YOSHLARNING SAVOLLARI
Uchrashish. 1-qism. Uchrashishga tayyormanmi?
Bu maqolada
Uchrashish nima degani?
Ba’zi odamlar uchrashishni shunchaki o‘yin-kulgi deb biladi. Biroq ushbu maqolada «uchrashish» so‘zi juftlik turmush o‘rtoq sifatida bir-biriga to‘g‘ri kelish-kelmasligini ko‘rish uchun o‘tkazadigan vaqtga ishora qiladi. Shuning uchun uchrashishning o‘z maqsadi bor. Bu o‘zga jinsdagi kishining e’tiboridan shunchaki zavq olish imkoni emas.
Muayyan vaqt uchrashgach yo oila qurish, yo bu munosabatlarga chek qo‘yish qarorini chiqarishingiz kerak bo‘ladi. Uchrashishni boshlaganingizda bularning har ikkalasiga tayyor bo‘lishingiz kerak.
Xulosa. «Uchrashishga tayyorman» deb o‘ylasangiz, oila qurishga ham tayyor ekaningizga amin bo‘lishingiz kerak.
Oila qurish istagi bo‘lmay turib uchrashayotgan inson, ishlashni istamay turib ishga kirish uchun suhbatga borayotgan odamga o‘xshaydi.
Uchrashishga tayyormisiz?
Uchrashgach, oila qurishingiz mumkin ekan, munosabatlaringizga salbiy yo ijobiy ta’sir qiladigan qanday xislatlarga ega ekaningiz haqida o‘ylab ko‘ring. Masalan, quyidagilarni ko‘rib chiqsangiz bo‘ladi:
Oilaviy munosabatlar. Ota-onangiz, aka-uka yo opa-singlingiz bilan, ayniqsa, bosim ostida qanday muomala qilsangiz, turmush o‘rtog‘ingizga ham shunday munosabatda bo‘lasiz.
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har qanday adovat, qahr-u g‘azab, baqiriq va haqoratli so‘zlarni har qanday yaramaslik bilan birga o‘zingizdan soqit qilinglar». (Efesliklarga 4:31)
O‘zingizdan so‘rang: «Ota-onam, aka-ukam yo opa-singlimdan so‘rashsa, ular bilan hurmat ila muomala qilishimni aytgan bo‘lisharmidi? Ularning biri bilan kelishmay qolsam, masalani xotirjamlik ila muhokama qilamanmi yo jahlga berilib, bahslashamanmi?»
Fidoyilik. Oila qurganingizda turmush o‘rtog‘ingizning xohish-istaklarini inobatga olishingiz va ko‘pincha yon berishingiz kerak bo‘ladi.
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har kim o‘zining emas, o‘zganing manfaatini ko‘zlasin». (1 Korinfliklarga 10:24)
O‘zingizdan so‘rang: «Doim barcha narsa men aytganday bo‘lishini istaymanmi? Boshqalar meni mulohazakor deb biladimi? Boshqalarning ehtiyojlarini o‘zimnikidan ustun qo‘yishimni qaysi yo‘llar orqali ko‘rsatganman?»
Kamtarlik. Yaxshi turmush o‘rtoq xatolarini tan olishni va ular uchun chin dildan kechirim so‘rashni biladi.
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Barchamiz tez-tez xato qilib turamiz». (Yoqub 3:2)
O‘zingizdan so‘rang: «Xatolarimni tayyorlik ila tan olamanmi yo o‘zimni oqlashga harakat qilamanmi? Qaysidir sohada yaxshilanishim kerakligini aytishsa, xafa bo‘lamanmi?»
Pul. Pulni donolik ila ishlatadigan inson oilada eng ko‘p mojarolarga sabab bo‘ladigan omilning oldini oladi.
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Orangizdan kimdir imorat qurmoqchi bo‘lsa, uni bitirishga mablag‘i yetishini bilish uchun, avvaliga o‘tirib qancha xarajat ketishini hisoblab olmaydimi?» (Luqo 14:28)
O‘zingizdan so‘rang: «Pulni donolik ila ishlatamanmi yoki tez-tez qarz olamanmi? Pulni to‘g‘ri ishlatishimni qanday ko‘rsatganman?»
Ma’naviy sog‘lik. Yahovaning Shohidi bo‘lsangiz, Muqaddas Kitobni tadqiq qilish va jamoat uchrashuvlariga borish odatingiz bo‘lishi kerak.
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir». (Matto 5:3)
O‘zingizdan so‘rang: «Ma’naviy sog‘ligimga g‘amxo‘rlik qilish uchun jon kuydiryapmanmi? Ma’naviy odatlarim birinchi o‘rinda turadimi yo boshqa narsalar ulardan meni chalg‘itishiga yo‘l qo‘yamanmi?»
Xulosa. Siz oila qurmoqchi bo‘lgan inson yaxshi turmush o‘rtoqqa loyiq. Agar yaxshi turmush o‘rtoq bo‘lishga jon kuydirayotgan bo‘lsangiz, xuddi shunday qilishga intilayotgan inson sizni yoqtirib qolish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi.

