o‘zbekcha (lotincha)
Uchrashayotganda nimani kutishim kerak?
https://cms-imgp.jw-cdn.org/img/p/500600126/univ/art/500600126_univ_sqr_xl.jpg
ijwyp article 122

YOSHLARNING SAVOLLARI

Uchrashish. 2-qism. Uchrashayotganda nimani kutishim kerak?

Uchrashish. 2-qism. Uchrashayotganda nimani kutishim kerak?

 Bir insonni yoqtirib qoldingiz va ikkalangiz turmush o‘rtoq sifatida bir-biringizga mos kelasizmi yo yo‘qmi bilish uchun uchrashishga qaror qilasiz. Bir-biringiz bilan yaqinroq tanishar ekansiz, bu munosabatlardan nimani kutishingiz kerak?

Bu maqolada

 Rostgo‘ylik ila suhbat qurishga tayyor bo‘ling

 Uchrashayotgan insoningiz bilan vaqt o‘tkazar ekansiz, o‘zaro yaqindan tanishasiz. Uning fe’l-atvorini kuzatganingizda, u haqda ba’zi narsalarni bilib olasiz.

 Shunga qaramay, ayrim narsalarni ochiqchasiga muhokama qilishingiz kerak bo‘ladi. Bunday qilar ekansiz, imkon boricha vaziyatga kengroq qarang hamda his-tuyg‘ular aqlingizni ishga solishingizga xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymang.

 Ikkovingiz muhokama qiladigan mavzular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  •  Pul. Qarzingiz bormi? Pulni donolik ila sarflash siz uchun qiyinmi? Oila qursangiz, siz va turmush o‘rtog‘ingiz kirim-chiqim masalasida qay yo‘sin qaror chiqarasizlar?

  •  Sog‘lik. Sog‘ligingiz yaxshimi? O‘tmishda qandaydir jiddiy sog‘lik muammolari bo‘lganmi?

  •  Maqsadlar. Hayotda nimalarga erishmoqchisiz? Maqsadlaringiz siz uchrashayotgan insonniki bilan to‘g‘ri kelyaptimi? Oila qurgach, maqsadlaringizga erisha olmasangiz, bu quvonchingizga ta’sir qiladimi?

  •  Oila. Ayni damda oilada qandaydir mas’uliyatlaringiz bormi? Sizningcha, kelajakda qandaydir mas’uliyatlarga ega bo‘lishingiz mumkinmi? Farzandli bo‘lishni istaysizmi? Agar «Ha» bo‘lsa, nechta farzand ko‘rmoqchisiz?

 Bunday mavzularni muhokama qilar ekansiz, suhbatingiz rostgo‘ylik va shaffoflikka asoslansin. Uchrashayotgan insoningizga yaxshi ko‘rinish niyatida qandaydir gapni yashirmang yoki mavzuni o‘zgartirmang. (Ibroniylarga 13:18)

 O‘ylab ko‘ring. Siz o‘sha inson haqida nimani bilishingiz kerak? U siz haqingizda nimani bilishi kerak? Qay yo‘sin suhbatda rostgo‘y va shaffof bo‘lish keyinchalik oila qurishga qaror qilganingizda, ikkovingizga ham yordam beradi?

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Bir-biringizga haqiqatni gapiring». (Efesliklarga 4:25)

 «Ehtimol, qiz “Olti oydan keyin unashtirilamiz” deb o‘ylar. Yigit esa “Bunga bir yil kerak bo‘lishi mumkin” degan fikrdadir. Shunday vaziyatda qiz u kutganidek tez unashtirilishmagani tufayli xafa bo‘lishi yoki tushunmovchilik yuz berishi mumkin. Bu masalada ikkita taraf ham bir-birining fikrini bilishi muhim»,— deb bo‘lishdi oila qurganiga bir yil bo‘lgan Arianna.

 Fikrlaringiz farq qilishiga tayyor bo‘ling

 Hech kim bir xil emas. Shunday ekan, fikrlaringiz doim bir joydan chiqishiga yoki bir xil o‘ylashingizga umid qilmang. Madaniyatingiz, kelib chiqishingiz kabi omillar fikrlash tarzingizga ta’sir qiladi.

 O‘ylab ko‘ring. Fikrlaringiz farq qilganida va Muqaddas Kitobda aniq yo‘l-yo‘riq bo‘lmaganida, ikkalangiz ham tinchlik uchun yon berishga tayyormisiz?

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Mulohazakor ekaningiz hamma odamlarga ma’lum bo‘lsin». (Filippiliklarga 4:5)

 «“Bir birimizga rosa mos kelamiz” deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz ham farqli taraflaringiz bo‘ladi. Garchi bir-biriga o‘xshash muhim bo‘lsa-da, o‘zaro farq qilganingizda namoyon etadigan fazilatlaringiz yanada ahamiyatlidir»,— deb aytdi oila qurganiga besh yil bo‘lgan Metyu.

 Uchrashuv stress keltirishiga tayyor bo‘ling

 Uchrashuv ko‘p vaqtingizni olishi shubhasiz va bu sizga stress keltirishi hech gap emas. Xo‘sh, bunda sizga nima yordam beradi?

 Mulohazakorlik ila chegara o‘rnating. Uchrashishga haddan tashqari ko‘p berilib ketib do‘stlaringizni unutib qo‘ymang. Oila qurganiga besh yil bo‘lgan Alana shunday dedi: «Oila qurganingizdan keyin ham do‘stlaringiz kerak bo‘ladi. Siz ham ularga keraksiz. Uchrashishni boshlaganingiz tufayligina ulardan uzoqlashmang».

 Unutmang, oila qurganingizdan keyin hayotingizning barcha sohalarida muvozanatli bo‘lishingiz kerak. Uchrashayotgan paytingizdayoq bunday qilish yaxshidir.

 O‘ylab ko‘ring. Uchrashayotgan insoningizdan siz uchun ko‘p vaqt ajratishini va e’tibor qaratishini talab qilyapsizmi? Yoki u “Mendan ko‘p narsani talab qilyapti” deb o‘ylayapsizmi? Tushkunlikka tushmaslik yoki munosabatlaringiz yaxshi bo‘lishi uchun qay yo‘sin ikkovingiz ham muvozanatli bo‘la olasiz?

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har bir narsaning o‘z vaqti bor». (Voiz 3:1)

 «Agar juftlik faqatgina dam olib vaqt o‘tkazsa, oila qurgach ularga qiyin bo‘ladi. Ular bozor-o‘char, uy ishlarini qilish va birga topinish kabi chinakam hayotdagi ishlarni qilsa, yaxshi bo‘lardi. Shu yo‘sin ular nikohiga mustahkam poydevor sola oladi»,— dedi oila qurganiga ikki yil bo‘lgan Deniel.

 Unutmang, uchrashish oila qurish yoki munosabatlarga chek qo‘yish qarorini chiqarishingizga ko‘maklashadigan vaqtinchalik jarayon. Ushbu maqolalar turkumining 3-qismida bu qarorni chiqarayotganda nimalarni inobatga olishingiz mumkinligi ko‘rib chiqiladi.