Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

31-TADQIQ MAQOLASI

Yahovani kutishga tayyormisiz?

Yahovani kutishga tayyormisiz?

Sabr bilan kutaman. MIXO 7:7

128-QO‘SHIQ So‘nggi damga qadar chidang

BU MAQOLADA *

1, 2. Ushbu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

AYTAYLIK, do‘stingiz sizga juda kerak bo‘lgan narsani olib kelishini kutyapsiz. U vaqtida kelmasa, nimalarni his qilasiz? Ko‘nglingiz tushadimi? Bejizga Hikmatlar 13:12 da: «Uzoq ushalmagan umid yurakni ezadi»,— deb aytilmagan. Biroq u nega vaqtida kelmaganining asosli sabablari bo‘lsa-chi, nima qilasiz? Ehtimol, sabrli bo‘lib, uni bajonidil kutarsiz.

2 Bu maqolada Muqaddas Kitobdagi ba’zi prinsiplarni ko‘rib chiqamiz. Ular «sabr bilan kutishimizga» ko‘maklashadi. (Mixo 7:7) So‘ng qaysi ikkita sohada Yahovani sabr ila kutishimiz kerakligiga diqqat qaratamiz. Oxirida esa Yahovani tayyorlik ila kutganlar qanday barakalarga ega bo‘lishini muhokama qilamiz.

MUQADDAS KITOBDAGI QAYSI PRINSIPLAR YORDAMIDA SABRLI BO‘LISHNI O‘RGANISHIMIZ MUMKIN?

3. Hikmatlar 21:5 dagi prinsipdan nimani o‘rganyapmiz?

3 Hikmatlar 21:5 da sabr-toqatli bo‘lishimiz kerakligi borasida: «Shoshqaloqlar... kambag‘allikka yuz tutadi»,— deyilgan. Bu oyatdan nimani o‘rganyapmiz? Dono kishi biron ishni puxta va shoshmay qilsa, yaxshi natijaga erishadi.

4. Hikmatlar 4:18 dagi prinsipdan nimani o‘rganyapmiz?

4 Hikmatlar 4:18 da: «Odilning so‘qmog‘i tong shafag‘i kabidir, u tush paytiga qadar yorishib boraveradi»,— deb yozilgan. Bu so‘zlar Yahova xizmatchilariga O‘z niyatlarini asta-sekin ochib berishini ko‘rsatyapti. Qolaversa, ular masihiy qanday qilib hayotiga o‘zgarishlar kiritishini va Yahovaga yaqinlashishini tushunishimizga yordam beryapti. Bir zumda ma’nan ulg‘ayib bo‘lmaydi. Buning uchun vaqt kerak. Astoydil tadqiq o‘tkazsak va Xudoning Kalomidagi hamda tashkiloti orqali berilayotgan maslahatni qo‘llasak, Iso ega bo‘lgan fazilatlarni asta-sekin rivojlantiramiz. Bundan tashqari, Xudo haqidagi bilimimiz ham o‘sadi. Keling, Iso bu borada qanday masal keltirganini ko‘rib chiqaylik.

O‘simlik asta-sekin o‘sgani kabi xushxabarni eshitib, qabul qilgan kishi ham asta-sekin ma’nan o‘sadi (5-xatboshiga qarang.

5. Iso asta-sekin o‘sish borasida qanday misol keltirgan?

5 Iso masal keltirib, biz Shohlik haqida va’z qilayotgan xabar samimiy insonlarning qalbida asta-sekin ildiz otadigan mitti urug‘ga o‘xshashini tushuntirgan. U shunday degan: «Urug‘ bo‘lsa unib-o‘saveradi. Ammo bu kishi [urug‘ ekuvchi] uning qanday o‘sayotganini bilmaydi. Yer o‘z-o‘zidan asta-sekin hosil bera boshlaydi: avval ko‘kat unib chiqadi, keyin boshoq chiqaradi va nihoyat boshoq donga to‘ladi». (Mark 4:27, 28) Xo‘sh, Iso bu bilan nima demoqchi edi? U o‘simlik sekin o‘sgani kabi Shohlik xabarini qabul qilgan kishi ham asta-sekin ma’nan o‘sishini nazarda tutgandi. Masalan, biz tadqiq o‘tkazadigan samimiy insonlar Yahovaga yaqinlashganda, ajoyib o‘zgarishlar qilganining guvohi bo‘lamiz. (Efes. 4:22–24) Ammo bu mitti urug‘ni Yahova o‘stirishini unutmasligimiz kerak. (1 Kor. 3:7)

6, 7. Yahova yer yuzini qanday yaratganidan nimalarni o‘rganyapmiz?

6 Yahova barcha ishlarida, har birini oxirigacha yetkazish uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt sabr qiladi. U buni O‘z ismini ulug‘lash va boshqalarga yordam berish niyatida qiladi. Masalan, Yahova insonlar uchun yerni qadamma-qadam hozirlagani borasida bir o‘ylab ko‘ring.

7 Muqaddas Kitobda Yahova yer yuzini qay yo‘sin yaratgani tasvirlanar ekan, U uning «o‘lchamini» belgilagani, «poydevorini» solgani va «burchakka qo‘yiladigan negiz toshini» o‘rnatgani aytib o‘tilgan. (Ayub 38:5, 6) U hatto O‘z ishi ustida fikr yuritish uchun vaqt ajratgan. (Ibt. 1:10, 12) Farishtalar Yahova yaratgan har bir yangi narsani ko‘rganda, nimalarni his qilganini bir tasavvur qiling. Ular rosa quvongan bo‘lsa kerak. Bu tufayli ular «hayqirib olqish ayta» boshlagan. (Ayub 38:7) Xo‘sh, bundan nimani bilib olyapmiz? Yahova ijodlarni yaratishi uchun minglab yillar kerak bo‘lgan. Biroq U puxta yaratgan narsalariga qaraganida, bu «juda yaxshi ekanini» aytgan. (Ibt. 1:31)

8. Hozir nimani ko‘rib chiqamiz?

8 Yuqoridagi misollar shuni ko‘rsatyaptiki, Xudoning Kalomida juda ko‘p prinsiplar bor va ular yordamida sabrli bo‘lishni o‘rganishimiz mumkin. Endi, qaysi ikkita vaziyatda Yahovani sabr ila kutishimiz kerakligini ko‘rib chiqamiz.

QACHON YAHOVANI KUTISHIMIZ KERAK BO‘LADI?

9. Yahovani kutishimizga to‘g‘ri keladigan vaziyatlardan birini keltiring.

9 Ibodatlarimizga javob olishni kutishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Biron qiyinchilikni yengish uchun kuch yoki zaifliklarimiz bilan kurashish niyatida yordam so‘rab ibodat qilsak va biz kutgan paytda javob olmasak, Yahova ibodatlarimizga javob bermayotganday tuyular. Nega Yahova hamma ibodatlarimizga ham darrov javob bermaydi?

10. Ibodatlarga kelganda, nega sabrli bo‘lishimiz kerak?

10 Yahova ibodatlarimizni diqqat ila tinglaydi. (Zab. 65:2) Samimiy ibodatlarimiz Unga bo‘lgan ishonchimizni tasdiqlaydi. (Ibron. 11:6) Qolaversa, ibodatlarimizga muvofiq yashashga va Uning irodasini bajarishga qanchalik qat’iy qaror qilganimizni ko‘rish Yahova uchun ahamiyatlidir. (1 Yuhan. 3:22) Shu bois, yomon odat yoki zaifligimizdan qutulish uchun jon kuydirayotgan bo‘lsak, sabrli bo‘lishimiz va ibodatlarimizga muvofiq yo‘l tutishimiz kerak. Iso ba’zi ibodatlarimizga tezda javob olmasligimiz mumkinligini tushunishga yordam bergan. U quyidagicha degan: «So‘rab turinglar va sizlarga beriladi, izlab turinglar va topasizlar, taqillatib turinglar va sizlarga eshik ochiladi. Chunki so‘raganga beriladi, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi». (Mat. 7:7, 8) Bu maslahatga amal qilganda va «ibodatda sabotli» bo‘lganda, samoviy Otamiz bizni eshitishiga va ibodatlarimizga javob berishiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Kolos. 4:2)

Yahovani kutar ekanmiz, ishonch bilan ibodat qilishda davom etamiz (11-xatboshiga qarang.) *

11. Ibodatlarimizga darrov javob olmayotganday bo‘lsak, 1 Butrus 5:6 bizga qanday yordam berishi mumkin?

11 Ibodatimizning javobi kechikayotganday tuyulsa-da, Yahova unga «o‘z vaqtida» javob berishni va’da qilmoqda. (1 Butrus 5:6 ni o‘qing.) Shu bois, Yahova ibodatlarimizga biz xohlaganday darrov javob bermasa, Uni aslo ayblamasligimiz kerak. Misol uchun, ko‘plar Xudoning Shohligi bu dunyoga nuqta qo‘yishini ko‘rish uchun yillar davomida ibodat qilib kelmoqda. Iso bu haqda ibodat qilishimiz kerakligini aytgan. (Mat. 6:10) Lekin kishi bu odamlar kutgan paytda yuz bermayotgani tufayligina Xudoga bo‘lgan imoni zaiflashishiga yo‘l qo‘yishi nodonlikdir. (Xab. 2:3; Mat. 24:44) Kutishda davom etsak va ishonch bilan ibodat qilsak, dono yo‘l tutgan bo‘lamiz. Bu dunyoning oxiri o‘z vaqtida keladi, chunki Yahova o‘sha «kun va... soat»ni allaqachon belgilab qo‘ygan. Bu eng zo‘r kun bo‘ladi! (Mat. 24:36; 2 Butr. 3:15)

Sabrli bo‘lish borasida Yusufdan qanday saboq olsak bo‘ladi? (12–14-xatboshilariga qarang.)

12. Ayniqsa, qachon sabrli bo‘lish qiyin kechishi mumkin?

12 Adolatsizlikka duch kelganimizda, sabrli bo‘lishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu dunyodagi odamlar ko‘pincha jinsi, irqi, madaniyati yoki millati ularnikidan farq qilganlarga yomon munosabat ko‘rsatadi. Boshqalar esa jismoniy yoki aqliy nuqsoni bo‘lgani tufayli yomon munosabatga duch keladi. Yahovaning ko‘pgina xizmatchilari Muqaddas Kitobga asoslangan e’tiqodi tufayli nohaq munosabatga chidab kelyapti. Bunday nohaqliklarga duch kelganda, Isoning so‘zlarini yodda saqlashimiz kerak. U shunday degan: «Oxirigacha chidagan qutuladi». (Mat. 24:13) Qiziq, jamoatingizda kimdir jiddiy gunoh qilganini bilib qolsangiz, qanday yo‘l tutasiz? Oqsoqollar vaziyatni bilsa, ular buni Yahovaning irodasiga muvofiq hal qilishini sabr ila kutasizmi? Xo‘sh, kimdir jiddiy gunohga qo‘l ursa, oqsoqollar nima qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin?

13. Jiddiy gunoh sodir etilsa, Yahova oqsoqollardan qanday yo‘l tutishlarini kutadi?

13 Oqsoqollar jamoatda jiddiy gunoh sodir etilganidan xabar topsa, vaziyatga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarash uchun «yuqoridan tushgan donolik»ni so‘rab ibodat qiladi. (Yoqb. 3:17) Ularning maqsadi gunoh qilayotgan kishiga «xato yo‘ldan qaytishga» yordam berishdan iborat. (Yoqb. 5:19, 20) Shuningdek, ular jamoatni himoya qilish va jabr ko‘rganlarga dalda berish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qiladi. (2 Kor. 1:3, 4) Jiddiy gunoh qilgan kishining masalasini hal qilayotib, oqsoqollar avvalo barcha tafsilotlarni bilib olishi darkor. Ehtimol, bu muayyan vaqt oladi. So‘ng ular ibodat qiladi va Muqaddas Yozuvlar asosida puxta o‘ylangan maslahat berib, o‘sha kishini «yetarlicha» tuzatadi. (Yerm. 30:11) Oqsoqollar masalani uzoq hal qilmaydi, ammo shu bilan birga shoshib qaror chiqarmaydi. Ular Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilsa, jamoatdagi barcha foyda ko‘radi. Oqsoqollar muammo to‘g‘ri hal qilinishiga g‘amxo‘rlik qilsa ham, beayb kishi o‘zini jabr ko‘rganday his qilishi mumkin. Siz ham shunday vaziyatga duch kelgan bo‘lsangiz, og‘riqni kamaytirish uchun nima qila olasiz?

14. Imondoshingiz ko‘nglingizni qattiq ranjitganida, Muqaddas Kitobdagi qaysi misol sizga ko‘maklashishi mumkin?

14 Sizni biron kishi, hatto imondoshingiz qattiq ranjitganmi? Unday bo‘lsa, Yahova vaziyatni tuzatishini qay yo‘sin kutishingiz mumkin? Muqaddas Kitobdan bunda bizga yordam beradigan ajoyib misollarni topa olamiz. Masalan, Yusuf akalarining dastidan nohaq azob chekishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, ularning gunohi uni badjahl inson qilib qo‘yishiga u yo‘l qo‘ymadi. Aksincha, Yusuf sabr ila ko‘rsatgan bardoshi uchun mukofotlagan Yahovaga xizmat qilishga diqqat qaratdi. (Ibt. 39:21) Vaqt o‘tib Yusuf uni xafa qilganlarni kechirib, Yahova unga qanday barakalar ato etganini ko‘ra oldi. (Ibt. 45:5) Yusuf singari Yahovaga yaqinroq bo‘lib, U o‘z vaqtida nohaqliklarga barham berishini kutganimizda, taskin topamiz. (Zab. 7:17; 73:28)

15. Bir opamiz nohaqlikka duch kelganda, sabrli bo‘lishiga nima ko‘maklashdi?

15 Albatta, biz duch kelayotgan nohaqliklar Yusufniki kabi jiddiy emasdir, lekin bizga ko‘rsatilgan yomon munosabat tufayli xafa bo‘larmiz. Imondoshimiz yoki Yahovaga topinmaydigan odam bilan o‘rtamizda muammo paydo bo‘lganda, Muqaddas Kitob prinsiplariga amal qilsak, foyda olamiz. (Filip. 2:3, 4) Keling, bir misolni ko‘rib chiqamiz. Opamiz uning hamkasbi boshqalarga u haqda salbiy va yolg‘on gaplar aytib yurganini bilib qoldi. U bunga shu zahotiyoq javob qaytarmadi, aksincha, Isoning misoli haqida fikr yuritdi. Iso haqoratga duch kelganida, haqorat bilan javob qaytarmadi. (1 Butr. 2:21, 23) Opamiz buni yodda tutgan holda, yuz berganlar bo‘yicha hech narsa qilmaslikka qaror qildi. Keyinchalik u hamkasbi jiddiy kasallik bilan kurashayotganini va bundan siqilayotganini bilib qoldi. Shunda opamiz hamkasbi, balki, yomon gaplarni tarqatmoqchi bo‘lmagandir, degan xulosaga keldi. Shunday qilib, nohaqlikka duch kelgan bo‘lsa-da, sabr-toqatni namoyon etgani uchun juda quvondi va ichki xotirjamlikka ega bo‘ldi.

16. Nohaqlikka duch kelgan bo‘lsangiz, nima sizga taskin berishi mumkin? (1 Butrus 3:12)

16 Nohaqlikka duch kelgan yoki biron boshqa sababga ko‘ra siqilayotgan bo‘lsangiz, unutmang, Yahova «qalbi o‘ksiganlarga yaqindir». (Zab. 34:18) Sabrli bo‘layotganingiz va g‘am-tashvishingizni Unga tashlayotganingiz uchun Yahova sizni yaxshi ko‘radi. (Zab. 55:22) U butun yer yuzining Hokimi. Hech narsa Uning nazaridan chetda qolmaydi. (1 Butrus 3:12 ni o‘qing.) Siz hal qila olmaydigan qiyinchilik bilan kurashayotgan bo‘lsangiz, Yahovani kutishga tayyormisiz?

YAHOVANI KUTAYOTGANLAR UCHUN CHEKSIZ QUT-BARAKALAR

17. Ishayo 30:18 ga ko‘ra, Yahova bizni nimaga ishontiryapti?

17 Yaqinda samoviy Otamiz bizni O‘z barakalari bilan boyitadi. Ishayo 30:18 da shunday deyilgan: «Yahova sizlarga iltifot ko‘rsatishni sabr ila kutmoqda, sizlarga marhamat qilish uchun U qo‘zg‘aladi. Yahova adolatli Allohdir, Uni orziqib kutayotganlarning bari baxtlidir». Yahovani orziqib kutayotganlar ham hozirda, ham yangi dunyoda ko‘plab barakalarga ega bo‘ladi.

18. Bizni qanday barakalar kutmoqda?

18 Yangi dunyoda Xudoning xalqi bugungi kunda duch kelayotgan tashvishlar-u qiyinchiliklarga bardosh qilishiga hojat qolmaydi. Nohaqliklarga chek qo‘yiladi va og‘riq boshqa bo‘lmaydi. (Vah. 21:4) Bizga kerak bo‘lgan narsalarga qanday erishaman, deb tashvishlanmaymiz. Sababi o‘shanda mo‘l-ko‘lchilik bo‘ladi. (Zab. 72:16; Ishayo 54:13) Bu chindan ham barakadir!

19. Yahova asta-sekin bizni nimaga tayyorlayapti?

19 Hozirda esa Yahova yomon odatlarimizni yengishga va ilohiy fazilatlarni rivojlantirishimizga yordam berib, Uning boshqaruvi ostida yashashga tayyorlayapti. Ko‘nglingiz cho‘kmasin, taslim bo‘lmang. Eng yaxshisi hali oldinda! Ushbu ajoyib vaqtga ko‘z tikar ekanmiz, keling, Yahova O‘z ishini nihoyasiga yetkazishini sabr ila quvonib kutaylik.

118-QO‘SHIQ «Imonimizga imon qo‘sh»

^ 5- x.b. Yahovaga anchadan beri xizmat qilayotgan kishi: «Bu yoshga kirib, haliyam oxirzamon paytida yashayman, deb hech o‘ylamagandim»,— deganini eshitganmisiz? Ayniqsa, ushbu og‘ir damlarda Yahova bu yovuz dunyoga chek qo‘yishini barchamiz xohlayapmiz. Lekin sabrli bo‘lishni o‘rganish kerak. Ushbu maqolada sabr ila kutishimizga yordam beradigan Muqaddas Kitob prinsiplarini ko‘rib chiqamiz. Qaysi ikkita vaziyatda Yahovani kutishimiz kerakligiga nazar solamiz. Qolaversa, kutishga tayyor bo‘lgan insonlarga Yahova qanday barakalar ato etishiga diqqat qaratamiz.

^ 56- x.b. RASMGA SHARH. Bir imondoshimiz bolaligidan Yahovaga muntazam ibodat qiladi. U kichikligida ota-onasi unga qanday ibodat qilishni o‘rgatgan. U o‘smirligida kashshof bo‘lib xizmat qilar ekan, Yahova xizmatiga baraka berishini so‘rab, tez-tez ibodat qiladi. Yillar o‘tib, eri og‘ir kasal bo‘lganida, opamiz Yahovaga yolvorib bu qiyinchilikda bardoshli bo‘lishi uchun u muhtoj bo‘lgan kuchni berishini so‘radi. Hozirda u beva; hayoti davomida bo‘lganidek, samoviy Otasi ibodatlariga javob berishiga to‘liq ishonib, Undan so‘rashda davom etyapti.