Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 2- dars

Xudo kim?

Xudo kim?

1. Nega Xudoga topinishimiz lozim?

Haq Xudo butun borliqning Yaratuvchisidir. Uning ibtidosi bo‘lmagan, intihosi ham yo‘q. (Zabur 90:2) U Muqaddas Kitobda bayon etilgan xushxabarning Manbaidir. (1 Timo‘tiyga 1:11) Tangri bizga hayotni ato etgan ekan, faqat Unga topinishimiz darkor. Vahiy 4:11 ni o‘qing.

2. Xudo O‘zi qanaqa?

Alloh ruhiy shaxs bo‘lgani bois, hech bir inson Uni ko‘rmagan. Bu degani, U biznikidan ancha yuksak bo‘lgan hayot shakliga ega. (Yuhanno 1:18; 4:24) Shunday bo‘lsa-da, Xudo yaratgan narsalarni kuzatib, U to‘g‘risida bilib olish mumkin. Misol uchun, turli-tuman mevalaru gullar U sevgi va donolikka boy ekanidan dalolat beradi. Cheksiz Koinot esa Tangri kuch-qudratga ega ekanini ko‘rsatib turadi. Rimliklarga 1:20 ni o‘qing.

Muqaddas Kitobni o‘qish orqali Alloh haqida yanada ko‘proq bilib olsa bo‘ladi. Masalan, unda Xudo nimani yoqtirish-yoqtirmasligi, insonlarga qanday munosabatda ekanligi va turli vaziyatlarda qanday yo‘l tutishi borasida aytilgan. Zabur 103:7–10 ni o‘qing.

3. Allohning ismi bormi?

Iso payg‘ambar: «Osmondagi Otamiz, isming muqaddas bo‘lsin»,— degan. (Matto 6:9) Garchi Xudoning turli unvonlari bor bo‘lsa-da, ismi faqat bitta. Har xil tillarda u turlicha talaffuz etiladi. O‘zbek tilida «Yahova» deya talaffuz qilinadi. Zabur 83:18 ni o‘qing.

Muqaddas Kitobning ko‘p tarjimalarida Allohning ismini olib tashlab, Egamiz va Rabbiy degan unvonlarga almashtirishgan. Lekin Muqaddas Kitobning asl nusxasida Xudoning ismi taxminan 7 000 marta qo‘llanilgan. Hazrati Iso Xudo haqida ta’lim berganida bu ismni tilga olgan. Yuhanno 17:26 ni o‘qing.

 4. Yahova bizga g‘amxo‘rlik qiladimi?

Ushbu mehribon ota kabi, Xudo kelajakda yaxshi yashashimiz uchun choralar ko‘rmoqda

Dunyoda ko‘p odamlar azob chekayotgani Tangri Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilmayotganidan darak beradimi? Ba’zilar: «Xudo bizni sinash uchun azoblarga duchor qiladi»,— deyishadi. Ammo bu g‘irt yolg‘on. Yoqub 1:13 ni o‘qing.

Alloh insonga iroda erkinligini ato etgan. Xudo Unga topinish qarorini chiqarishni o‘zimizga havola etganidan minnatdor bo‘lishimiz darkor. (Yoshua 24:15) Lekin ko‘plar boshqalarga yomonlik qilishni tanlayotgani sababli, azob-uqubat ko‘payib ketyapti. Bunday nohaqlikni ko‘rish Yahovani ranjitadi. Ibtido 6:5, 6 ni o‘qing.

Yahova — g‘amxo‘r Xudo. U hayotdan zavqlanib yashashimizni istaydi. Yaqinda Alloh azob-uqubatlarni va ularga sababchi bo‘layotganlarni yo‘q qiladi. Garchi U hozir bunga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa-da, bu faqat vaqtinchalik va buning jiddiy sababi bor. Ushbu risolaning 8- darsida bu haqda bilib olamiz. 2 Butrus 2:9; 3:7, 13 ni o‘qing.

5. Qay yo‘sin Allohga yaqinlasha olamiz?

Yahova ibodat orqali Unga yaqinlashishga taklif qilmoqda. U har birimizga qiziqish ko‘rsatadi. (Zabur 65:2; 145:18) U kechirishga tayyor. To‘g‘ri, ba’zida Xudoga ma’qul keladigan ishlarni qilish oson emas. Lekin U harakatlarimizni nazaridan chetda qoldirmaydi. Shunday ekan, nomukammal bo‘lishimizga qaramay, Xudo bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishimiz mumkin. Zabur 103:12–14; Yoqub 4:8 ni o‘qing.

Yahova bizga hayotni tuhfa etgan ekan, Uni hammadan ko‘ra ko‘proq sevishimiz lozim. (Mark 12:30) Allohga sevgingizni namoyon etish uchun, bundan buyon ham U haqida bilim olishingiz va amrlariga bo‘ysunishingiz darkor. Shunda Unga yanada yaqinlasha olasiz. 1 Timo‘tiyga 2:4; 1 Yuhanno 5:3 ni o‘qing.