o‘zbekcha (lotincha)
Uchrashish. 3-qism. Uchrashishni to‘xtatishimiz kerakmi?
https://cms-imgp.jw-cdn.org/img/p/500600129/univ/art/500600129_univ_sqr_xl.jpg
ijwyp article 125

YOSHLARNING SAVOLLARI

Uchrashish. 3-qism. Uchrashishni to‘xtatishimiz kerakmi?

Uchrashish. 3-qism. Uchrashishni to‘xtatishimiz kerakmi?

 Qaysidir vaqtdan beri uchrashyapsiz va sizda shubhalar paydo bo‘la boshladi. Xo‘sh, bu munosabatlarni davom ettirishingiz kerakmi yoki unga chek qo‘yganingiz ma’qulmi? Mazkur maqola qaror chiqarishingizga yordam berish uchun tayyorlangan.

Bu maqolada

 Shubhalar bilan kurashish

 Biroz vaqt uchrashgach, yigit va qiz ular o‘ylaganchalik bir-biriga o‘xshash emasligini anglay boshlar. Masalan:

  •   Biri sohil bo‘yida dam olishni yoqtirsa, ikkinchisi toqqa chiqishni yoqtiradi.

  •   Biri odamlar bilan bo‘lishni xush ko‘rsa, ikkinchisi aksincha.

  •   Biri ko‘pincha ayyorlik qilsa, ikkinchisi doim rost gapiradi.

 E’tibor bering, har bir vaziyat bir-biridan farq qiladi. Birinchisi o‘zaro mos kelmagan qiziqishlarni, ikkinchisi odatlarni, uchinchisi esa qadriyatlarni o‘z ichiga oladi.

 O‘ylab ko‘ring: oila qurgach, yuqorida sanab o‘tilgan uchta omildan qaysi biri bilan kurashish eng qiyini bo‘lardi? Agar birontasi bo‘lsa, ikkovingiz ham yon bera olasizmi?

 Er-xotinning qiziqishlari yo odatlari bir-birinikidan farq qilsa-da, ular nikohda baxtli bo‘lishi mumkin. Axir o‘zaro mos kelish ikki tomchi suvday o‘xshash bo‘lishni anglatmaydi-ku! Ba’zi vaziyatlarda turmush o‘rtoqlar bir-birining qiziqishlarini yoqtira boshlashi va hatto biri ikkinchisining odatlaridan foyda olishi mumkin a.

 Ammo siz oila qurmoqchi bo‘lgan insonning qadriyatlari — e’tiqodi, axloq va nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasidagi nuqtai nazari sizniki bilan bir xil bo‘lishi lozim. Aks holda, bu munosabatlarga chek qo‘yish kerak.

 Masalan, o‘zaro mos kelmaydigan diniy qadriyatlar to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Bir kitobda quyidagi fikr yozilgan: «Izlanishlarga ko‘rsa, e’tiqodi turlicha bo‘lgan juftliklarning ajrashish ehtimoli juda yuqori». («Fighting for Your Marriage»)

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Imondosh bo‘lmaganlar bilan bitta bo‘yinturuqqa qo‘shilmanglar». (2 Korinfliklarga 6:14)

 Qaror chiqarish

 Muqaddas Kitobga ko‘ra, oila qurganlarning «hayotida yangi qiyinchiliklar paydo bo‘ladi». (1 Korinfliklarga 7:28) Shunday ekan, uchrashish paytida ularning ba’zilariga duch kelayotgan bo‘lsangiz, hayron qolmang.

 Kichik kelishmovchiliklar doim ham munosabatlaringiz jar yoqasida ekanini anglatmaydi. Asosiysi, sizlar ularni tinchlikda hal qila olasizmi? Oila qurgach, ikkovingizga ham bu mahorat asqatadi.

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Bir-biringizga mehribon, rahm-shafqatli bo‘linglar... Bir-biringizni chin dildan kechiringlar». (Efesliklarga 4:32)

 Boshqa tarafdan, tez-tez takrorlanayotgan yoki jiddiy kelishmovchiliklar shunchaki sizlar o‘zaro mos kelmayotganingizning belgisi bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, kech bo‘lmasidan muammoning yechimini topish yaxshi bo‘lardi.

Tez-tez takrorlanayotgan yoki jiddiy kelishmovchiliklar shunchaki sizlar o‘zaro mos kelmayotganingizning belgisi bo‘lishi mumkin

 Xulosa. Siz uchrashayotgan inson yoki hatto oila qurishga tayyor ekaningiz borasida jiddiy shubhalar paydo bo‘layotgan bo‘lsa, ularga ko‘z yummang.

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Zakovatli inson xavfni ko‘rib yashirinadi, tajribasiz esa olg‘a qadam bosib jazosini tortadi». (Hikmatlar 22:3)

 Uchrashishni to‘xtatishga qaror qilsangiz

 Uchrashishni to‘xtatish qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo bittangiz yoki ikkovingiz ham munosabatlaringiz borasida jiddiy shubhalardan qutula olmayotgan bo‘lsangiz, uchrashishni to‘xtatish eng yaxshi qaror bo‘lishi mumkin.

 Buni qay yo‘sin qilishingiz kerak? Jiddiy sabab bo‘lmasa, uchrashishni to‘xtatayotganingizni SMS yoki elektron xabar orqali qilmagan yaxshi. Buning o‘rniga, mos vaqt va joy tanlab bu jiddiy masalani ikkovingiz muhokama qiling.

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Bir-biringizga haqiqatni gapiringlar». (Zakariyo 8:16)

 Uchrashishni to‘xtatganingiz biron nimani noto‘g‘ri qilganingizni anglatadimi? Aslo. Unutmang, uchrashish yordamida inson bilan oila qurish-qurmaslik borasida qaror chiqara olasiz. Hatto munosabatlaringizga chek qo‘ysangiz ham, bu vaziyatdan qimmatli saboqlar olsangiz bo‘ladi.

 O‘zingizdan so‘rang: «Bu munosabatlardan o‘zim haqimda nimalarni bilib oldim? Bu vaziyat qaysi sohalarda yaxshilanishim kerakligini ochib berdi? Yana uchrashishni boshlasam, nimani boshqacha qilishim kerak?»

a Bunday qiyinchiliklar er va xotinga qanday ta’sir qilishini yaxshiroq tushunish uchun turli tillarda chiqqan «Bir-biringizdan farq qilganingizda» va «Turmush o‘rtog‘ingizga g‘ashingiz kelganida» nomli maqolalarni o‘qing.