Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Tabiiy ofat yuz berganda

Tabiiy ofat yuz berganda

Boshida umidsizlikka tushib qolgandik. Bor-budimizni loy ko‘chkisi va toshqin yuvib ketdi. Endryu, Syerra-Leone.

Bo‘ron tugaganidan keyin uyimizga qaytib bordik. Hamma narsa yer bilan yakson bo‘lgan edi. Nima deyishni bilmay qoldik. Qizim yerga o‘tirib, yig‘lab yubordi. Devid, Virginiya orollari.

AGAR siz ham qachondir tabiiy ofatni boshdan kechirgan bo‘lsangiz, bunday insonlar nimalarni his qilishini yaxshi tushunasiz. Ular shok holatiga tushishi, norozi bo‘lishi, esankirab qolishi, g‘am-qayg‘uga botishi va kechalari yomon tush ko‘rishi mumkin. Tabiiy ofatdan aziyat chekkanlarning aksariyati tushkunlikka tushadi va holdan toyib oldinga intilish niyati so‘nib qoladi.

Mabodo tabiiy ofat dastidan bor-budingizdan ayrilgan bo‘lsangiz, siz ham «Bardoshim yetmaydi» deb o‘ylayotgandirsiz. Sizga yashashdan hech qanday ma’no yo‘qday tuyulishi mumkin. Lekin Muqaddas Kitobda tushuntirilishicha, hayot yashashga arziydi. Bu esa sizga porloq kelajakka umid beradi.

MUQADDAS KITOBDAGI HAQIQAT HAYOTINGIZNI MAZMUNLI QILADI

Voiz 7:8 da: «Ishning oxiri boshlanishidan afzalroq»,— deyilgan. Tabiiy ofatni endigina boshdan kechirgan bo‘lsangiz, umidsizlikka tushishingiz mumkin. Lekin sabr-toqat bilan oyoqqa turishga harakat qilsangiz, hammasi o‘z iziga tushib ketadi.

Muqaddas Kitobda «yig‘i-sig‘i, dard-alam tovushlari boshqa eshitilmaydigan» payt kelishi haqida bashorat qilingan. (Ishayo 65:19) Bu so‘zlar Xudo Shohligining boshqaruvi ostida yer yuzi jannatga aylanganda amalga oshadi. (Zabur 37:11, 29) Tabiiy ofatlar o‘tmishda qolib ketadi. Har qanday og‘riqli xotiralar va dard-alam batamom yo‘q bo‘ladi. Chunki Qodir Tangri shunday va’da beryapti: «O‘tmishdagi narsalar esga olinmaydi, hatto ko‘ngilga ham kelmaydi». (Ishayo 65:17)

Bir o‘ylab ko‘ring, Yaratuvchining O‘zi sizga: «Porloq kelajak va umid baxsh etaman»,— deb va’da beryapti. Ya’ni siz Xudoning mukammal boshqaruvi ostida sokin hayot kechirishingiz mumkin. (Yeremiyo 29:11) Bu haqiqatni bilish nahotki hayotingizni davom ettirishga undamasa?! Birinchi maqolada so‘zlari keltirilgan Salli shunday deydi: «Xudoning Shohligi kelajakda bizga beradigan ajoyib barakalar haqida o‘zimizga eslatib turish o‘tmishni unutib, bugungi qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi».

Xudoning Shohligi insoniyat uchun yaqinda nimalar qilishi haqida ko‘proq bilib olishni istaysizmi? Qanday fojiani boshdan kechirmang, bu bilimlar hayotingizni hozirning o‘zida mazmunli qilishga hissa qo‘shib, tabiiy ofatlardan xoli kelajakka umid beradi. Ayni paytda esa Muqaddas Kitob tabiiy ofat oqibatlarini yengishga ko‘maklashadigan amaliy maslahatlarni ham taqdim etyapti. Keling, ulardan bir nechtasini ko‘rib chiqaylik.