YOSHLARNING SAVOLLARI
Suvga cho‘mishim kerakmi? 1-qism. Suvga cho‘mishning ma’nosi
Yahova Shohidlarining oilalarida ulg‘ayotgan ko‘p yoshlar har yili suvga cho‘madi. Siz ham bu borada o‘ylayapsizmi? Unday bo‘lsa, birinchidan bag‘ishlanish va suvga cho‘mish nimani anglatishini tushunishingiz lozim.
Suvga cho‘mish nimani anglatadi?
Muqaddas Kitobdan bilib olayotganimizday, odam suvga cho‘mganda, shunchaki ustiga suv sachratib qo‘yilmaydi, balki suv ichiga to‘liq kiradi. Bu jarayon juda muhim.
Suvga cho‘mayotganingizda, endi faqat o‘zingizga yoqadigan narsalar qilib yashamoqchi emasligingizni namoyon etasiz.
Suvga cho‘mib chiqayotganingizda esa, bu ondan boshlab yangi hayotga qadam qo‘yganingizni va endi Allohga ma’qul keladigan ishlarni qilish siz uchun birinchi navbatda ekanini ko‘rsatasiz.
Suvga cho‘mish bilan hammaning ko‘z oldida Yahova sizga nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini aytishga haqqi borligini tan olayotganingizni ko‘rsatasiz. Qolaversa, Yahovaga barchaning oldida — Uning fikri istaklaringizdan muhimroq ekani borasida va’da berganingizni tasdiqlaysiz.
O‘ylab ko‘ring: nega Yahovaga itoatli bo‘lib yashashga va’da berganingizni hammaning ko‘z oldida tasdiqlashingiz kerak? (1 Yuhanno 4:19 hamda Vahiy 4:11 ga qarang.)
Bag‘ishlanish bu nima?
Suvga cho‘mishdan avval Yahovaga o‘zingizni bag‘ishlashingiz kerak. Xo‘sh, buni qanday qila olasiz?
Shaxsan o‘zingiz Yahovaga ibodat qilib, Unga toabad xizmat qilishingiz va boshqalar qanday yo‘l tutishidan qat’i nazar har qanday vaziyatda U xohlaganiday yo‘l tutishingiz haqida va’da berasiz.
Suvga cho‘mganda esa o‘zingizni Xudoga bag‘ishlaganingizni namoyon etasiz. Bu bilan boshqalarga hayotingizni Yahovaning qo‘liga topshirganingizni va endi Unga tegishli ekaningizni ko‘rsatasiz. (Matto 16:24)
O‘ylab ko‘ring: Yahovaga tegishli bo‘lsangiz nega hayotingiz yanada ko‘proq yaxshilanadi? (Ishayo 48:17, 18 hamda Ibroniylarga 11:6 ga qarang.)
Nega suvga cho‘mish muhim?
Iso Masih suvga cho‘mish uning shogirdi bo‘lishni istaganlar uchun talab ekanini aytgan. (Matto 28:19, 20) Hozir ham suvga cho‘mish barcha masihiylar uchun talabdir. Darhaqiqat, Kalomda yozilganiday, bu omon qolishimiz uchun ham zarur. (1 Butrus 3:21)
Ammo suvga cho‘mish niyatingiz Yahovaga bo‘lgan sevgi va minnatdorchilikdan iborat bo‘lishi darkor. Nuqtai nazaringiz quyidagi so‘zlarni yozgan sano bastakorinikiga o‘xshashi lozim: «Yahovaning menga qilgan yaxshiliklarini qanday qaytaraman?... Yahovaning ismini aytib chaqiraman. Yahovaga ichgan qasamlarimni... bajaraman». (Zabur 116:12–14)
O‘ylab ko‘ring: Yahova siz uchun qanday yaxshiliklar qildi va buning uchun Unga qay yo‘sin minnatdorchilik bildira olasiz? (Qonunlar 10:12, 13 hamda Rimliklarga 12:1 ga qarang.)

