Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 4- dars

Iso Masih kim?

Iso Masih kim?

1. Iso qanday vujudga kelgan?

Isoning qaysi fazilatlari boshqalarni unga jalb qilgan? (MATTO 11:29; MARK 10:1316)

Iso Xudoning ilk ijodi. Odamlardan farqli ravishda u yer yuziga kelishidan avval osmonda farishta bo‘lib yashagan. (Yuhanno 8:23) Iso samoda ayolning vositasisiz vujudga kelgan. Unga hayotni Alloh ato etgani bois, u ramziy ma’noda «Xudoning O‘g‘li» deb atalgan. (Matto 16:16) Iso, shuningdek, «Kalom» deb tanilgan, boisi u Tangrining vakili bo‘lib xizmat qilgan. (Yuhanno 1:14) Qolaversa, Alloh unga maxsus bir vazifa topshirgani uchun u Masih yoki moylangan shaxs. Hikmatlar 8:22, 23, 30; Kolosaliklarga 1:15, 16 ni o‘qing.

2. Iso nima uchun yer yuziga kelgan?

Xudo O‘g‘lining hayotini Maryam ismli yahudiy bokira qizning bachadoniga o‘tkazgan. Bu Isoning yer yuzida otasi bo‘lmaganini ko‘rsatyapti. (Luqo 1:3035) Iso quyidagi sabablarga ko‘ra yer yuziga kelgan: 1) Alloh to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatish uchun, 2) hatto qiyinchiliklarga duch kelganda ham Xudoning irodasini bajarishda bizga o‘rnak ko‘rsatish maqsadida va 3) mukammal hayotini «to‘lov» sifatida taqdim etish uchun. Matto 20:28 ni o‘qing.

3. Nega biz to‘lovga muhtojmiz?

To‘lov — o‘lim xavfi ostida turgan odamni qutqarish uchun to‘lanadigan haqni anglatadi. (Chiqish 21:29, 30) Alloh odamlar keksayishini va hayotdan ko‘z yumishini istamagan. Buni qayerdan bilamiz? Xudo Odamatoga, agar u gunohga qo‘l ursa o‘lishini aytgan. Demak, u gunoh qilmaganida hech qachon o‘lmasdi. (Ibtido 2:16, 17; 5:5) Muqaddas Kitobga binoan, Odamato tufayli dunyoda o‘lim «paydo bo‘lgan». Shu yo‘sin, Odamato gunohni, jumladan, gunoh uchun jazo bo‘lmish o‘limni barcha avlodlariga meros qilib qoldirgan. Odamatodan meros bo‘lib o‘tgan o‘lim  jazosidan xalos bo‘lish uchun biz to‘lovga muhtojmiz. Rimliklarga 5:12; 6:23 ni o‘qing.

Kim biz uchun to‘lovni taqdim etib, o‘limdan xalos eta oladi? Odam o‘lganda faqatgina o‘z gunohlari uchun to‘lov to‘laydi. Hech bir nomukammal kishi boshqa insonlarning gunohi uchun to‘lov bera olmaydi. Zabur 49:7–9 ni o‘qing.

4. Iso nima uchun o‘lgan?

Iso payg‘ambar mo‘jizaviy tarzda dunyoga kelgani sabab, biz kabi nomukammal bo‘lmagan. U mukammaldir va hech qanday gunoh qilmagan. Shu bois, Iso o‘zining emas, boshqalarning gunohlari uchun o‘zini fido qilgan. Alloh esa O‘g‘lini yer yuziga yuborib, bizga O‘z sevgisini namoyon etgan. Isoning o‘zi ham Xudoga bo‘ysunish va gunohlarimiz uchun hayotini qurbon qilish bilan bizni sevishini ko‘rsatgan. Yuhanno 3:16; Rimliklarga 5:18, 19 ni o‘qing.

5. Hozir Iso Masih nima bilan band?

Iso yer yuzida yashaganida kasallarni davolardi, o‘lganlarni tiriltirardi va qiyinchilikka tushgan kishilarga ko‘maklashardi. Bu bilan u itoatkor insonlar uchun kelajakda nimalar qilishini ko‘rsatdi. (Matto 15:30, 31; Yuhanno 5:28) Iso o‘lganidan so‘ng, Xudo uni qudratli farishta qilib tiriltirdi. (1 Butrus 3:18) Keyin esa u Tangrining o‘ng tomoniga o‘tirib, Otasi unga butun yer yuzi ustidan hukmronlik qilish huquqini beradigan vaqtni kutdi. (Ibroniylarga 10:12, 13) Hozir Iso Masih osmonda Shoh sifatida hukmronlik qilmoqda va uning izdoshlari butun dunyo bo‘ylab bu xushxabarni e’lon etishmoqda. Doniyor 7:13, 14; Matto 24:14 ni o‘qing.

Yaqin orada Iso Shoh sifatida qudratidan foydalanib barcha azob-uqubatlarni va ularga sababchi bo‘layotganlarni yo‘q qiladi. Isoga ishonadigan va unga quloq soladigan har bir kishi yer yuzidagi jannatda yashaydi. Zabur 37:9–11 ni o‘qing.