan. Qiziq, Iso qaysi ma’noda birinchi bo‘lgan? U ruhiy shaxs sifatida tirilgan va odamlar orasidan samoga ko‘tarilgan birinchi shaxs bo‘lgan. (1 Kor. 15:20; Havor. 26:23; 1 Butrus 3:18, 22 ni o‘qing.)

«HAYOTGA EGA BO‘LADI»GANLAR

13. Pavlus Odamato va Iso o‘rtasidagi qanday farqqa diqqat qaratgan?

13 Qanday qilib bir kishining o‘limi millionlab odamlarga hayot keltirishi mumkin? Pavlus bunga mantiqan javob bergan. U Odamato insoniyatni nimaga giriftor qilgani va Masih tufayli nimaning imkoni borligi haqida aytib o‘tgan. Pavlus Odamato haqida: «O‘lim bir odam orqali kelib chiqqan»,— degan. Odamato gunohga qo‘l urib, o‘zini va avlodlarini o‘limga mahkum etgan. Biz itoatsizligining oqibatlarini hanuzgacha o‘zimizda his etyapmiz. Ammo Xudo O‘g‘lini tiriltirgani tufayli o‘lganlar yana yashashi mumkin! Pavlus quyidagicha yozgan: «Tirilish ham bir odam [Iso] orqali sodir bo‘ladi. Odamato dastidan hamma o‘limga duchor bo‘lganidek, Masih tufayli hamma hayotga ega bo‘ladi». (1 Kor. 15:21, 22)

14. Odamato tiriladimi? Tushuntiring.

14 Pavlus: «Odamato dastidan hamma o‘limga duchor bo‘lgan»,— deb, nimani nazarda tutgan? U barcha odamlar gunoh va nomukammallikni Odamatodan meros qilib olganini va shu bois, ular o‘lishini aytmoqchi bo‘lgan. (Rim. 5:12) Odamato «hayotga ega bo‘ladi»ganlar orasida yo‘q. Masihning to‘lov qurbonligi Odamatoning gunohini yuvmaydi, chunki u mukammal bo‘la turib atayin Xudoga itoatsizlik qilgan. Odamatoning boshiga «Inson O‘g‘li» «echkilar»ga chiqaradigan hukm, ya’ni «abadiy yo‘q bo‘lib ketish» tushgan. (Mat. 25:31–33, 46; Ibron. 5:9)

Iso samoviy hayot uchun tirilgan ko‘p insonlar orasidan birinchisi bo‘lgan (15-, 16-xatboshilariga qarang.) *

15. «Hayotga ega bo‘ladi»gan «hamma» deganda kimlar nazarda tutiladi?

15 Pavlus: «Masih tufayli hamma hayotga ega bo‘ladi»,— deb yozganiga e’tibor bering. (1 Kor. 15:22) Bu maktubni u samoviy hayot uchun tiriladigan Korinfdagi masihiylarga yozgan. Ular «Iso Masihning izdoshlari sifatida muqaddas qilingan» edi. Shuningdek, u «Masihning o‘lgan izdoshlari butkul yo‘q bo‘lishgan»i haqida eslatib o‘tgan. (1 Kor. 1:2; 15:18; 2 Kor. 5:17) Ilohiy ilhom ostida yozgan boshqa bir maktubida Pavlus: «[Iso] kabi o‘lgan bo‘lsak, demak u singari tirilishimiz ham shubhasizdir»,— deb aytgan. (Rim. 6:3–5) Iso ruhiy shaxs sifatida tirilib, samoga ko‘tarilgan. Demak, «Masih bilan birlikda» bo‘lganlar, ya’ni barcha moylangan masihiylar bilan xuddi shunday yuz beradi.

16. Pavlus Isoni «birinchi hosil» deb atab, nimaga ishora qilgan?

16 Pavlus Masih «o‘lganlar orasidan birinchi hosil» sifatida tirilgani haqida yozgan. Esingizda bo‘lsa, boshqalar, masalan, Lazar ham hayotga qaytgan. Ammo Iso o‘lganlar orasidan ruhiy shaxs sifatida tiriltirilgan va abadiy hayotga ega bo‘lgan birinchi shaxs edi. Uni isroilliklar o‘rim-yig‘imidan Xudoga nazr sifatida keltirgan birinchi hosilga o‘xshatsa bo‘ladi. Bundan tashqari, Pavlus Isoni «birinchi hosil» sifatida tilga olib, undan keyin boshqalar ham samoviy hayot uchun tirilishiga ishora qilgan. «Masih bilan birlikda» bo‘lgan havoriylar va boshqalar unga ergashishadi. Ular Iso kabi samoda yashash uchun tirilishi kerak edi.

17. «Masih bilan birlikda» bo‘lganlar samoviy mukofotini qachon olishi kerak edi?

17 Pavlus korinfliklarga maktub yo‘llagan paytda «Masih bilan birlikda» bo‘lganlar samoviy hayot uchun tirilishi hali yuz bermagan edi. Aksincha, u kelajakka ishora qilib: «Hamma o‘z navbati bilan tiriladi: Masih birinchi hosil, so‘ng Masihning hozir bo‘lish davrida unga tegishli bo‘lganlar hayotga qaytishadi»,— deb yozgan. (1 Kor. 15:23; 1 Salon. 4:15, 16) Biz, bashorat qilinganiday, Masihning «hozir bo‘lish davrida» yashayapmiz. Darhaqiqat, havoriylar va boshqa moylanganlar samoviy mukofotini olish hamda Iso kabi tirilish uchun uning hozir bo‘lish davrini kutishi kerak bo‘lgan.

UMIDINGIZ MUSTAHKAM BO‘LSIN

18. a) Nima uchun samoviy tirilishdan so‘ng yana boshqa tirilish bo‘ladi, deb xulosa qilsak bo‘ladi? b) 1 Korinfliklarga 15:24–26 ga ko‘ra, osmonda nimalar bo‘ladi?

18 Xo‘sh, Masih bilan samoda yashash umidiga ega bo‘lmagan Xudoning qolgan barcha sadoqatli xizmatchilari haqida nima desa bo‘ladi? Ularda ham tirilish umidi bor. Muqaddas Kitobda yozilishicha, osmonda yashash umidiga ega bo‘lgan Pavlus va boshqalar «birinchi» tirilganlar qatorida bo‘lishadi. (Filip. 3:11) Bu yana bir tirilish bo‘lishiga ishora qilyapti, shunday emasmi? Darvoqe, bu Ayub o‘z kelajagi borasida aytgan so‘zlarga mos kelyapti. (Ayub 14:15) Iso barcha hukumatlar-u dunyo kuchlarini yo‘q qilganida, Masihga «tegishli bo‘lganlar» u bilan samoda bo‘ladi. Hatto «eng oxirgi dushman — o‘lim yo‘q qilinadi». Qolaversa, samoviy hayot uchun tiriladiganlar hech qachon o‘lmaydi. Boshqalar bilan-chi, nima yuz beradi? (1 Korinfliklarga 15:24–26 ni o‘qing.)

19. Osmonda yashash umidiga ega bo‘lmaganlarni nima kutyapti?

19 Osmonda yashash umidiga ega bo‘lmaganlarni nima kutyapti? Pavlusning quyidagi so‘zlari ularga umid baxsh etadi: «Men... adolatli va adolatsiz odamlarning tirilishiga ishonib, Xudoga umid bog‘layman». (Havor. 24:15) Shunisi aniqki, hech bir adolatsiz odam samoviy hayotga ega bo‘la olmaydi. Demak, mazkur so‘zlar kelajakda yer yuzida tirilish bo‘lishiga ishora qilyapti.

Tirilishga bo‘lgan ishonch yordamida kelajakka aminlik ila boqa olamiz (20-xatboshiga qarang.) *

20. Qay yo‘sin tirilishga bo‘lgan umidingiz mustahkamlandi?

20 Tirilish bo‘lishi shubhasiz! Yer yuzida yashash uchun tirilganlar abadiy yashash istiqboliga ega bo‘ladi. Bu va’daga ishonsangiz bo‘ladi. Hayotdan ko‘z yumgan yaqinlaringiz haqida o‘ylaganingizda tirilish umidi sizga umid baxsh etishi mumkin. Masih va u bilan hukmronlik qiladiganlar «1 000-yil shohlik qilishadi» va o‘shanda ular hayotga qaytadi. (Vah. 20:6) Agar siz ham hayotdan ko‘z yumsangiz, Masih boshqargan paytda tirilishingizga bo‘lgan umidingiz mustahkam bo‘lsin. Bu «umid... ko‘ngil qolishiga olib kelmaydi». (Rim. 5:5) Tirilishga bo‘lgan umid hozirdan sizga kuch baxsh etishi va Xudoga yana ulkan quvonch ila xizmat qilishingizga yordam beradi. Korinfliklarga yo‘llangan birinchi maktubning 15- bobidan yana qanday saboqlar chiqarsak bo‘ladi? Buni navbatdagi maqolada ko‘rib chiqamiz.

147-QO‘SHIQ Va’da qilingan abadiy hayot

^ 5- x.b. Korinfliklarga yo‘llangan birinchi maktubning 15-bobida asosiy diqqat tirilishga qaratilgan. Nega bu ta’limot biz uchun ahamiyatli? Nima uchun Iso tirilganiga ishonsak bo‘ladi? Mazkur maqolada bu va tirilish bilan bog‘liq boshqa muhim savollarga javob topamiz.

^ 56- x.b. RASMGA SHARHLAR. Iso samoga ko‘tarilgan birinchi shaxs bo‘lgan. (Havor. 1:9) Samoviy hayot uchun tirilgan ayrim shogirdlar To‘ma, Yoqub, Lidiya, Yuhanno, Maryam va Pavlus bo‘lgan.

^ 58- x.b. RASMGA SHARHLAR. Birodarimiz ko‘p yillar birga xizmat qilgan suyukli turmush o‘rtog‘ini yo‘qotdi. Birodar u tirilishiga ishonib, Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishda davom etmoqda.