100- HIKOYA
Iso bog‘da
BOLOXONADAN chiqib, Iso havoriylari bilan Getsemaniya bog‘iga qarab yo‘l oldi. Ular bu yerga ilgari ham kelib turishardi. Iso, havoriylariga sergak bo‘lib, ibodat qilishlarini aytdi. O‘zi esa nariroq borib, yerga yuz tuban tushib ibodat qildi.
Bundan so‘ng Iso havoriylarining yoniga qaytib keldi. Xo‘sh, ular nima qilyapti deb o‘ylaysiz? Ular uxlab yotishibdi! Iso uch marta qaytib kelganida, ularni uxlab yotgan holda ko‘rib, sergak bo‘lishlarini aytdi. Iso uchinchi marta qaytib kelgach: «Bunday bir fursatda qanday uxlay olasizlar? Axir, hozirning o‘zida dushmanlarning qo‘liga tutib berilaman»,— dedi.
Shu payt yaqinlashib kelayotgan olomonning shovqini eshitildi. Qarang! Ular qilich va tayoqlar bilan qurollangan! Qo‘llarida yo‘llarini yoritish uchun mash’allari ham bor. Olomon yaqinlashganida, orasidan bir odam chiqib, Isoning oldiga yaqinlashdi. Bu yerda ko‘rib turganingizdek, u Isoni o‘pyapti. Bu odam Yahudo Ishqariyot! Nima uchun u Isoni o‘pyapti?
— Yahudo, sen menga o‘pish bilan xiyonat qilyapsanmi? — deb so‘radi Iso. Ha, o‘pish — bu belgi edi. Yahudo bunday qilib, o‘zi bilan kelganlarga, qaysi biri Iso ekanligini ko‘rsatyapti. Shunda Isoning dushmanlari uni tutish uchun oldinga tashlanishdi. Biroq Butrus Isoni olib ketishlarini xohlamadi. U qilichini qinidan sug‘urib, yonida turgan odamga yo‘naltirdi. Qilich odamning boshiga sal tegmay, o‘ng qulog‘ini chopib tashladi. Ammo Iso odamning qulog‘iga qo‘l tegizib, asl holiga qaytardi.
Butrusga esa shunday deb buyurdi: «Qilichingni joyiga qaytarib qo‘y. Otamga iltijo qilsam, U menga yordamga minglab farishtalarni yuborishi mumkinligini bilmaysanmi?». Iso albatta shunday qila olar edi! Ammo Iso Otasidan farishtalarni yuborishni so‘ramadi, chunki hozir dushmanlarining uni olib ketish vaqti edi. Shu sababli u bo‘ysundi va uni olib ketishdi. Keling, Iso bilan bundan keyin nima sodir bo‘lganini bilib olaylik.