OILA UCHUN YORDAM | BOLA TARBIYASI
Nega kitob o‘qish bolalar uchun muhim? (1-qism) O‘qish yoki tomosha qilishmi?
Farzandingiz dam olayotganida nima qilishni afzal ko‘radi: video tomosha qilishni yoki o‘qishnimi? Uning qo‘lida ko‘pincha nima bo‘ladi: telefon yoki kitobmi?
So‘nggi yillar davomida odamlar televizor va turli-tuman onlayn dasturlar tufayli kamroq kitob o‘qiydigan bo‘lishdi. 1990-yili Jeyn Xili o‘zining kitobida shunday yozgandi: «Vaqt o‘tib insonlar umuman kitob o‘qimay qo‘yishadi». («Endangered Minds»)
O‘shanda bu so‘zlar bo‘rttirib aytilganday tuyulishi mumkin yedi. Lekin bugungi kunda, zamonaviy texnologiyalar davrida, ba’zi ustozlarning ta’kidlashicha, bolalarning o‘qish ko‘nikmalari yetarli darajada rivojlanmagan.
Ushbu maqolada
Nega kitob o‘qish bolalar uchun muhim?
O‘qish tasavvurni rivojlantiradi. Masalan, hikoya o‘qiganda shularni ko‘z oldingizga keltiring: qahramonning ovozi qanday? Uning tashqi qiyofasi qanday? Atrof-muhit-chi? Yozuvchi ba’zi narsalarni yoritib beradi, lekin qolganini o‘quvchining o‘zi tasavvur qilishi lozim.
«Har qanday film yoki video birovning tasavvuri mahsulidir,— deydi Lora ismli bir ona.— To‘g‘ri, video tomosha qilish qiziqarli, lekin o‘qishning ham o‘z gashti bor: siz muallifning so‘zlarini o‘z xayolingizda gavdalantirasiz».
O‘qish shaxsiyatni shakllantiradi. O‘qish bolalarga qiyinchiliklar ustida fikr yuritib, ularni hal qilishga yordam beradi. Qolaversa, o‘qish bolalarga diqqatni bir joyga jamlashga ko‘maklashadi. Natijada, ular sabr-toqat, o‘zini tuta bilish va hamdardlik kabi xislatlarni rivojlantira olishadi.
Hamdardlik? Ha! Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, bolalar hikoyani shoshilmasdan va mulohaza yuritib o‘qishsa, qahramonning tuyg‘ularini tushuna olishadi. Bu yesa, o‘z navbatida, bolalarga atrofdagilarning tuyg‘ulariga sherik bo‘lishga ko‘maklashadi.
O‘qish chuqur mulohaza yuritishga o‘rgatadi. Diqqat bilan mutolaa qiladigan o‘quvchi o‘zining tezligida va ba’zida hatto qayta-qayta o‘qiydi. Shu yo‘sin, u muallifning fikrlash tarzini ilg‘ab oladi. Natijada o‘quvchi ma’lumotni yaxshiroq yeslab qoladi va o‘zi uchun kerakli saboqlar chiqaradi. (1 Timo‘tiyga 4:15)
Jozef ismli bir ota shunday fikr bildirdi: «O‘qiganingizda ma’lumot ustida mulohaza yurita olasiz, uni bilganlaringiz bilan bog‘laysiz va o‘zingiz uchun kerakli xulosalar chiqarasiz. Ma’lumotni video ko‘rinishida qabul qilish yesa kishini doim ham chuqur mulohaza yuritishga undamaydi».
Xulosa: filmlaru videolarni tomosha qilishning o‘z o‘rni bor, lekin farzandingiz mutolaa uchun umuman vaqt ajratmasa, muhim narsalardan bebahra qolishi mumkin.
Qay yo‘sin bolani o‘qishga qiziqtirish mumkin?
Ertaroq boshlang. Ikki nafar o‘g‘ilning onasi Xloya shunday fikr bildirdi: «Farzandlarimizga ular qornimda bo‘lganidayoq kitob o‘qishni boshladik va ular tug‘ilganidan keyin ham shunday qilishda davom yetdik. Taslim bo‘lmaganimizdan xursandmiz. Vaqt o‘tib, mutolaa ular hayotining bir qismiga va sevimli mashg‘ulotlaridan biriga aylandi».
Muqaddas Kitobga asoslangan prinsip: «Sen bolaligingdanoq Muqaddas Yozuvlarni o‘rgangansan». (2 Timo‘tiyga 3:15)
O‘qish uchun yaxshi muhit yarating. Shunday qilingki, kitoblar qo‘l ostida bo‘lsin. «Bolangizga yoqadigan kitoblarni tanlang va karavotining yoniga qo‘yib qo‘ying»,— deydi to‘rt nafar farzandning onasi Tamara.
Muqaddas Kitobga asoslangan prinsip: «Bolani tarbiyalab, to‘g‘ri yo‘lga sol, hatto ulg‘ayganda ham undan og‘maydi». (Hikmatlar 22:6)
Internetdan qancha foydalanishni belgilang. Deniyel ismli ota telefonlarsiz, offlayn oqshomlar o‘tkazishni tavsiya yetadi. U shunday deydi: «Hatto haftada bir marta bo‘lsa ham, oqshomimizni televizordan xoli, tinch muhitda o‘tkazamiz. Bu paytda biz shunchaki o‘qiymiz, ba’zida birga, ba’zida yesa alohida.
Muqaddas Kitobga asoslangan prinsip: «Qaysi narsalar muhimroq yekanini farqlanglar». (Filippiliklarga 1:10)
Ibrat bo‘ling. Ikki nafar qizning onasi Karina shunday tavsiya yetadi: «Ifodali o‘qing! Farzandlaringiz hikoyani maroq bilan o‘qiyotganingizni his qilishsin. Agar o‘zingiz mutolaa qilishni sevsangiz, bolalaringiz ham sizdan o‘rnak oladi».
Muqaddas Kitobga asoslangan prinsip: «Omma oldida... o‘qishda... davom yet». (1 Timo‘tiyga 4:13)
To‘g‘ri, hamma bolalar ham kitobxon bo‘lib ulg‘aymaydi. Lekin o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqingiz ularda ham bunday istak uyg‘onishiga turtki bo‘lishi mumkin. Ikki nafar qizaloqning otasi Devid yesa yana bir foydali fikr bilan o‘rtoqlashdi: «Men hamisha qizaloqlarim o‘qigan kitoblarni mutolaa qilganman. Shu yo‘sin, ularni nima qiziqtirishini bilardim va umumiy suhbat uchun doim mavzu topilardi. O‘zimizning kichik kitobxonlar to‘garagimiz bor yedi. Bu rosa qiziqarli yedi!»

