Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM

Bolam tahqirlanayotgan bo‘lsa, nima qilsam bo‘ladi?

Bolam tahqirlanayotgan bo‘lsa, nima qilsam bo‘ladi?

Deylik, o‘g‘lingiz sizga u maktabda tahqirlanayotganini aytdi. Shunda, nima qilasiz? Maktabga borib, bezorining ta’zirini berishlarini talab qilasizmi? Yoki o‘g‘lingiz unga ham xuddi shunday javob qaytarishini uqtirasizmi? Bu masalada qaror chiqarishdan avval, tahqirlanish haqida ba’zi fikrlarni ko‘rib chiqing *.

 Tahqirlanish haqida nimani bilishingiz kerak?

Tahqirlanish nima degani? Bu muntazam ravishda va atayin kimnidir jismoniy yoki hissiy jihatdan xo‘rlash, haqorat qilish va kamsitish degani. Shuning uchun, bolangizni kimdir xafa qilayotgan yoki unga qo‘pol munosabat qilayotgan bo‘lsa, bu doim ham u tahqirlanayotganini anglatmaydi.

Nima uchun buni bilish muhim? Ayrimlar, «tahqirlanish» so‘zi ostida qanchalik arzimas bo‘lishidan qat’i nazar har qanday ranjitadigan harakatni tushunadi. Lekin pashshadan fil yasab, o‘zingiz bilmagan holda bolangizga kelishmovchiliklarni hal qila olishiga to‘sqinlik qilgan bo‘lasiz. Bu esa unga hozirning o‘zida va katta bo‘lganida ham kerak bo‘ladi.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Xafa bo‘lishga shoshma». (Voiz 7:9, izoh)

Xulosa. Garchi ba’zi vaziyatlarda bunday masalaga aralashishingiz talab etilsa-da, ayrimlari bolangiz kelishmovchilikni hal qilishiga va odamlar bilan qay yo‘sin munosabat qurishi mumkinligini o‘rgatishingiz uchun imkon berishi mumkin. (Kolosaliklarga 3:13)

Mabodo, bolangiz uni muntazam ravishda va atayin ranjitishayotganini aytsa-chi, nima qilasiz?

 Qanday yordam bera olasiz?

  • Farzandingizni sabr ila tinglang. 1) Nima yuz berayotganini va 2) nega aynan u bilan bu sodir bo‘layotganini aniqlashga intiling. Barcha ma’lumotga ega bo‘lmay turib, xulosalar qilmang. O‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Tanganing boshqa tarafi ham bormi?» Barcha tafsilotlarni bilib olish niyatida, farzandingizning o‘qituvchisi yoki boshqa bolalarning ota-onalari bilan gaplashib ko‘rishingiz kerakdir.

    Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Tinglamasdan javob berish, ahmoqlik va sharmandalikdir». (Hikmatlar 18:13)

  • Agar bolangiz tahqirlanayotgan bo‘lsa, vaziyat yaxshilanishi va battar bo‘lmasligi uchun nima qila olishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishiga ko‘maklashing. Hikmatlar 15:1 da: «Muloyim javob g‘azabni qaytaradi, qattiq so‘z esa jahlni chiqaradi»,— deb yozilgan. Darhaqiqat, o‘chakishish olovga yog‘ quygandek bo‘ladi, shunda muammo yechilishning o‘rniga, yanada chigallashadi.

    Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Yomonlikka yomonlik, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmanglar». (1 Butrus 3:9)

  • Bolangizga javob qaytarmaslik zaiflikning belgisi emasligini tushuntiring. Aksincha, bu u kuchli ekanining isboti bo‘ladi. Chunki shu bilan u, tahqirlayotgan kishi uni boshqarishiga yo‘l qo‘ymayotganini ko‘rsatadi. Ha, u tahqirlayotgan kishini javoban tahqirlamay turib g‘alaba qozonadi.

    Bolangiz Internet orqali tahqirlanishlarga duchor bo‘layotgan bo‘lsa, buni yodda tutish ayniqsa muhimdir. Internet orqali o‘zaro aytishish, tahqirlayotgan kishiga bu jangni davom ettirishiga va oxir-oqibat bolangizni xo‘rlashiga imkoniyat ochib bergan bo‘ladi. Shu bois, ba’zida hech qanday javob bermaslik yaxshiroq bo‘ladi. Ehtimol, tahqirlayotgan kishi shaxtidan qaytar va bolangiz ham o‘zini qo‘lda ushlar.

    Muqaddas Kitobdagi prinsip: «O‘tin bo‘lmasa olov o‘chadi». (Hikmatlar 26:20)

  • Ba’zi hollarda, farzandingiz tahqirlaydigan odamlar va ular bunday qilishi mumkin bo‘lgan joylardan uzoqroq yurar. Masalan, agar u muayyan kishini yoki to‘dani qayerda uchratish mumkinligini bilsa, muammoning oldini olish maqsadida boshqa yo‘ldan ketar.

    Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Zakovatli inson xavfni ko‘rib yashirinadi, tajribasiz esa olg‘a qadam bosib jazosini tortadi». (Hikmatlar 22:3)

Farzandingizning o‘qituvchisi yoki boshqa bolalarning ota-onalari bilan gaplashib ko‘rishingiz kerakdir

BUNI QILIB KO‘RING. Farzandingiz quyidagilarning yaxshi va yomon tomonlarini chamalab ko‘rishiga ko‘maklashing. Masalan:

  • U duch kelgan tahqirlarni shunchaki e’tiborsiz qoldirsa, nima yuz beradi?

  • U bezorilarga tahqirlarni bas qilishni dadillik ila ayta oladimi?

  • U tahqirlar haqida maktab xodimlariga ayta oladimi?

  • U do‘stona munosabat ko‘rsatib va bezorining gapini hazilga yo‘yib, uni shaxtidan qaytara oladimi?

Bola qay yo‘sin tahqirlanishidan qat’i nazar, har bir vaziyat o‘zgachadir. Shunday ekan, bolangizga to‘g‘ri keladigan yechimni topishiga yordam bering. Ushbu murakkab vaziyatda uni qo‘llab-quvvatlashingizga ishontiring.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Chin do‘st hamma vaqt sevadi, og‘ir damda birodariga tayanch bo‘ladi». (Hikmatlar 17:17)

^ 3- x.b. Garchi bu maqolada o‘g‘il bola tilga olingan bo‘lsa-da, keltirilgan fikrlar qizlarga ham tegishli.