MUQADDAS KITOBGA ASOSLANGAN JAVOBLAR

«Zamon oxirlab borayotgani»ning belgisi.

o‘zbekcha (lotincha)
«Zamon oxirlab borayotgani»ning belgisi.
https://cms-imgp.jw-cdn.org/img/p/502016185/univ/art/502016185_univ_sqr_xl.jpg
ijwbq article 111

«Zamon oxirlab borayotgani»ning belgisi.

«Zamon oxirlab borayotgani»ning belgisi.

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobda ushbu «zamon oxirlab borayotganini» ko‘rsatuvchi voqealar va sharoitlar haqida yozilgan. (Matto 24:3) Muqaddas Kitobda bu davr «oxirzamon» deb atalgan. (2 Timo‘tiyga 3:1; Doniyor 8:19)

«Oxirzamon»ga oid qanday bashoratlar bor?

 Muqaddas Kitobdagi bashoratlarga ko‘ra, bir paytda yuz beradigan ko‘p voqealar va sharoitlar «oxirzamon»da yashayotganimizni ko‘rsatuvchi «belgi» bo‘lib xizmat qiladi. (Luqo 21:7) Ayrim misollarni ko‘rib chiqaylik:

 Keng miqyosdagi urushlar. Iso payg‘ambarning bashoratiga ko‘ra «xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tariladi». (Matto 24:7) Shuningdek, Vahiy 6:4 da bashorat qilinganidek, urushlar ramzi bo‘lgan chavandozga «dunyodan tinchlikni olishga» ruxsat etiladi. (Vahiy 6:4)

 Ocharchilik. Iso payg‘ambar «oziq-ovqat yetishmovchiligi» bo‘lishini bashorat qilgan edi. (Matto 24:7) Vahiy kitobida yana bir chavandoz haqida bashorat qilingan bo‘lib, uning kelishi keng miqyosda ocharchilikka sabab bo‘ladi. (Vahiy 6:5, 6)

 Kuchli zilzilalar. Iso payg‘ambar «bir joyda, keyin boshqa joyda... zilzilalar bo‘ladi» degan edi. (Matto 24:7; Luqo 21:11) Dunyo bo‘ylab yuz beradigan bu kuchli zilzilalar misli ko‘rilmagan talafotlar-u ko‘p odamlarning o‘limiga sabab bo‘ladi.

 O‘latlar. Iso payg‘ambarning so‘zlariga ko‘ra o‘latlar, ya’ni epidemiyalar yuz beradi. (Luqo 21:11)

 Jinoyat ko‘payishi. Garchi jinoyatchilik asrlar osha mavjud bo‘lsa ham, Iso payg‘ambarning so‘zlariga ko‘ra oxirzamonda «qonunsizlik ko‘payib» ketadi. (Matto 24:12)

 Odamlar yerni xarob qilishi. Vahiy 11:18 da aytilishicha, insoniyat «yerni xarob etadi». Ular buni turli yo‘llar bilan, nafaqat zo‘ravonlik va buzg‘unchilik qilib, balki atrof-muhitga ziyon keltirib amalga oshirishadi.

 Odamlar orasidagi munosabatlar yomonlashishi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, aksariyat odamlar «noshukur, sadoqatsiz,.. murosasiz, tuhmatchi, o‘zini tuta bilmaydigan, shafqatsiz, yaxshilikdan nafratlanadigan, sotqin, o‘zboshimcha, mag‘rur» bo‘lib ketadi. Odamlar o‘rtasidagi munosabatlar shunchalik yomonlashib ketadiki, bu davrga «nihoyatda og‘ir vaqtlar» deb ta’rif berilgan. (2 Timo‘tiyga 3:1–4)

 Oilaviy munosabatlar yomonlashishi. Xudoning Kalomida bashorat qilinishicha, ko‘plar o‘z oilasiga nisbatan «mehrsiz» bo‘ladi, bolalar esa «ota-onaga itoatsiz» bo‘ladi. (2 Timo‘tiyga 3:2, 3)

 Odamlarning Xudoga bo‘lgan sevgisi sovishi. Iso payg‘ambar «ko‘pchilikning sevgisi soviydi» deb bashorat qilgan edi. (Matto 24:12) U bu bilan aytmoqchi ediki, aksariyat odamlarning Xudoga bo‘lgan sevgisi tobora sovib boraveradi. Shuningdek, bir oyatda aytilganiday oxirzamonda bunday kishilar «Allohni emas, aysh-ishratni sevadigan bo‘ladilar». (2 Timo‘tiyga 3:4)

 Dindagi ikkiyuzlamachilik. Xudoning Kalomida bashorat qilinishicha, odamlar o‘zini xudojo‘y qilib ko‘rsatadi-yu, amalda esa Allohning aytganlariga rioya qilmaydi. (2 Timo‘tiyga 3:5)

 Muqaddas Kitobdagi bashoratlarning tobora oydinlashib borishi. Doniyor payg‘ambarning kitobida bashorat qilinganiday «oxirzamon» paytida ko‘plar Xudo Kalomidagi haqiqat so‘zlarini, shu qatorda undagi bashoratlarni yaxshiroq tushuna boshlaydi. (Doniyor 12:4, izoh)

 Butun dunyo bo‘ylab Xudoning Shohligi haqidagi xushxabar va’z qilinishi. Iso payg‘ambar shunday deb bashorat qilgan edi: «Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi». (Matto 24:14)

 Odamlar befarq hamda mazaxchi bo‘lishi. Iso payg‘ambar bashorat qilib aytgan ediki, zamona oxirlab borayotgani aniq ko‘rinsa-da, umuman olganda odamlar oydek ravshan bo‘lgan dalillarga e’tiborsiz bo‘ladi. (Matto 24:37–39) Bundan tashqari, yana bir bashoratda aytilishicha, ayrimlar dalillar haqida «masxaraomuz so‘zlarni aytib», ularni butunlay rad etishadi. (2 Butrus 3:3, 4)

 Barcha bashoratlar amalga oshishi. Iso payg‘ambar aytgan ediki, oxirzamonda bu bashoratlarning bir nechtasi yoki aksariyati emas, balki barchasi bir vaqtning o‘zida amalga oshadi. (Matto 24:33)

Hozir biz «oxirzamonda» yashayapmizmi?

 Ha. Dunyodagi ahvol hamda Muqaddas Kitob xronologiyasidan ko‘rinib turibdiki, oxirzamon 1914-yilda, ya’ni Birinchi jahon urushi sodir bo‘lganda boshlangan. Dunyodagi ahvol biz oxirzamonda yashayotganimizni ko‘rsatishini quyidagi videodan tomosha qiling:

 1914-yili Xudoning Shohligi osmonda boshqarishni boshladi va bu hukumat birinchi navbatda Shayton Iblisni va uning jinlarini osmondan yerga uloqtirdi. (Vahiy 12:7–12) Shaytonning insoniyatga ta’sirini aksariyat odamlarning yomon munosabati va ishlaridan ko‘rsa bo‘ladi. Shuning uchun oxirzamon «nihoyatda og‘ir vaqtlar» deb atalgan. (2 Timo‘tiyga 3:1)

 Nihoyatda og‘ir vaqtlar dastidan ko‘plar qiynalyapti. Ular jamiyatdagi ahvol juda yomonlashib ketayotganidan tashvishda. Ayrimlar esa odamlar bir-birini yo‘q qilib yuborishidan qo‘rqyapti.

 Dunyodagi ahvoldan qiynalayotgan boshqa insonlar esa kelajakka umid bilan qarashyapti. Ular yaqinda Xudoning Shohligi dunyodagi muammolarni batamom hal qilishiga qattiq ishonishadi. (Doniyor 2:44; Vahiy 21:3, 4) Ular Xudo O‘z va’dalarini amalga oshirishini sabr bilan kutishyapti va Iso payg‘ambarning mana bu so‘zlari ularga tasalli beryapti: «Faqat oxirigacha chidagan qutuladi». (Matto 24:13; Mixo 7:7)