Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘lganlarning kelajagi bor

O‘lganlarning kelajagi bor

BIR 25 yashar juvon quyidagini eslamoqda: «1981 yilda mening o‘gay onam saraton kasalligiga yo‘liqib hayotdan ko‘z yumdi. Bu voqea o‘gay ukamga ham, menga ham juda qattiq ta’sir qildi. O‘sha vaqtda men 17 yoshda, ukam esa 11 yoshda edi. Ayriliq azobi meni qiynoqqa solar edi. Onamni osmonga ketdi, deb aytishar edi, ammo bu gaplardan o‘z jonimga qasd qilib, uning yonida bo‘lgim kelar edi. Axir u eng yaqin dugonajonim bo‘lgan».

Ertami kechmi, o‘lim yaqiningizni olib ketishi qanchalik dahshatli. Agarda bunga duch kelgan bo‘lsangiz, endi marhum bilan na gaplashasiz, na birgalashib quvonasiz va na bag‘ringizga bosa olasiz. Yaqiningiz endi osmonda, degan so‘zlar esa hech ham tasalli bermaydi.

Biroq, Muqaddas Kitobda umuman o‘zgacha umid to‘g‘risida gap ketmoqda. Boya bilib olganimizday, Muqaddas Kitobning ko‘rsatishicha, yaqin kelajakda biz, rahmatli yaqinlarimiz bilan uchrashish imkoniyatiga egamiz. Boz ustiga allaqanday osmonda emas, balki tinchlik va adolat hukm surgan ayni shu yer yuzida. O‘sha paytda insoniyat barcha dardlardan xalos bo‘lib, boshqa hech qachon o‘limga duch kelmaydilar. Ammo, ba’zilari: «Be’mani gapni qo‘ysangiz-chi!» — deb e’tiroz bildirishlari mumkin.

Shu gapning be’mani emasligiga qanday amin bo‘lishingiz mumkin? Agar kimdir o‘z va’dasini ro‘yobga chiqarish uchun ham istak, ham qudratga ega bo‘lsa, bizning ishonchimiz yanada mustahkam bo‘ladi. Xo‘sh, o‘lganlarning tirilishi haqida kim va’da bermoqda?

Milodiy 31 yilning bahorida Iso Masih aminlik bilan quyidagi va’dani bergan: «Ota qanday qilib o‘liklarni tiriltirib ularga hayot baxsh etsa, O‘g‘il ham kimni istasa, o‘shanga hayot baxsh etadi. Bunga taajjublanmangiz, qabrda yotgan marhumlarning hammasi Xudo O‘g‘lining ovozini eshitadigan vaqt keladi. Shunda o‘liklar qabrdan chiqadilar» (Yuhanno 5:21, 28, 29). Ha, millionlab o‘lgan odamlarning hayotga qaytib, tinch, ajoyib jannatmakon yerda abadiy yashashlarini Isoning o‘zi va’da berganlar (Yuhanno 3:16; 17:3 ni Zabur 36:29 va Matto 5:5 bilan solishtiring). Iso bu va’dani bergan  ekan, demak uni ro‘yobga chiqarish istagi bor. Ammo bunga qurbi yetarmikan?

Va’da berganiga ikki yil o‘tmay, Iso ajoyib tarzda nafaqat istagi borligini, balki tiriltirish qudrati borligini namoyon etdi.

«Lazar, tashqariga chiq!»

Keling, bir ta’sirli voqeani ko‘rib chiqamiz. Lazar degan kishi o‘lim to‘shagida yotardi. Uning Maryam va Marta ismli singillari Isoga: «Hazrat, Sening aziz do‘sting kasal bo‘lib yotibdi»,— degan xabar yetkazishdi (Yuhanno 11:3). Ular, Iso Lazarni sevishini bilishar edi. Nahotki Iso qadrdon do‘stini yo‘qlab kelmasa? Qizig‘i shundaki, Iso Baytaniyaga darhol otlanmay, o‘sha yerda yana ikki kungacha qolgan (Yuhanno 11:5, 6).

Isoga xabar jo‘natilgandan ko‘p o‘tmay, Lazar vafot etdi. Iso bundan xabardor va u bir narsa qilmoqchi. Iso Baytaniyaga yetib kelganida, do‘stining dafn qilinganiga to‘rt kun bo‘lgan edi (Yuhanno 11:17, 39). Shuncha kun oldin o‘lgan kimsani Iso tiriltira olarmikan?

O‘ta serharakat bo‘lgan Marta, Isoning kelayotganini eshitib, uning yo‘liga peshvoz chiqdi (Luqo 10:38-42). Uning qayg‘usini ko‘rib, Isoning o‘zi iztirobga tushdi, va: «Sening akang tiriladi»,— deb aytdi. Marta kelajakdagi tirilishga umidini izhor qilganidan so‘ng, Iso ochiqchasiga: «Men tirilish va hayotdirman. Menga ishongan odam o‘lsa ham yashaydi»,— dedi (Yuhanno 11:20-25).

Qabr oldiga yetib kelganlarida Iso, marhum yotgan g‘or og‘zidan toshni olib tashlashlarini buyurdi. Keyin ibodat qildi-da: «Lazar, tashqariga chiq!» — deb xitob qildi (Yuhanno 11:38-43).

Hammaning nigohi g‘orning og‘ziga qaratilgan. Shu payt qorong‘u g‘ordan, qo‘lu oyoqlari doka bilan bog‘langan, yuzi ro‘mol bilan o‘ralgan  kimsa chiqib keldi. «Uni yechintirib, qo‘yinglar, ketaversin»,— dedi Iso. Ro‘mol bilan dokani yechishdi. Ha, bu, to‘rt kundan buyon o‘lik bo‘lgan Lazar edi! (Yuhanno 11:44).

Bu voqea haqqoniymi?

Yuhanno bayon etgan Injilda bu hodisa haqiqatan yuz bergan tarixiy voqea, deb tasvirlangan. U shu qadar batafsil ifodalangan-ki, allaqanday uydirma bo‘la olmaydi. Bu hodisani shubha ostiga solish esa, Muqaddas Kitobning barcha mo‘jizalarini, shu jumladan Iso Masihning tirilganidan shubhalanish demakdir. Iso tirilganligining inkor etilishi bilan, u vasiyat qilib qoldirgan e’tiqod ham inkor etilgan bo‘ladi (1-Korinfliklarga 15:13-15).

Aslida, Xudoning borligini tan olsangiz, tirilish kabi mo‘jizaga ishonish, siz uchun qiyin bo‘lmaydi. Masalan, bir kishi o‘zining vasiyatini videotasmaga oldi deylik, va uning o‘limidan so‘ng qarindoshlariyu do‘stlari marhumni ko‘rib va eshitib merosni qanday bo‘lish kerakligini bilib olishlari mumkin. Yuz yil ilgari bunga aql bovar qilmas edi. Hozirgi davrda ham dunyoning olis joylarida yashayotgan insonlar uchun videotasmaga olish texnologiyasi aqlga sig‘maydigan mo‘jiza kabi tuyuladi. Agar hatto insonlar Yaratuvchining ilmiy qonunlariga asoslanib, qaytadan ko‘rish va eshitish uchun maxsus asboblarni yaratar ekan, Parvardigorimiz bundan ham afzalrog‘ini qilishga nahotki qodir bo‘lmasa? Nahotki barchaga hayot bergan Parvardigorning, qaytadan hayot berishga qudrati yetmasa?

Lazarni hayotga qaytarish mo‘jizasi Isoga va tirilishga ishonchimizni yanada mustahkamlaydi (Yuhanno 11:41, 42; 12:9-11, 17-19). Ushbu hayajonli hodisa, Yahova hamda Iso Masihning marhumlarni hayotga qaytarishga istaklari ham, tayyorliklari ham borligini ko‘rsatmoqda.

Xudo «juda qo‘msaydi»

Lazarning vafotiga bo‘lgan Isoning munosabati, uning qanchalik mehribonligini ko‘rsatmoqda. Uning qayg‘urishidan, marhumlarni tiriltirishni qanchalik orziqib kutishini ko‘rish mumkin. Muqaddas Kitobda quyidagini o‘qiymiz: «Maryam Iso turgan yerga yetib kelib Uni ko‘rdi-yu, oyoqlariga o‘zini tashlab: “Hazrat! — dedi,— agar Sen shu yerda bo‘lganingda, Mening akam o‘lmas edi!” Maryam ham, u bilan kelgan yahudiylar ham yig‘layotgan edilar. Iso buni ko‘rib, qattiq iztirobga tushdi, ko‘ngli o‘rtanib ketdi. “Uni qayerga qo‘ydingizlar? — deb so‘radi. — Borib ko‘rgin!” — dedilar. Isoning ko‘zi yoshlandi. Yahudiylar: “Qarang, uni naqadar sevar ekan!” — deyishdi» (Yuhanno 11:32-36).

«Iztirobga tushdi», «o‘rtandi» hamda «ko‘zi yoshlandi», degan iboralar Isoning qanchalik hamdard bo‘lganini oydin ko‘rsatmoqda. Ushbu ta’sirli voqea yozilgan tilda, bu iboralar Isoning naqadar hayajonlanganini ko‘rsatmoqda. Yaqin do‘sti vafotidan hamda Lazarning yig‘layotgan singlisini ko‘rib, Isoning ko‘zlari ham yoshga to‘ldi. *

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bundan avval Iso ikkita marhumni tiriltirdi. Lazarni ham tiriltirish niyatida edi (Yuhanno 11:11, 23, 25). Lekin shunga qaramay «ko‘zi yoshlandi». Demak,  Iso uchun insonlarni hayotga qaytarish oddiy bir marosim kabi bo‘lmagan edi. Uning chuqur his-tuyg‘ulari hamda mehribonligi, o‘limni yo‘q qilish istagi borligini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi.

Lazarni tiriltirayotgan paytda Isoning mehribonligi, o‘limni yo‘q qilish istagi borligini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi.

Iso — «Xudo ulug‘vorligining in’ikosi» bo‘lganligi tufayli, samoviy Otamizdan ham xuddi shuni kutishimiz mumkin (Ibroniylarga 1:3). Ayub alayhissalom Yahovaning tiriltirish istagi borligini quyidagicha aytdi: «Inson vafot etsa tirilarmikan? [...] Sen chaqirar eding, men esa javob berar edim. Bunyod etgan ijodingni juda qo‘msar eding» (Ayub 14:14, 15, Yangi Dunyo Tarjimasi). «Juda qo‘msar eding» degan ibora asl nusxada, Xudoning qattiq istagini ko‘rsatmoqda (Ibtido 31:30; Zabur 83:3). Darhaqiqat, Yahova marhumlarni tiriltiradigan vaqtni intizorlik bilan kutmoqda.

Tirilish bo‘lishiga chindan ham ishonch hosil qilishimiz mumkinmi? Ha, chunki Yahovaning hamda Iso Masihning bunga nafaqat istaklari, balki qudratlari bor. Bu siz uchun nimani anglatadi? Hayotdan ko‘z yumgan yaqinlaringiz bilan ayni shu yer yuzida, faqat mutlaqo o‘zgacha sharoitlarda uchrashish imkoniyatiga egasiz!

Insoniyatga ajoyib bog‘da boshlanishni bergan Yahova Xudo, hozirgi paytda ulug‘vorlikda bo‘lgan Iso Masihning qo‘lidagi samoviy Shohligining hukmronligi orqali, ayni shu yer yuzida qaytadan Jannatni tiklashni va’da qilgan. (Ibtido 2:7-9; Matto 6:10) Ushbu qayta tiklangan Jannatda insoniyat oilasi barcha og‘rig‘u dardlaridan xalos bo‘lib, abadiy hayotdan shodlanib yashaydilar (Vahiy 21:1-4; Ayub 33:25 va Ishayo 35:5-7 ni solishtiring). Nafrat, millatchilik, irqchilik va iqtisodiy muammolar boshqa hech qachon bo‘lmaydi. Yahova Xudo ayni shunday go‘zal yerda Iso Masih vositasida marhumlarni tiriltiradi.

Iso Masihning gunohdan qutqazadigan qurbonligiga asoslangan tirilish barcha xalqlarga shodlik keltiradi.

Ushbu qismning boshida, so‘zlari keltirilgan taqvodor juvonning umidi ham shundadir. Onasining vafotidan bir necha yildan so‘ng, bu ayol Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni jiddiy tadqiq qilishga kirishdi. U shuni eslamoqda: «Tirilish bo‘lishini bilganimda, ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Onamni yana ko‘ra olish haqiqiy mo‘jiza-ku!»

Agar sizning vujudingiz ham marhumni qo‘msab qiynalayotgan bo‘lsa, Yahovaning Shohidlari shunday kelajakka qanday ega bo‘lishingiz mumkinligini bilib olishda sizga bajonidil yordam berishadi. Uyingizga yaqin bo‘lgan Shohlik Zalida ular bilan uchrashishingiz mumkin, yoki 32-sahifada keltirilgan eng yaqin manzilgohga yozing.

^ 20- x.b. «Iztirobga tushdi», degan ibora aslida yunoncha (embrimа́omai) fe’lidan kelib chiqib, o‘ta qattiq hayajonlanishni bildiradi. Bir injilshunos: «Bu ibora Isoning kuchli his-tuyg‘ularini, hatto qayg‘uli tovush chiqarganini ochiq ko‘rsatib turibdi»,— deb aytgan edi. «O‘rtandi» degan ibora esa yunoncha (tarа́sso) so‘zidan kelib chiqib, bezovtalanganlikni bildiradi. Shunga binoan, bir lug‘atshunos aytganday: «biror kimni qattiq hayajonga tushirish... o‘ta kuchli dardga yoki qayg‘uga solish», degan ma’noni beradi. «Ko‘zi yoshlandi» degan ibora esa yunoncha (dakrи́o) so‘zidan kelib chiqib, «ko‘z yosh to‘kish, yum-yum yig‘lash» degan ma’noni anglatadi.