Asosiy materiallarga o‘tish

Ahd sandig‘i nima o‘zi?

Ahd sandig‘i nima o‘zi?

Muqaddas Kitob asosida javob

Xudo qadimgi Isroil xalqiga Uning loyihasi bo‘yicha muqaddas quti, ya’ni ahd sandig‘ini yasashga amr bergan edi. «Shohidlik lavhasi» yoki O‘nta amr yozilgan ikkita tosh lavha bu sandiq ichida saqlanardi. (Chiqish 25:8–10, 16; 31:18)

  • Ko‘rinishi. Ahd sandig‘ining uzunligi 2,5, eni 1,5, bo‘yi esa 1,5 tirsak edi (111 x 67 x 67 sm). Ahd sandig‘i akasiya daraxtining yog‘ochidan yasalgan bo‘lib, uning ichi va tashi oltin bilan qoplangan. Tepa qismining atrofiga esa bezak berib chiqilgan. Ahd sandig‘ining qopqog‘i sof oltindan qilinib, uning ikkita chekkasiga oltindan yasalgan karublar o‘rnatilgan. Ular bir-biriga yuzma-yuz o‘rnatilib, yuzlari qopqoqqa qaratilgan va qanotlari yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lib, qopqoqqa soya solib turgan. Sandiq oyoqlarining yuqori qismida to‘rtta quyma oltin halqa bor edi. Ahd sandig‘ini ko‘tarib yurish uchun akasiya daraxti yog‘ochidan maxsus xodalar yasalgan. Ular oltin bilan qoplangan va halqalarga kirgizib qo‘yilgan. (Chiqish 25:10–21; 37:6–9)

  • Turgan joyi. Boshida ahd sandig‘i muqaddas chodirning Eng muqaddas xonasida saqlangan. Mazkur chodir yig‘ma bo‘lib, u yerda Xudoga topinishgan. Ahd sandig‘i va muqaddas chodir bir vaqtda yasalgan. Eng muqaddas xonani ruhoniylar va odamlar ko‘rmasligi uchun u parda bilan to‘sib qo‘yilgan. (Chiqish 40:3, 21) Bu xonaga yilida bir marta Gunohlarni yuvish kuni oliy ruhoniy kirishi va ahd sandig‘ini ko‘rishi mumkin edi. (Levilar 16:2; Ibroniylarga 9:7) Keyinchalik, ahd sandig‘i Sulaymon qurgan ma’badga ko‘chirilgan. (3 Shohlar 6:14, 19)

  • Maqsadi. Ahd sandig‘ida muqaddas anjomlar saqlangan bo‘lib, bu narsalar Isroil xalqiga Xudo ular bilan Sinay tog‘ida qilgan ahdni yoki kelishuvni eslatib turgan. Ahd sandig‘i Gunohlarni yuvish kunida o‘tkazilgan marosimda muhim o‘rinni egallagan. (Levilar 16:3, 13–17)

  • Ichida saqlangan narsalar. Ahd sandig‘iga qo‘yilgan birinchi narsa O‘nta amr yozilgan tosh lavhalar bo‘lgan. (Chiqish 40:20) Keyinchalik bu sandiqqa manna solingan tilla idish va «Horunning gullagan tayog‘i» ham qo‘yilgan. (Ibroniylarga 9:4; Chiqish 16:33, 34; Sahroda 17:10) Tilla idish va tayoqni qaysidir vaqtdan keyin olib qo‘yishganga o‘xshaydi. Chunki ahd sandig‘ini ma’badga ko‘chirishganida, bu narsalar sandiqda yo‘q edi. (3 Shohlar 8:9)

  • Ko‘chirish. Levilar akasiya yog‘ochidan qilingan xodalar yordamida ahd sandig‘ini yelkalarida ko‘tarib yurishgan. (Sahroda 7:9; 1 Solnomalar 15:15) Levilar ahd sandig‘iga qo‘l tekkizishi mumkin bo‘lmagan. Shu sababli xodalar doim halqalarga kirgizilgan holda turgan. (Chiqish 25:12–16) Sandiqni ko‘chirayotganda Muqaddas xonani Eng muqaddas xonadan ajratib «turgan parda» bilan sandiqning ustini yopishgan *.

  • Ramziy ma’nosi. Ahd sandig‘i Xudo O‘z xalqi bilan birga bo‘lganini anglatgan. Masalan, Eng muqaddas xonadagi ahd sandig‘i hamda Isroil xalqining qarorgohi ustida turgan bulut Yahova O‘z xalqi bilan birga ekanidan hamda Uning barakasidan dalolat bergan. (Levilar 16:2; Sahroda 10:33–36) Shuningdek, Muqaddas Kitobda ahd sandig‘i ustidagi ikkita karubga ishora qilib, Yahova «karublar ustida, taxtda o‘tirgani» haqida yozilgan. (1 Shohlar 4:4; Zabur 80:1) Demak, bu karublar Yahovaning aravasini tasvirlagan. (1 Solnomalar 28:18) Dovud ahd sandig‘i nimaning ramzi ekanini tushgani uchun, ahd sandig‘ini Sionga ko‘chirishganida Yahova «Sionda maskan qurgani» haqida yozgan. (Zabur 9:11)

  • Boshqa nomlari. Muqaddas Kitobda muqaddas sandiqqa nisbatan turli iboralar qo‘llanilgan, jumladan, «shohidlik sandig‘i», «ahd sandig‘i», «Yahovaning ahd sandig‘i» hamda «[Yahova] qudratining ramzi bo‘lmish ahd sandig‘i». (Sahroda 7:89; Yoshua 3:6, 13; 2 Solnomalar 6:41)

    Ahd sandig‘ining qopqog‘i «yarashtiruvchi qopqoq» deb atalgan. Ushbu ibroniycha ibora «gunohning ustini yopmoq» degan ma’noga ega fe’ldan kelib chiqqan. (1 Solnomalar 28:11) Ushbu ibora Gunohni yuvish kuni o‘tkazilgan maxsus marosimga ishora qilgan. Bu kuni Isroil xalqining oliy ruhoniysi gunoh qurbonligining qonini qopqoq tomonga va qopqoqning oldida yerga sachratardi. Bunday harakatlari bilan oliy ruhoniy «o‘zining, xonadonining va butun Isroil jamoasining gunohlarini yuvgan» yoki «gunohning ustini yopgan». (Levilar 16:14–17)

Ahd sandig‘i bugungi kunda mavjudmi?

Bu haqda hech qanday dalil yo‘q. Muqaddas Kitobdan ko‘rinyaptiki, ahd sandig‘iga boshqa ehtiyoj qolmagan, chunki bu sandiq bilan bog‘liq ahd Isoning qurbonligi asosida qilingan «yangi ahdga» almashtirilgan. (Yeremiyo 31:31–33; Ibroniylarga 8:13; 12:24) Muqaddas Kitobda ahd sandig‘i boshqa bo‘lmasligi va Xudoning xalqi uni qo‘msamasligi haqida bashorat qilingan edi. (Yeremiyo 3:16)

Yangi ahd qilinganidan so‘ng, havoriy Yuhanno ko‘rgan vahiyda osmonda ahd sandig‘i paydo bo‘ladi. (Vahiy 11:15, 19) Mazkur ramziy ahd sandig‘i Xudoning huzurini hamda U yangi ahd asosida beradigan barakani anglatadi.

Ahd sandig‘i sehrli kuchga egami?

Yo‘q. Ahd sandig‘iga ega bo‘lishning o‘zi muvaffaqiyat garovi bo‘lmagan. Masalan, isroilliklar Ay shahriga qarshi jang qilmoqchi bo‘lishganida ahd sandig‘i ularning qarorgohida edi. Afsuski ular Xudoga sadoqatsizlik qilishgani tufayli mag‘lubiyatga uchrashdi. (Yoshua 7:1–6) Keyinchalik ham ular jang maydoniga ahd sandig‘ini olib kelgan bo‘lishsa-da, filistimliklarga qarshi jangda mag‘lubiyatga uchrashdi. Bu Isroil xalqining ruhoniylari Xo‘fnax va Finxazning yovuzligi dastidan sodir bo‘lgan edi. (1 Shohlar 2:12; 4:1–11) Filistimliklar bu jangda ahd sandig‘ini qo‘lga kiritishgan, ammo ular bu sandiqni Isroil xalqiga qaytarib bermagunicha, Xudo ularni og‘ir kasallikka duchor qilgan. (1 Shohlar 5:11–6:5)

Ahd sandig‘ining tarixi

Yil (mil. avv.)

Voqea

1513

Bazalil va uning yordamchilari Isroil xalqi xayr-ehson qilgan narsalardan bu sandiqni yasashdi. (Chiqish 25:1, 2; 37:1)

1512

Muso muqaddas chodirni hamda ruhoniylarni Yahovaga bag‘ishlaydi. (Chiqish 40:1–3, 9, 20, 21)

1512–1070 va undan so‘ng

Turli joylarga ko‘chirilgan. (Yoshua 18:1; Hakamlar 20:26, 27; 1 Shohlar 1:24; 3:3; 6:11–14; 7:1, 2)

1070 dan so‘ng

Shoh Dovud uni Quddusga olib kelgan. (2 Shohlar 6:12)

1026

Shoh Sulaymon Quddusda qurgan ma’badga ko‘chirilgan. (3 Shohlar 8:1, 6)

642

Shoh Yo‘shiyo uni ma’badga qaytarib olib keladi. (2 Solnomalar 35:3) *

607 dan oldin

Hoynahoy ma’baddan olib ketilgan. Chunki mil. avv. 607-yilda Quddus vayron qilinganida, bu sandiq bobilliklar tomonidan olib ketilgan hamda keyinchalik Quddusga qaytarib olib kelingan narsalar orasida tilga olinmagan. (4 Shohlar 25:13–17; Ezra 1:7–11)

63

Rim qo‘shiniga qo‘mondonlik qilgan Pompei Quddusni zabt etganida, ma’badning Eng muqaddas xonasini tekshirganida bu sandiq yo‘qligini ma’lum qilgan *.

^ 8- x.b. Isroil xalqi ahd sandig‘ini ko‘chirish hamda uning ustini yopishga oid Xudoning qonunini buzishganda dahshatli kulfatlar sodir bo‘lgan. (1 Shohlar 6:19; 2 Shohlar 6:2–7)

^ 31- x.b. Muqaddas Kitobda bu sandiq qachon, nima uchun yoki kim tomonidan olib ketilgani haqida aytilmagan.

^ 35- x.b. Tasit Korneliyning «Istoriya» nomli 5-kitob, 9- xb. qarang.