YOSHLARNING SAVOLLARI
Nega jamoat uchrashuvlariga borish kerak?
Yahovaning Shohidlari har hafta jamoat uchrashuvlarini topinish joyi bo‘lmish Yig‘ilish zalida o‘tkazadi. Xo‘sh, u yerda nimalar bo‘ladi va jamoat uchrashuvlariga borib, qanday foyda olasiz?
Yig‘ilish zalida nimalar bo‘ladi?
Yig‘ilish zalida Muqaddas Kitobga asoslangan amaliy bilimni olish mumkin. Jamoat uchrashuvlari quyidagi sohalarda yordam beradi:
Xudo haqidagi haqiqatni o‘rganishga;
hozir bo‘layotgan voqealarning mohiyatini tushunishga;
yaxshi fazilatlarni rivojlantirishga;
eng a’lo do‘stlarni topishga.
Bilarmidingiz? Yahova Shohidlarining jamoat uchrashuvlari o‘tadigan joy Yig‘ilish zali deb nomlanadi va bu yerda birinchi navbatda Xudoning Shohligi to‘g‘risida muhokama qilinadi. (Matto 6:9, 10; 24:14; Luqo 4:43)
Nega uchrashuvlarga borishingiz kerak?
U yerda foydali ma’lumotni bilib olasiz. Yig‘ilishlarda muhokama qilinadigan amaliy prinsiplar yordamida donolikka ega bo‘lishingiz mumkin. (Hikmatlar 4:5) Bu Muqaddas Kitobdan foydalanib, to‘g‘ri qarorlar chiqarishingiz mumkinligini anglatadi. Qolaversa, Xudoning Kalomi yordamida hayotdagi muhim savollarga javob topa olasiz. Masalan:
Quyida yig‘ilishlarimizda bo‘ladigan bir nechta nutqning nomi keltirilgan:
Nega Muqaddas Kitobdagi yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish kerak?
Qayg‘u vaqtida yordamni qayerdan topsa bo‘ladi?
Xudoning Shohligi keltirayotgan barakalar
«Sinfdoshim yig‘ilishlarimizdan biriga keldi. U bizning oila bilan o‘tirdi va unga Muqaddas Kitob hamda jurnalimizni berdik. Keyin u yig‘ilishda eshitgan sharhlari unga juda ta’sir qilganini aytdi. Shuningdek, uning cherkovida bunday ma’lumotlar tadqiq qilinmasligini aytdi». (Brenda)
Bilarmidingiz? Yig‘ilishlarimizda kirish bepul va hech qanday pul yig‘ib olinmaydi.
U yerdagi muloqotdan dalda olasiz. Muqaddas Kitobga ko‘ra, masihiylar birga yig‘ilishining sababi — o‘zaro dalda berish. (Ibroniylarga 10:24, 25) Ushbu xudbin dunyoda Xudo va boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yadigan insonlar bilan muloqot qilib tasalli olasiz.
«Uzoq kundan so‘ng o‘zimni g‘amgin va charchagan his etishim mumkin, lekin Yig‘ilish zalidagi odamlar menga doim dalda beradi. Yig‘ilishdan so‘ng uyga qaytayotganimda quvonch va keyingi kunni qarshi olishga tayyor ekanimni his qilaman». (Elisa)
Bilarmidingiz? Dunyo bo‘ylab Yahova Shohidlarining 120000dan oshiq jamoati bor bo‘lib, 60000dan ziyod joylarda yig‘ilishlarni o‘tkazadi. Yig‘ilishlarga kelayotganlar soni o‘sib borayotgan ekan, har yili o‘rtacha hisobda taxminan 1500ta Yig‘ilish zali quriladi a.
a Yig‘ilish zalini topish uchun «Yahova Shohidlarining jamoat uchrashuvlari» sahifasiga kirib, «Sizga yaqin bo‘lganini topish» tugmachasini bosing.

