o‘zbekcha (lotincha)
Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik qanchalik muhim?
https://cms-imgp.jw-cdn.org/img/p/500600110/UZR/wpub/500600110_UZR_sqr_xl.jpg
ijwyp article 108

YOSHLARNING SAVOLLARI

Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik qanchalik muhim?

Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik qanchalik muhim?

 Eleyn ismli bir o‘smir qiz shunday dedi: «Sinfdoshlarim yuzlab onlayn obunachilarga ega ekanini ko‘rganimda: “Qoyil, ular juda ham mashhur!” — deb o‘ylagandim. Rostini aytsam, o‘shanda ularga havasim kelgan».

 Siz ham o‘zingizni shunday his qilganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, bu maqola ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lish vasvasasiga berilmaslikka ko‘maklashadi.

 Qanday xavf mavjud?

 Hikmatlar 22:1 da: «Yaxshi nom katta boylikdan afzalroq»,— deb yozilgan. Ha, yaxshi nomga ega bo‘lishni va boshqalar sizni yaxshi ko‘rishini istashning yomon joyi yo‘q.

 Lekin mashhur bo‘lish istagi ba’zida kasallikka aylanib ketishi hech gap emas. Xo‘sh, bu xavflimi? 16 yoshli Oniya shunday dedi:

 «Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlarda yulduz bo‘lish maqsadida maktabimizning ikkinchi qavatidan sakrashga tayyor bo‘lganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman».

 Ba’zi odamlar tengdoshlarining e’tiborini jalb qilish uchun ahmoqona harakatlarini videoga olib, internetga joylashtiradi. Masalan, ko‘plab o‘smirlar aqlga sig‘maydigan ishni — zaharli moddalari bor kir yuvish kukunini yeyishayotganini videoga olib, internetga yuklashgan.

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Shuhratparastlik bilan hech narsa qilmanglar». (Filippiliklarga 2:3, Turkiya 1998)

 O‘ylab ko‘ring:

  •   Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik siz uchun qanchalik muhim?

  •   Tengdoshlaringizning e’tiboriniyu hurmatini qozonish uchun o‘z sog‘ligingiz va hayotingizni xavf ostiga qo‘ygan bo‘larmidingiz?

 Qo‘shtirnoq ichidagi mashhurlik

 Yulduz bo‘lish uchun hamma ham hayotini xavf ostiga qo‘ymaydi. 22 yoshli Erika ayrimlar qo‘llaydigan boshqacha usul haqida shunday fikr bildirdi:

 «Ba’zilar ko‘pgina do‘stlari bilan vaqtichog‘lik qilib rasmga tushadi, so‘ng ularni ijtimoiy tarmoqlarga yuklaydi. Bunday qilib, ular o‘zini xuddi judayam mashhur va millionta do‘sti bordek ko‘rsatadi».

 15 yoshli Kara ba’zilar boshqalarda taassurot qoldirish uchun yolg‘ondan foydalanishi haqida quyidagicha dedi:

 «Men shunday odamlarni bilamanki, ular bazmda bo‘lgandek rasmga tushishadi. Aslida esa uyda o‘tirgan bo‘lishadi».

 22 yoshli Metyu ham shunday yo‘l tutgani haqida aytdi:

 «Internetga rasmimni joylashtirgandim va u Everest tog‘ida olingan, deb belgilab qo‘ygandim. Lekin o‘zim Osiyoda umrimda bo‘lmaganman».

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har narsada halol bo‘lishni istaymiz». (Ibroniylarga 13:18)

 O‘ylab ko‘ring:

  •   Mashhur bo‘lish uchun ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘ondan foydalanganmisiz?

  •   Rasm va sharhlar siz aslida qanday inson ekaningizni va nimaga ishonishingizni aks ettiradimi?

  Obunachilar va layklar qanchalik muhim?

Ko‘plarning o‘ylashicha, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lish uchun anchagina obunachi va layklarga ega bo‘lish kerak. Yuqorida tilga olingan Metyu ham shunday fikrda bo‘lganini tan oldi:

 «Men odamlardan: “Obunachilaringizning soni qancha yoki eng ko‘p nechta layk yiqqansiz?” — deb so‘rardim. Obunachilarimni ko‘paytirish maqsadida tanimaydigan odamlarga obuna bo‘lardim va ular ham menga obuna bo‘lishini kutardim. Mashhur bo‘lish istagi meni tark etmasdi, ijtimoiy tarmoqlar esa bu istakni kuchaytirardi».

Ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lishni zararli oziq-ovqatga o‘xshatsa bo‘ladi. U qisqa vaqtga lazzat baxsh etsa-da, keyinchalik yoqimsiz asoratlar keltiradi

 25 yoshli Mariya obunachilar va layklarning soni ba’zi insonlarning o‘ziga bo‘lgan nuqtai nazariga ta’sir qilishiga ahamiyat berdi:

 «Qizlar ularning rasmi ko‘p layk yig‘masa, o‘zlarini xunuk, deb hisoblaydi. Bu noto‘g‘ri fikr. Lekin ko‘p insonlar shunday o‘ylab, o‘ziga ziyon keltiradi, xolos».

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Manmanlik qilmaylik, bir-birimizni raqobatga undamaylik va hasad qilmaylik». (Galatiyaliklarga 5:26)

 O‘ylab ko‘ring:

  •   Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zingizni boshqalar bilan solishtirasizmi?

  •    Obunachilarning soni ortidan quvyapsizmi yoki sizni chin dildan yaxshi ko‘radigan insonlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantiryapsizmi?