Asosiy materiallarga o‘tish

Ekstremal sport. Tavakkal qilishga arziydimi?

Ekstremal sport. Tavakkal qilishga arziydimi?

Muqaddas Kitob nuqtai nazari

Ekstremal sport. Tavakkal qilishga arziydimi?

«Bugungi kunda aksariyat odamlar ekstremal sport turlarini, jumladan, parashyut bilan sakrash, arqon bilan tog‘dan tushish, qayiqda sharsharadan tushish yoki akula bilan suzishni nafaqat tomosha qilishadi, balki shunchaki ko‘ngilxushlik uchun mana shu sport turlari bilan shug‘ullanishadi». («THE WILLOW GLEN RESIDENT NEWSPAPER»)

Mazkur izohdan ommalashib borayotgan sport turlarini ko‘rishimiz mumkin. Parashyut bilan sakrash, muzlar bo‘ylab ko‘tarilish, paraplanlarda uchish va baland joylardan sakrash a kabi sport turlari keng tarqalgani insonlar o‘zgacha tuyg‘ularni his qilishni istayotganini ko‘rsatyapti. Insonlar, shuningdek, mototsikl, chang‘i, snoubord va skeytbordlarda o‘ta xavfli harakatlarni amalga oshirishadi. «Tayms» jurnalida yozilishicha, ushbu sport turlari juda ommalashgan, boisi insonlar murakkab, xavfli narsalarni bajarish orqali qo‘rquv hissini yengib, hayotdan ko‘proq zavq olishni istaydi.

Odamlar oddiy sport turlarini ekstremal sport turlariga aylantirayotgani tufayli jarohat olayotganlar soni tobora oshmoqda. Masalan, tez yordam xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda 1997-yil davomida skeytbordda uchish oqibatida jarohat olganlar soni 33 foizga, snoubordda uchib jarohat olganlar soni 31 foizga, tog‘dan arqon bilan tushganda jarohat olganlar soni esa 20 foizga oshgan. Boshqa sport turlarida esa ma’lumotlar yanada dahshatliroq. Ekstremal sport bilan shug‘ullanish oqibatida o‘lim soni ortib borayotgani buning yaqqol isboti. Ekstremal sport bilan shug‘ullanadiganlar aslida bu xavfli ekanini bilishadi. Masalan, tog‘ chang‘isining ekstremal turi bilan shug‘ullanadigan bir ayol shunday dedi: «Men o‘lishim mumkinligini hecham xayolimdan ketkazmayman». Snoubord bilan professional tarzda shug‘ullanadigan bir kishi: «Agar jarohat olmasangiz, demak yetarlicha harakat qilmayapsiz»,— degan fikr bildirdi.

Yuqoridagi fikrlarni inobatga olgan holda masihiylar bunday sport turlarida ishtirok etishga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishlari lozim? Qay yo‘sin Muqaddas Kitob bizga ekstremal sport turi bilan shug‘ullanish yo shug‘ullanmaslik masalasini hal qilishga ko‘maklashadi? Xudo hayotni muqaddas deb hisoblashi ustida fikr yuritish ushbu savollarga javob topishimizga yordam beradi.

Xudoning hayotga bo‘lgan nuqtai nazari

Muqaddas Kitobda aytilishicha, Yahova — «hayot manbai»dir. (Zabur 36:9) U bizni nafaqat yaratdi, balki hayotdan zavqlanib yashashimiz uchun barcha zaruriy narsalar bilan ta’minladi. (Zabur 139:14; Havoriylar 14:16, 17; 17:24–28) Bundan Xudo hayot tuhfasini qadrlashimizni istayotganini ko‘rishimiz mumkin. Isroil xalqiga berilgan qonun va prinsiplar buni tushunishimizga ko‘maklashadi.

Musoning qonuniga ko‘ra, odamlar boshqalarning hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun muayyan qonunlarga amal qilishi kerak edi. Agar u bunday yo‘l tutmasa va oqibatda kimdir hayotdan ko‘z yumsa, qonunlarga amal qilmagan inson qon to‘kishda aybdor hisoblangan. Misol uchun, Xudo Isroil xalqidan uyining tomi tepasiga himoyalovchi to‘siq o‘rnatishni talab qilgan. Agar kimdir uning uyi tomidan yiqilib o‘lsa, uy egasi qon to‘kishda aybdor hisoblangan. (Qonunlar 22:8) Agar buqa kimnidir suzib yuborsa va u hayotdan ko‘z yumsa, buqaning egasi bunga javobgar hisoblanmagan. Ammo u buqasi suzong‘ich ekanini bilgan bo‘lsa hamda bu haqda oldin ham ogohlantirilganiga qaramay, kerakli choralar ko‘rmagan bo‘lsa, u qon to‘kishda aybdor hisoblangan. Shuning uchun o‘sha kishi o‘ldirilishi kerak edi. (Chiqish 21:28, 29) Xudo hayotni muqaddas deb bilgani va xalqi ham hayotga nisbatan shunday nuqtai nazarda bo‘lishini istagani uchun ularga shunday qonunlar bergan.

Yahovaning sadoqatli xizmatchilari, muayyan qonun-qoida bo‘lmasa ham, o‘zlarining va boshqalarning hayotini xavf ostiga solmasligi lozim ekanini tushunishgan. Bir Muqaddas Kitob bayonotida Dovud Baytlahm darvozasi yonidagi sardobadan suv ichmoqchi ekanini aytadi. O‘sha kezlari Baytlahm filistimliklar boshqaruvi ostida edi. Dovudning iltimosini eshitgach, uning uch nafar askari filistimliklarning qarorgohiga borgan va Baytlahm sardobasidan suv tortib, Dovudga olib kelgan. Dovud bunga qanday munosabat bildiradi? U suvni ichmay yerga to‘kib yuboradi. U shunday deydi: «Hayotini xavf ostiga qo‘yib suv olib kelgan bu odamlarning qonini qanday ichaman?! Xudoyimning oldida bunday qilishni hatto aqlimga ham sig‘dira olmayman! Axir ular bu suvni olib kelish uchun hayotini xavf ostiga qo‘yishdi-ku!» (1 Solnomalar 11:17–19) Dovud o‘z istaklarini qondirish maqsadida boshqalarning hayotini xavf ostiga qo‘yishni aqliga sig‘dira olmagan.

Iblis Isoga: «O‘zingni pastga tashla-chi... “[Farishtalar] seni qo‘llarida ko‘tarib ketadi”»,— deb aytganida, Iso hayotini xavf ostiga qo‘yishdan bosh tortib: «Tangring Yahovani sinama»,— deb javob bergan. (Matto 4:5–7) Darhaqiqat, Iso ham, Dovud ham noo‘rin xatti-harakatlar qilib, inson hayotini xavf ostiga qo‘yish noto‘g‘ri ekanini tushunishgan.

Bu misollarni yodda tutgan holda, o‘zimizdan shunday so‘rashimiz mumkin: qaysi sport turi xavfli yoki ekstremal ekanini qanday qilib aniqlasam bo‘ladi? Ayrim insonlar oddiy sport turlari bilan xavfli tarzda shug‘ullanadi. Shunday ekan, sport bilan xavfsiz tarzda shug‘ullanish mumkinligini qay yo‘sin aniqlasa bo‘ladi?

Tavakkal qilish arziydimi?

To‘g‘ri qaror chiqarish uchun, biz shug‘ullanmoqchi bo‘lgan sport turi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. O‘zimizga shunday savollar bersak bo‘ladi: «Bu sport turida odamlar qanchalik tez-tez jarohat oladi? Bu sport turi bilan shug‘ullanish uchun ta’lim olganmanmi? Himoyalovchi vositalarim bormi? Agar yiqilib tushsam, noto‘g‘ri sakrasam yo bo‘lmasa himoyalovchi vositalar pand bersa, bu qanday oqibatlarga olib keladi? Shunchaki yengil shikastlanamanmi? Yoki jiddiy jarohat olamanmi? Yoki hatto bu o‘lim bilan yakun topishi mumkinmi?»

Agarda masihiy bila turib xavfli sport turlari bilan shug‘ullansa, u Yahovani ranjitishi va jamoatdagi ayrim vazifalarni bajarish uchun layoqatsiz bo‘lib qolishi mumkin. (1 Timo‘tiyga 3:2, 8–10; 4:12; Titusga 2:6–8) Demak, masihiylar hatto dam olayotgan paytida ham, hayot Yaratuvchining nazarida qanchalik qadrli ekanini yodda tutishi darkor.

[Izoh]

a Bu sport turi, ya’ni bir joyda turgan obyektlardan sakrash, masalan binolar, ko‘priklar va qoyalardan sakrash, shu qadar xavfli hisoblanadiki, Qo‘shma Shtatlarning Milliy parklar xizmati uni taqiqlab qo‘ygan.