YOSHLARNING SAVOLLARI
Suvga cho‘mishim kerakmi? 3-qism. Suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?
O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlash va suvga cho‘mish fikri sizni qo‘rqityaptimi? Unday bo‘lsa, bu maqola qo‘rquvlaringizni yengishga qo‘l keladi.
Bu maqolada
Suvga cho‘mish bilan bog‘liq mas’uliyatdan qo‘rqayotgan bo‘lsam-chi?
Yahovaga xizmat qilish uchun arzimayman deb o‘ylayotgan bo‘lsam-chi?
Suvga cho‘mganimdan keyin jiddiy xato qilib qo‘ysam-chi?
Xavotirlanishning sababi. Ehtimol, jiddiy gunohga qo‘l urgan va jamoatdan chetlatilgan kishini bilarsiz. (1 Korinfliklarga 5:11–13) Bu siz bilan ham yuz berishidan xavotirlanishingiz hech gap emas.
«Ilk bor suvga cho‘mish haqida o‘ylaganimda, avvalo “Gunoh qilib qo‘ysam-chi? Ota-onam rosa siqilar” degan fikr keldi». (Rebeka)
Ochqich oyat: «Yovuz kishi o‘z yo‘lidan... qaytsin. Unga rahm-shafqat ko‘rsatadigan Yahovaga yuz bursin. Allohimizga qaytsin, zero uni sidqidildan kechiradi». (Ishayo 55:7)
O‘ylab ko‘ring: garchi tavba qilmaydigan kishilar jamoatdan chetlatilsa ham Yahova sidqidildan tavba qiladiganlarga va o‘zgarishga intilayotganlarga rahm-shafqat ko‘rsatadi. (Zabur 103:13, 14; 2 Korinfliklarga 7:11)
Quyidagi faktni qabul qiling: nomukammal bo‘lsangiz ham, Xudoning ko‘magi bilan vasvasaga qarshi turishingiz mumkin. (1 Korinfliklarga 10:13) Axir, qanday yo‘l tutishingiz borasida oxiri kim qaror chiqaradi? Sizmi yoki boshqa insonmi?
«Suvga cho‘mgach, jiddiy xato qilib qo‘yishdan qo‘rqardim. Biroq keyinchalik suvga cho‘mishni ortga surish xato ekanini angladim. Ertaga nima yuz berishidan qo‘rqish bugun qaror chiqarishga xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini tushundim». (Karin)
Xulosa. Yahovaning aksariyat xizmatchilari singari jiddiy gunohlardan qochishingiz mumkin. Barchasi o‘z qo‘lingizda. (Filippiliklarga 2:12)
Ko‘proq yordam kerakmi? «Qanday qilib vasvasaga berilmasligim mumkin?» nomli maqolaga qarang.
Suvga cho‘mish bilan bog‘liq mas’uliyatdan qo‘rqayotgan bo‘lsam-chi?
Xavotirlanishning sababi. Yahova uchun ko‘proq qilish niyatida oilasi va do‘stlaridan uzoqqa ketgan yoshlarni tanirsiz. Boshqalar siz ham shunday qilishingizni kutadi deb xavotirlanishingiz hech gap emas.
«Suvga cho‘mish xizmatda keng eshiklarni ochadi. Ammo ba’zilar bu eshikdan kirishga tayyor emasdir yoki sharoitlari bunga yo‘l qo‘ymayotgandir». (Mari)
Ochqich oyat: «Har kim o‘z ishini tekshirsin, shunda o‘zini boshqalar bilan solishtirmay o‘ziga qarasagina, suyunishga sabab topadi». (Galatiyaliklarga 6:4)
O‘ylab ko‘ring: o‘zingizni boshqalar bilan solishtirishning o‘rniga, Mark 12:30 dagi «Tangringiz Yahovani butun qalbingiz... bilan seving» degan so‘zlarga diqqat qarating.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu yerda Yahovaga butun qalbingiz bilan xizmat qilish haqida aytilgan. Shu bois bu borada kimdir emas, siz qanday yo‘l tutayotganingiz muhim ahamiyatga ega. Uni chindan ham yaxshi ko‘rsangiz, sizda bor eng yaxshisini berib Unga xizmat qilish yo‘llarini topasiz.
«Suvga cho‘mish jiddiy qadam, lekin u hayotingizni murakkablashtirmaydi. Sizni yaxshi ishlarga undaydigan insonlar bilan muloqot qiling. Ular bu yo‘lda qolishingizga yordam berishadi. Asta-sekin ko‘proq mas’uliyat olishni boshlasangiz, baxtliroq bo‘lasiz. Suvga cho‘mishni ortga sursangiz esa, o‘zingizga ziyon keltirasiz». (Juliya)
Xulosa. Yahova sizga ko‘rsatayotgan sevgisi uchun minnatdorchiligingizni oshiring. Bu eng yaxshisini Unga berishga sizni undaydi. (1 Yuhanno 4:19)
Ko‘proq yordam kerakmi? «Qanchalik ishonchliman?» nomli maqolaga qarang.
Yahovaga xizmat qilish uchun arzimayman deb o‘ylayotgan bo‘lsam-chi?
Xavotirlanishning sababi. Yahova koinotdagi Oliy Hukmdor va insonlar Uning oldida zarrachadir. Yahova siz mavjud ekaningizdan xabardormi deb o‘ylayotgandirsiz.
«Ota-onam Yahovaning Shohidi. Xudo meni O‘ziga jalb qilganidan shubhalanadigan bo‘ldim va U bilan munosabatlar menga ota-onamdan “meros” bo‘lib o‘tgan deb o‘yladim». (Natasha)
Ochqich oyat: «Agar meni yuborgan Otam birovni jalb qilmasa, hech kim oldimga kela olmaydi». (Yuhanno 6:44)
O‘ylab ko‘ring: suvga cho‘mish haqida o‘ylayotganingizning o‘zi, hoynahoy, Yahova siz U bilan yanada yaqinroq do‘st bo‘lishingizni xohlayotganini ko‘rsatyapti. Uning bu taklifini qabul qilishni istaysizmi?
Shuni unutmangki, siz yoki boshqa kimdir emas, Yahova U bilan do‘st bo‘lish uchun nima kerakligini hal qiladi. Kalomida aytilganiday, Xudoga yaqinlashsangiz, U ham sizga yaqinlashadi. (Yoqub 4:8)
«Yahovani va U sizni O‘ziga jalb qilganini bilasiz ekan, demak U sizni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun qalbingiz Unga xizmat qilishga loyiq emasligingizni bildirayotgan bo‘lsa, ishonmang, Xudo boshqacha fikrda. U esa hamisha haq». (Selina)
Xulosa. Suvga cho‘mish borasida Muqaddas Kitobdagi talablarga mos kelayotgan bo‘lsangiz, demak Yahovaga xizmat qila olasiz. Unutmang, U topinishingizga loyiq. (Vahiy 4:11)
Ko‘proq yordam kerakmi? «Nega ibodat qilishim kerak?» nomli maqolaga qarang.

