o‘zbekcha (lotincha)
Xudo Shohligining boshqaruvi ostida «tinchlik-osoyishtalik bo‘ladi»
https://cms-imgp.jw-cdn.org/img/p/102019009/univ/art/102019009_univ_sqr_xl.jpg
g19 № 1 12–15-sah.

QIYINCHILIK BATAMOM BARTARAF ETILADI

Xudo Shohligining boshqaruvi ostida «tinchlik-osoyishtalik bo‘ladi»

Xudo Shohligining boshqaruvi ostida «tinchlik-osoyishtalik bo‘ladi»

Tez orada uzoq kutilgan Xudoning Shohligi — Xudo tomonidan o‘rnatilgan yagona hukumat — butun yer yuzi bo‘ylab tinchlik o‘rnatadi. Zabur 72:7 da va’da berilganidek, «tinchlik-osoyishtalik bo‘ladi». Ammo Xudoning Shohligi yer yuzi ustidan qachon boshqarishni boshlaydi? Bu qanday amalga oshadi? Uning boshqaruvi sizga qanday foyda keltiradi?

XUDONING SHOHLIGI QACHON KELADI?

Muqaddas Kitobda Xudoning Shohligi yaqinda kelishiga ishora qiluvchi bir qancha voqealar bashorat qilingan. Xalqlar aro urushlar, ocharchilik, kasalliklar, zilzilalar va qonunsizlik ko‘payishi kabi voqealar oxirzamon «belgisini» tashkil etadi. (Matto 24:3, 7, 12; Luqo 21:11; Vahiy 6:2–8)

Yana shunday bashorat qilingan: «Oxirzamonda nihoyatda og‘ir vaqtlar keladi. Sababi, o‘sha paytda odamlar o‘zini sevadigan, pulparast,.. ota-onaga itoatsiz, noshukur, sadoqatsiz, mehrsiz, murosasiz, tuhmatchi, o‘zini tuta bilmaydigan, shafqatsiz, yaxshilikdan nafratlanadigan,.. mag‘rur, Allohni emas, aysh-ishratni sevadigan bo‘ladilar». (2 Timo‘tiyga 3:1–4) Bu kabi illatlar doimo muayyan darajada namoyon bo‘lgan. Ammo bugungi kunda bu illatlar keng tarqalgan.

Mazkur bashoratlar 1914-yildan amalga osha boshladi. Tarixchilar, davlat arboblari va yozuvchilar dunyo o‘sha yildan so‘ng o‘zgarib ketgani borasida o‘z fikrlarini bildirishgan. Masalan, daniyalik Peter Munk ismli tarixchi shunday yozgan: «1914-yili boshlangan urush insoniyat tarixini keskin o‘zgartirib yubordi. Taraqqiyotning yorqin pallasida... biz kulfat, dahshat, nafrat va xavf-xatarga duch keldik».

Ammo bu kabi vaziyatlar osudalikdan oldingi bo‘ronga o‘xshaydi. Ular Shohlik yer yuzi ustidan boshqaradigan payt yaqinligini ko‘rsatyapti. Iso oxirzamonga tegishli bashoratiga quyidagicha yakun yasagan: «Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi. Ana o‘shandagina oxirat bo‘ladi». (Matto 24:14)

Ushbu xushxabar Yahovaning Shohidlari xabarlayotgan asosiy mavzudir. Ularning asosiy adabiyoti «Qo‘riqchi minorasi Xudovand Yahovaning Shohligini xabarlaydi» deb nomlanadi. Unda muntazam ravishda Xudoning Shohligi insoniyat va Yer uchun qanday ajoyib ishlar qilishi borasida muhokama qilinadi.

QAY YO‘SIN XUDONING SHOHLIGI BOSHQARUVNI O‘Z QO‘LIGA OLADI?

Quyidagi to‘rtta muhim omil bu savolga javob beradi:

  1. Shohlikni bu dunyodagi siyosiy rahbarlar boshqarmaydi.

  2. Dunyoning siyosiy rahbarlari hokimiyatni qo‘ldan chiqarmaslik niyatida nodonlarcha yo‘l tutib, Xudoning Shohligiga qarshi chiqadi. (Zabur 2:2–9)

  3. Xudoning Shohligi insoniyat ustidan boshqarishni istaydigan siyosiy shohliklarni yakson qiladi. (Doniyor 2:44; Vahiy 19:17–21) Ushbu so‘nggi global to‘qnashuv Armageddon deb nomlangan. (Vahiy 16:14, 16)

  4. Xudo Shohligining boshqaruviga tayyorlik ila itoat etganlar Armageddon jangida omon qolib, osoyishta yangi dunyoda yashaydi. Ular Muqaddas Kitobda tilga olingan «ulkan olomonni», millionlab insonlarni tashkil etadi. (Vahiy 7:9, 10, 13, 14)

SHOHLIK BOSHQARUVI SIZGA QANDAY FOYDA KELTIRADI?

Xudo Shohligining fuqarosi bo‘lish uchun birinchi navbatda ta’lim olish kerak. Iso Xudoga ibodat qilib, shunday degan edi: «Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak». (Yuhanno 17:3)

Qachonki insonlar Xudovand Yahovani Shaxs sifatida tanib-bilsa, ular har taraflama foyda oladi. Keling, faqat ikkitasini ko‘rib chiqamiz. Birinchisi, ular Xudoga nisbatan kuchli imonni rivojlantiradi. Dalillarga asoslangan imon ularni Xudoning Shohligi mavjud ekaniga hamda o‘z boshqaruvini yaqinda boshlashiga ishontiradi. (Ibroniylarga 11:1) Ikkinchisi, ularning Xudoga va yaqiniga bo‘lgan sevgisi o‘sib boradi. Xudoga bo‘lgan sevgi Unga chin qalbdan bo‘ysunishga undaydi. Yaqiniga bo‘lgan sevgi esa Isoning quyidagi so‘zlarini amalda qo‘llashga turtki beradi: «Odamlar sizlarga qanday muomala qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga shunday muomala qiling». (Luqo 6:31)

Mehribon ota singari Yaratuvchimiz bizga eng yaxshisini berishni istaydi. U Muqaddas Kitobda tilga olingan «haqiqiy hayotga» ega bo‘lishimizni xohlaydi. (1 Timo‘tiyga 6:19) Bugungi hayot «haqiqiy hayotdan» yiroq. Millionlab insonlar bugun nihoyatda og‘ir hayot kechiryapti va tirik qolish uchun kurashyapti. Keling, Xudoning Shohligi o‘z fuqarolari uchun qiladigan ba’zi ajoyib ishlarni bilib olib, «haqiqiy hayotga» nazar tashlaylik.

Shohlik boshqaruvi ostida odamlar tinchlik va xavfsizlikda hayot kechirib, mo‘l-ko‘l noz-ne’matlardan bahramand bo‘ladi

a Muqaddas Kitobni www.jw.org saytimizda onlayn o‘qishingiz mumkin.