Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitob qanday qilib bizgacha yetib keldi?

Muqaddas Kitob qanday qilib bizgacha yetib keldi?

Muqaddas Kitob qanday qilib bizgacha yetib keldi?

Muqaddas Kitob bizning kunlargacha o‘zgarmagan holda yetib kelgani haqiqiy mo‘jiza! U yozib tugatilganidan beri 1 900-yildan ziyod vaqt o‘tdi. U tez chiriydigan materiallarga — papirus qamishidan tayyorlangan qog‘ozga va hayvon terisidan tayyorlangan pergamentga yozilgan edi. U yozilgan tilni hozir tushunadigan odam oz. Ustiga-ustak, hokimiyatga ega bo‘lgan kishilar, jumladan imperatorlar va din rahbarlari jon-jahd bilan Muqaddas Kitobni yo‘q qilishga urinishgan.

BU noyob asar qanday qilib vaqt sinovidan o‘tib, eng keng tarqalgan kitobga aylandi? Keling, ikkitagina omilni ko‘rib chiqaylik.

Nusxa ko‘chirish

Muqaddas Kitobning ilk matnlari ishonib topshirilgan Isroil xalqi asl nusxa yozilgan o‘rama bitiklarni ehtiyot qilib saqlagan va ko‘pdan-ko‘p nusxalarini yaratgan. Masalan, Isroil shohlariga «Qonundan o‘zi uchun nusxa ko‘chirib, o‘rama bitikka yozsin»,— deb amr etilgan edi. (Qonunlar 17:18)

Ko‘p isroilliklar Muqaddas Yozuvlar Allohning Kalomi ekanini tan olib, uni yaxshi ko‘rib o‘qishardi. Maxsus ta’lim olgan kotiblar o‘ta ehtiyotkorlik bilan nusxa ko‘chirishardi. Xudodan qo‘rqadigan kotiblardan biri — Ezra haqida shunday deyilgan: «U, Isroilning Tangrisi Yahova bergan Musoning Tavrot kitobini yaxshi biladigan kotib edi». (Ezra 7:6) Mil. avv. VI—IX asrlarda Ibroniycha yozuvlardan yoki «Eski ahd»dan nusxa ko‘chirgan masoretlar xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun hatto matndagi harflarni sanab chiqishardi. Nusxalar shu qadar sinchkovlik bilan ko‘chirilgani tufayli Muqaddas Kitob matni aniqligicha saqlanib qoldi va dushmanlar uni yo‘q qilib yuborishga urinishganiga qaramay, bizning kunimizgacha yetib keldi.

Masalan, mil. avv. 168-yili Suriya hukmdori Antiox IV Falastinda topa olgan Ibroniycha yozuvlarning barcha nusxalarini yo‘q qilishga uringan. Yahudiylar tarixida shunday deyilgan: «Qonunlar yozilgan o‘rama bitiklarini topgach, ularni yirtib, yoqib yuborishardi». Yahudiylar ensiklopediyasida esa shunday yozilgan: «Amaldorlar bu amrni so‘zsiz bajarishardi... Muqaddas Yozuvlarga ega bo‘lish... o‘lim bilan jazolanardi». («The Jewish Encyclopedia») Ammo Falastinda va boshqa yurtlarda yashovchi yahudiylar Muqaddas Yozuvlarning nusxalarini saqlab qolishgan.

Yunoncha yozuvlar yoki «Yangi ahd» yozilishi tugatilganidan keyin ko‘p o‘tmay ularning tarkibiga kirgan ilohiy ilhom bilan yozilgan maktublar hamda bashoratli va tarixiy kitoblarning nusxalari keng tarqala boshladi. Masalan, Yuhanno bayon etgan xushxabar Efesda yoki uning yaqin atrofida yozilgan. Lekin o‘sha xushxabar nusxasining bir parchasi, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, u yozilganidan keyin 50-yil o‘tar-o‘tmas, Efesdan yuzlab kilometr narida — Misrda topilgan. Bu topilma, uzoq yurtlarda yashagan ilk masihiylar yaqindagina ilohiy ilhom bilan yozilgan matnlarning nusxalariga ega bo‘lishganidan dalolat beradi.

Xudo Kalomining keng tarqalishi ham Masihning vafotidan yuzlab yillar o‘tib saqlanib qolishiga hissa qo‘shdi. Masalan, mil. avv. 303-yili fevral oyining 23 kuni tong saharda Rim imperatori Diokletian askarlar bir cherkovning eshiklarini buzib, Muqaddas Yozuvlarning nusxalarini yondirishayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga kelgan edi. Diokletian Muqaddas Yozuvlarni yo‘q qilib, masihiylikni ildizi bilan sug‘urib tashlayman deb o‘ylagan. Ertasi kuni u butun Rim imperiyasi bo‘ylab Muqaddas Kitobning barcha nusxalari omma oldida yondirishni amr etgan. Ammo shunga qaramay, uning nusxalari saqlanib, ko‘paytirilgan. Yunon tilidagi Muqaddas Kitobning ikkita nusxasining aksar qismi bizgacha yetib kelgan. Ular Diokletianning amridan keyin ko‘p o‘tmay ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin. Ulardan biri Rimda, ikkinchisi esa Londondagi Britaniya kutubxonasida saqlanmoqda.

Garchi Muqaddas Kitobning asl qo‘lyozmalari topilmagan bo‘lsa-da, to‘liq Muqaddas Kitobning yoki qismlarining qo‘lda ko‘chirilgan minglab nusxalari bizning kunlargacha yetib kelgan. Ularning ba’zilari juda eski. Ko‘chirilayotgan paytda asl nusxadagi xabar o‘zgarganmi? Olim Vilyam Grin Ibroniycha yozuvlar haqida quyidagini aytgan edi: «Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, ko‘hna san’at asarlarining hech biri bunchalik aniq yetkazib berilmagan». Muqaddas Kitob qo‘lyozmalari bo‘yicha yetakchi olim Frederik Kenon Yunoncha yozuvlar to‘g‘risida shunday degan edi: «Asl nusxa bilan qo‘l ostidagi eng qadimgi yozma dalillarning sanalari orasidagi vaqt shunchalik oz bo‘lganidan unga ahamiyat bermasa ham bo‘ladi va ular bizning kunlargacha yozilganidek saqlanib qolganiga hech qanday shubha qolmadi. Nihoyat Yangi ahd kitoblarining ishonchliligi va saqlanib qolgani masalalarini yopildi deb hisoblash mumkin». U yana shunday deb qo‘shib qo‘ygan: «Umuman olganda Muqaddas Kitob matni hech qanday shubha uyg‘otmaydi... Dunyodagi boshqa hech qaysi qadimiy kitob haqida bunday deya olmaymiz».

Muqaddas Kitob tarjimasi

Muqaddas Kitob ko‘p tillarga tarjima qilingani sababli ham dunyodagi eng keng tarqalgan kitobga aylangan. Bu Allohning niyatiga muvofiqdir, chunki U barcha xalqlar o‘z Yaratuvchisini tanib-bilib, Unga «ruh va haqiqat bilan» topinishlarini istaydi. (Yuhanno 4:23, 24; Mixo 4:2)

Ibroniycha yozuvlarning birinchi tarjimasi, yunon tilidagi Septuagintadir. U Isoning yer yuzidagi xizmati boshlanishidan qariyb ikki asr oldin tayyorlangan bo‘lib, Falastindan tashqarida yashovchi yunonzabon yahudiylar uchun mo‘ljallangan edi. Yunoncha yozuvlar yozib tugatilganidan keyin atigi bir necha asr o‘tib, to‘liq Muqaddas Kitob yana ko‘p tillarga tarjima qilindi. Ammo keyinchalik, Muqaddas Kitob xalq mulkiga aylanishini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan shohlar va hatto ruhoniylar bunga jon-jahd bilan to‘sqinlik qila boshlashdi. Ular Muqaddas Kitobni oddiy xalq tiliga tarjima qilishga ruxsat bermay, imonlilarni ma’naviy zulmatda saqlashardi.

Hukumatning va cherkovning siyosatiga qaramay, dovyurak insonlar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, Muqaddas Kitobni oddiy xalq tiliga tarjima qilishardi. Masalan, Oksfordda ta’lim olgan Vilyam Tindal ismli bir ingliz 1530-yili Ibroniycha yozuvlarning ilk beshta kitobini — Tavrotni nashr etgan. Shiddatli qarshiliklarga qaramay, u birinchi bo‘lib Muqaddas Kitobni bevosita ibroniy tilidan inglizchaga o‘girgan. Shuningdek, Tindal Xudoning Yahova degan ismini qo‘llagan birinchi ingliz tarjimoni edi. Muqaddas Kitobni ispan tiliga o‘girgan ilk tarjimonlardan biri — ispaniyalik Muqaddas Kitob bo‘yicha olim Kasiodoro de Reyna o‘z faoliyati uchun katoliklar tomonidan muntazam xavf ostida bo‘lgan. O‘z ishini tugatish uchun u turli mamlakatlarda: Angliya, Germaniya, Gollandiya, Fransiya va Shveysariyada yashashga majbur bo‘lgan *.

Bugungi kunda Muqaddas Kitob ko‘pdan-ko‘p tillarga tarjima qilinib, millionlab nusxada chop etilmoqda. Uning saqlanib qolgani va eng keng tarqalgan kitobga aylangani havoriy Butrusning ilohiy ilhom bilan yozgan quyidagi so‘zlari haq ekanini tasdiqlamoqda: «O‘t qurib qoladi, gul ham to‘kiladi. Lekin Yahovaning kalomi abadiy qoladi». (1 Butrus 1:24, 25)

[Izoh]

^ Reynaning tarjimasi 1569-yili nashr etilgan va 1602-yili Sipriano de Valera tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan.

[Ramka/14- sahifadagi rasmlar]

QAYSI TARJIMANI O‘QISAM EKAN?

Ko‘p tillarda Muqaddas Kitobning turli tarjimalari bor. Ba’zilari eski tilda bo‘lib, ularni tushunish qiyin. Boshqalari erkin hikoya kabi, matnni aniq yetkazish o‘rniga o‘qishni osonlashtirish maqsadida tayyorlanganga o‘xshaydi. Ayrimlari esa lug‘aviy, ya’ni deyarli so‘zma-so‘z tarjima qilingan.

Yahovaning Shohidlari tomonidan nashr etilgan «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning inglizcha nashri, ismlari sir tutilgan bir guruh tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri asl nusxadagi tillardan tarjima qilingan. Mazkur tarjima o‘z navbatida yana qariyb 60 tilga o‘girish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Shunda ham o‘sha tillarning tarjimonlari tez-tez asl nusxadagi til bilan solishtirib ishlashgan. «Yangi dunyo tarjimasi»ning maqsadi — ma’nosini buzmagan holda, asl nusxadagi matnni imkon qadar so‘zma-so‘z yetkazib berish. Tarjimonlar, Muqaddas Kitobning asl matni qadimda yashagan odamlarga qanchalik tushunarli bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi o‘quvchilarga ham shunchalik tushunarli bo‘lishi uchun harakat qilishgan.

Ba’zi tilshunoslar hozirgi Muqaddas Kitob tarjimalarida, jumladan «Yangi dunyo tarjimasi»da ham xolislik bilan o‘girilmagan va noto‘g‘ri yetkazilgan iboralar mavjud yoki mavjud emasligini tekshirishgan. Bunday olimlardan biri AQShning Shimoliy Arizona universitetida dinshunoslik sohasida dotsyent — Jeyson Devid Bedun. 2003-yili u «ingliz zabon dunyoda eng keng tarqalgan Muqaddas Kitob tarjimalari»dan * to‘qqiztasini o‘rganib chiqib, 200 sahifali bir asar tayyorlagan. U Muqaddas Yozuvlarning bahsli deb hisoblangan ayrim parchalariga, xususan «tarjima paytida ko‘pincha xolisona yondashilmaydigan joylari»ga alohida e’tibor qaratgan. U yunoncha matndagi har bir parchani inglizcha tarjimasi bilan solishtirib, ma’nosini buzish maqsadida noxolislik bilan yondashilgan joylarni aniqlashga harakat qilgan. Natijada u qanday xulosaga kelgan?

Bedunning aytishicha, aksariyat odamlar va Muqaddas Kitob bo‘yicha olimlarning ko‘pi, «Yangi dunyo tarjimasi»ga (YADT) uni o‘girganlarning diniy noxolisligi ta’sir qilgan, deb o‘ylashadi. U shunday deydi: «YADTning farq qilishi, u so‘zma-so‘z va o‘ta ehtiyotkorlik bilan qilingan yanada aniq tarjima ekanidadir». Garchi Bedun «Yangi dunyo tarjimasi»dagi ba’zi yechimlarga qo‘shilmasa-da, umuman olganda uni «ko‘rib chiqilganlar ichida eng aniq tarjima» deb hisoblaydi va hatto «eng a’lo tarjima» deb ataydi.

Isroillik ibroniy tili olimi, professor Binyamin Kedar «Yangi dunyo tarjimasi» haqida shunga o‘xshash fikr bildirgan. 1989-yili u shunday degan edi: «Bu asar matnni imkon qadar aniq yetkazib berishga xolisona harakat qilinganini o‘zida aks ettiradi. [...] ...Asl matnda bo‘lmagan narsani noxolislik bilan “Yangi dunyo tarjimasi”ga qo‘shib qo‘yish niyati borligini biror marta payqamaganman».

O‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Muqaddas Kitobni o‘qishdan maqsadim nima? Men uchun nima muhimroq: matn aniq yoki aniq emasligidan qat’i nazar, oson o‘qilishimi yoki ilohiy ilhom bilan yozilgan asl matndagi fikrlar imkon qadar aniq yetkazib berilganimi?» (2 Butrus 1:20, 21) Sizning maqsadingiz qaysi tarjimani tanlashingizni belgilab beradi.

[Izoh]

^ «Yangi dunyo tarjimasi» bilan bir qatorda «Yangi ahdning kengaytirilgan tarjimasi» («The Amplified New Testament»), «Jonli Bibliya» («The Living Bible»), «Yangi Amerika Bibliyasi, qayta ko‘rib chiqilgan Yangi ahd bilan» («The New American Bible With Revised New Testament»), «Yangi Amerika standart Bibliyasi» («New American Standard Bible»), «Muqaddas Bibliya — Yangi xalqaro tarjima» («The Holy Bible—New International Version»), «Qayta ko‘rib chiqilgan yangi standart tarjima» («The New Revised Standard Version»), «Zamonaviy ingliz tilidagi Bibliya» («The Bible in Today’s English Version» va «Qirol Jeyms Bibliyasi» («King James Version»).

[Rasmlar]

«Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» ko‘p tillarda nashr etilgan

[12, 13- sahifadagilar rasm]

Masoret qo‘lyozmalari

[13- sahifadagi rasm]

Luqo 12:7 oyatidan bir parcha: «Qo‘rqmanglar, sizlar ko‘pgina chumchuqlardan ko‘ra qadrliroqsiz»

[13- sahifadagi rasmlar manbai]

Foreground page: National Library of Russia, St. Petersburg; second and third: Bibelmuseum, Münster; background: © The Trustees of the Chester Beatty Library, Dublin