Asosiy materiallarga o‘tish

Xudoning nechta ismi bor?

Xudoning nechta ismi bor?

Xudoning nechta ismi bor?

Muqaddas Kitob asosida javob

Xudoning bitta shaxsiy ismi bor. Ibroniychada יהוה deb yoziladi. O‘zbek tiliga odatda «Yahova» deb tarjima qilinadi *. Ishayo payg‘ambar orqali Xudo shunday degan: «Men Yahovaman. Bu — Mening ismim». (Ishayo 42:8) Muqaddas Kitobning qadimgi qo‘lyozmalarida bu ism taxminan 7 000-marta uchraydi. Muqaddas Kitobda mazkur ilohiy ism Xudoga nisbatan qo‘llanilgan har qanday atama yoki boshqa insonlarning ismiga qaraganda ko‘proq aytib o‘tilgan *.

Yahovaning boshqa ismlari bormi?

Garchi Muqaddas Kitobda Xudoning faqat bitta shaxsiy ismi bor bo‘lsa-da, ammo Unga nisbatan ko‘pgina unvonlar va atamalar ham qo‘llanilgan. Quyida keltirilgan unvon va atamalar Yahova shaxsiyatining qirralarini ochib beradi.

Unvon

Oyat

Ma’nosi

Abadiyat Shohi

Vahiy 15:3

U doim mutlaq hokimiyatga ega bo‘lgan va ega bo‘ladi.

Azaliy Nuroniy

Doniyor 7:9, 13, 22

Bu unvon Uning boshi yo‘qligini, ya’ni har kim va har narsa paydo bo‘lishidan avval abadiyat davomida mavjud bo‘lganini bildiradi. (Zabur 90:2)

Alloh, Xudo

Ibtido 1:1

Arab tilidan kelib chiqqan «Alloh» so‘zi shaxsiy ism emas, balki «Xudo» so‘zini bildiruvchi unvondir. Muqaddas Kitobning arab hamda boshqa tillardagi tarjimalarida «Xudo» so‘zining o‘rniga «Alloh» so‘zi qo‘llanilgan. U odamlar topinishi kerak bo‘lgan qudratli Shaxs. Ibroniycha Elohim so‘zi ko‘plik shaklini bildirib, Yahovaning ulug‘vorligi hamda mahobatiga ishora qiladi.

Alfa va Omega

Vahiy 1:8; 21:6; 22:13

«Birinchi va oxirgi» yoki «ibtido va intiho» so‘zlari Yahovadek Qodir Tangri oldin bo‘lmaganini, keyin ham bo‘lmasligini anglatadi. (Ishayo 43:10) Alfa va Omega yunoncha alifboning birinchi va oxirgi harflaridir.

Baxtiyor Tangri

1 Timo‘tiyga 1:11

Unga quvonch va baxt xos. (Zabur 104:31)

Buyuk Ustoz

Ishayo 30:20, 21

Inson foydasini ko‘zlab ta’lim va yo‘l-yo‘riq beradi. (Ishayo 48:17, 18)

Ibodatlarni Eshitguvchi

Zabur 65:2

Unga ishonib ibodat qilgan har qanday insonni shaxsan O‘zi tinglaydi.

Kulol

Ishayo 64:8

Kulol loy ustidan hokimiyatga ega bo‘lgani singari, U insonlar va xalqlar ustidan hokimiyatga ega. (Rimliklarga 9:20, 21)

Men bor bo‘lgan Menman

Chiqish 3:14, O‘zbekiston Bibliya Jamiyati, izoh

O‘z niyatini amalga oshirish uchun U kim bo‘lishi kerak bo‘lsa, O‘sha bo‘ladi. Bu ibora shuningdek, «Men Kim bo‘lishni istasam, O‘sha bo‘laman» deb tarjima qilinadi. («Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning A4 ilovasi) Bunday tavsif Chiqish 3:15- oyatdagi Xudoning shaxsiy ismi — «Yahova»ning ma’nosini tushunishga yordam beradi.

Najotkor

Ishayo 45:21

Xavf-xatar va halokatdan qutqaradi.

Oliy Hukmdor

Ibtido 15:2

Oliy hokimiyat Sohibi.

Ota

Matto 6:9

Hayot beruvchi

Rabb

Zabur 135:5

Ega yoki xo‘jayin.

Rashkchi

Chiqish 34:14, O‘zbekiston Bibliya Jamiyati

Topinishda raqobatga toqat qilmaydi. Bu ibora, shuningdek, «mutlaq sadoqatni talab etuvchi» deb tarjima qilinadi. («Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»)

Taolo

Zabur 47:2; Doniyor 7:18, 27

U eng yuqori mavqega ega, Oliy hukmdor.

Xaloskor

Ishayo 41:14

Isoning to‘lov qurbonligi asosida U insoniyatni gunoh va o‘limdan xalos qiladi. (Yuhanno 3:16)

Xudolar Xudosi

Qonunlar 10:17

Ba’zilar topinadigan «foydasiz xudolardan» farqli o‘laroq qudratli Xudo. (Ishayo 2:8)

Cho‘pon

Zabur 23:1

O‘z topinuvchilariga g‘amxo‘rlik qiladi.

Eng Muqaddas Zot

Hikmatlar 9:10

Har qanday mavjudotga qaraganda muqaddas, axloqan pok va toza.

Yaratuvchi

Zabur 149:2; Ishayo 40:28

Barcha narsani vujudga keltirgan. (Vahiy 4:11)

Qodir

Ibtido 17:1

U cheksiz kuch-qudrat egasi. «Qodir Alloh» yoki «Qodir Tangri» unvonlari Muqaddas Kitobda 7-marta uchraydi.

Qoya

Zabur 18:2, 46

Xavfsiz boshpana va najot manbai.

Qo‘shinlar Sarvari

Ishayo 1:9; Rimliklarga 9:29

Son-sanoqsiz farishtalardan tashkil topgan qo‘shin qo‘mondoni.

Tavrotda uchraydigan joy nomlari

Muqaddas Kitobda uchraydigan ba’zi joy nomlari tarkibida Xudoning shaxsiy ismi bor. Ammo bu nomlarni Xudoning ismi o‘rniga ishlatish mumkin degani emas.

Joy nomi

Oyat

Ma’nosi

Yahova-Yire

Ibtido 22:13, 14

«Yahova beradi».

Yahova-Nissi

Chiqish 17:15

«Yahova — mening belgimdir» yoki «bayrog‘imdir». (O‘zbekiston Bibliya Jamiyati) Yahovaning xalqi himoya va panoh topish uchun Uning atrofida yig‘iladi. (Chiqish 17:13–16)

Yahova-Shalom

Hakamlar 6:23, 24

«Yahova — tinchlik».

Xudoning ismini bilish va qo‘llash uchun sabablar

  • Xudo odamlar Uning shaxsiy ismi —«Yahova»ni bilishini xohlaydi. Muqaddas Kitobda Uning ismi minglab marotaba yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilganidan buni yaqqol ko‘rsa bo‘ladi. (Malaki 1:11)

  • Xudoning O‘g‘li Iso ilohiy ism muhimligini qayta-qayta aytib o‘tgan. Masalan, u Yahovaga ibodat qilib: «Isming muqaddas bo‘lsin»,— degan. (Matto 6:9; Yuhanno 17:6)

  • Xudoning ismini bilish va qo‘llash Yahova bilan do‘stlashishda qo‘yilgan ilk qadamdir. (Zabur 9:10; Malaki 3:16) Xudo O‘zi bilan do‘stlashgan insonlarga shunday va’da bermoqda: «Meni sevgani uchun uni qutqaraman. Ismimni bilgani uchun uni himoya qilaman». (Zabur 91:14)

  • Muqaddas Kitob: «Osmonda va yerda “xudo” deb atalganlar bor... chindan ham “xudolar” va “hazratlar” ko‘p»,— deb tan olmoqda. (1 Korinfliklarga 8:5, 6) Lekin bu kitobdan ismi «Yahova» bo‘lgan birgina haq Xudo borligini aniq ko‘rsa bo‘ladi. (Zabur 83:18)

^ 3- x.b. Ibroniy tili bo‘yida ba’zi olimlar Xudoning ismini «Yahve» yoki «Yahvo» deb tarjima qilishni afzal ko‘radi.

^ 3- x.b. Muqaddas Kitobda bu ilohiy ismning qisqartmasi bo‘lmish «Yah», shu jumladan, «Yahga hamdlar bo‘lsin» degan ma’noni bildiruvchi «Halleluya» so‘zi taxminan 50-marta uchraydi. (Vahiy 19:1, izoh)