YOSHLARNING SAVOLLARI
Tashqi ko‘rinishim qanday?
Nega kiyinish tarzingizga e’tiborli bo‘lishingiz lozim? Chunki kiyimlar siz haqingizda ko‘p narsani ochib beradi. Kiyimingiz siz haqingizda nima demoqda?
Moda borasidagi uchta katta xato va ulardan qochish yo‘llari
1- xato. Reklama ta’siriga berilib kiyinish.
Tiriza ismli o‘smir qiz shunday deydi: «Ko‘pincha reklamalardagi kiyinish tarzi meni o‘ziga jalb qiladi va menda ham shunday kiyinish istagi paydo bo‘ladi. Odamlar muayyan turdagi kiyimlarni kiyib yurganini ko‘rganingizda, siz ham xuddi shunday kiyinishni xohlaysiz».
Reklama ta’siriga faqatgina qizlar berilmaydi. Bir kitobda shunday deyilgan: «Yigitlar ham hamma qatori kiyinishga moyil bo‘lishadi. Ular turli-tuman reklamalarning qurboniga aylanishadi». («The Everything Guide to Raising Adolescent Boys»)
Yaxshiroq nuqtai nazar. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Sodda har bir so‘zga ishonadi, zakovatli esa har bir qadamini o‘ylab bosadi». (Hikmatlar 14:15) Bu prinsipga rioya qilgan holda, nima reklama qilinayotgani haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Masalan, reklamada haddan ortiq erkin, ochiq-sochiq yoki shahvoniy hirsni uyg‘otadigan tarzda kiyinishganini ko‘rganingizda, o‘zingizdan shunday so‘rang:
«Bu kiyimni kiysam, ko‘proq kim foyda ko‘radi?»
«Bunday kiyimlarni kiysam, odamlar meni qanday inson sifatida qabul qilishadi?»
«Bunday kiyinish tarzi odamlarda men hamda qadriyatlarim haqida to‘g‘ri taassurot uyg‘otadimi?»
Maslahat. Hafta davomida kiyimlar reklamasi va modalarni kuzatib, o‘zingizga shunday savollar bering: «Bunday kiyinish qanday hayot tarzini olg‘a suradi? Reklama sizga muayyan kiyinish uslubini tanlashni uqtirmayaptimi?» Karen ismli bir o‘smir qiz shunday deydi: «Moda kuchli bosim o‘tkazib, sizni mukammal ko‘rinishga, kiyinishga va mukammal figuraga ega bo‘lishga undaydi. Reklama qiluvchilar yoshlarni osonlikcha boshqarish mumkinligini yaxshi bilishadi».
2- xato. Boshqalarga o‘xshash maqsadida ular kabi kiyinish.
Manyuyel ismli bir o‘smir shunday deydi: «Bordi-yu, muayyan turdagi kiyim urfga kirgan bo‘lsa, hamma shunday kiyinishga harakat qiladi. Agar siz ham shunday kiyinmasangiz, ular sizni hukm qilishadi». Anna ismli o‘smir qiz bunga mutlaq qo‘shiladi va shunday deydi: «Gap faqat modada emas, balki oq qarg‘a bo‘lib qolmaslikda».
Yaxshiroq nuqtai nazar. Muqaddas Kitobda: «Ushbu zamonga uyg‘unlashmanglar»,— deb aytilgan. (Rimliklarga 12:2) Bu maslahatga rioya qilgan holda, kiyim javoningizni ko‘zdan kechirib, o‘zingizdan quyidagicha so‘rang:
«Kiyim tanlashimga qanday omillar ta’sir qiladi?»
«Brend kiyimlar kiyish men uchun qanchalik muhim?»
«Kiyinish tarzim bilan odamlarni qoyil qoldirishga intilmayapmanmi?»
Maslahat. Faqatgina ikkita tanlovda to‘xtab qolmang. Birinchisi — so‘nggi moda bo‘yicha kiyinish (boshqalar tomonidan tan olinish). Ikkinchisi — modadan ortda qolish (boshqalar tomonidan rad etilish). Undan ko‘ra uchinchi tanlovni ko‘rib chiqing. Bu — qulay va o‘zingizni dadil his qiladigan tarzda kiyinish. O‘zingizni tanlagan kiyimingizda qulay his qilsangiz, boshqalardan ajralib qolaman deb, haddan ortiq xavotirlanmaysiz.
3- xato. «Qancha shahvoniy hirsni uyg‘otsa, shuncha yaxshi» deb o‘ylash.
Jenifer ismli bir qiz shunday deydi: «Rostini aytsam, ba’zida juda kalta, tor yoki ochiq kiyimlarni kiyish vasvasasi tug‘iladi».
Yaxshiroq nuqtai nazar. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Chiroyingiz tashqi ko‘rinishdan... iborat bo‘lmasin. Aksincha,.. qalbingiz tubida yashirilgan ... kiyimdan... iborat bo‘lsin». (1 Butrus 3:3, 4) Bu maslahatga rioya qilgan holda, siz uchun nima qadrli ekani haqida o‘ylab ko‘ring. So‘nggi modadagi kiyimmi yoki insonning ichki dunyosimi?
Maslahat. Insonni chindan ham go‘zal qiladigan narsa bu kamtarlikdir. To‘g‘ri, bu xislat bugungi kunda unchalik keng tarqalmagan, ammo shu haqda o‘ylab ko‘ring:
Judayam ko‘p va faqat o‘zi haqida gapiradigan inson bilan suhbatlashganmisiz? Afsuski, u bunday xatti-harakatlari bilan boshqalarni o‘zidan uzoqlashtirishini hatto xayoliga ham keltirmaydi!
Kiyim ham xuddi suhbat kabi haddan ortiq e’tiborni jalb qilsa, odamlarni sizdan uzoqlashtiradi.
Agar kimdir boshqalarga yoqaman deb kiyinishga harakat qilsa, xuddi o‘sha insonga o‘xshab qoladi. Bunday kiyinish tarzi «Menga bir qarang!» deb qichqirishga o‘xshaydi. Buning oqibatida odamlar bunday inson haqida «U biroz qat’iyatsiz va nuqul o‘zi haqida o‘ylasa kerak» degan xayolga borishadi. Natijada, siz boshqalarda go‘yoki e’tibor yoki hatto noo‘rin e’tibor kutayotgandek taassurot uyg‘otishingiz mumkin.
Boshqalar sizga shunday qarashini istamasangiz, kamtarona kiyinishga harakat qiling. Monika ismli bir qiz shunday fikr bildirdi: «Kamtarona kiyinish kampirsholar kabi kiyinishni anglatmaydi. Bu o‘zingiz va atrofingizdagi insonlarni hurmat qilishni anglatadi».

