Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 1- QISM

Parvardigor insoniyatga jannatni ato etadi

Parvardigor insoniyatga jannatni ato etadi

Xudovandi Karim koinotdagi jismlarni hamda yer yuzidagi hayotni yaratadi. U yaratgan mukammal erkak va ayolni go‘zal bir boqqa joylashtirib, ularga O‘z amrlarini beradi

KO‘PCHILIKKA tanish bo‘lgan mana bu so‘zlarga e’tibor bering: «Xudo azalda osmon bilan yerni yaratdi» (Ibtido 1:1). Muqaddas Kitobning ilk so‘zlari, mana shu sodda, lekin odamni o‘ziga jalb etadigan matn bilan boshlanadi. Shu tariqa, Xudovand Yahova olamdagi eng buyuk Shaxs ekanini bilib olyapmiz. Chindan ham, birinchi oyatdanoq Alloh butun borliqni hamda biz yashayotgan yerni bunyod etganini o‘qish mumkin. Keyinchalik esa, muayyan bir davrni o‘z ichiga oluvchi majoziy ma’nodagi bir necha kun ichida, Xudoyimiz insonlar uchun yerni uy qilib beradi va tabiat mo‘jizalarini yaratishni boshlaydi.

Xudoyi Taolo yer yuzida yaratgan ijodlaridan eng a’losi odam edi. U, Allohning suratiga ko‘ra yaratilgan, ya’ni Uning sevgi va donolik kabi hislatlarini namoyon etish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Xudovand Yahova ilk insonni tuproqdan yaratib, unga Odamato deb ism qo‘yadi. Bundan tashqari, uni jannatga, ya’ni Adan bog‘iga joylashtiradi. Ushbu bog‘da Alloh chiroyli va mevali daraxtlar ham o‘stiradi.

Xudovandimiz odamga yordamchi kerakligini bilardi. Shu bois, Odamatoning qovurg‘asidan ayolni yaratib, uning oldiga keltiradi. U Odamatoga xotin bo‘ladi va keyinchalik unga Momohavo deb ism beriladi. Quvonchi ichiga sig‘magan Odamato tuyg‘ularini she’r qilib aytadi: «Nihoyat, bu mening suyaklarimdan paydo bo‘lgan suyakdir, mening etimdan yaralgan etdir». Alloh esa shunday deydi: «Shuning uchun erkak kishi ota-onasidan boshqa bo‘lib chiqib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar» (Ibtido 2:22–24; 3:20).

Tangrimiz Odamato bilan Momohavoga ikkita amr beradi. Birinchidan, ular yerni ishlab parvarish qilishi va keyinchalik uni odamlar bilan to‘lg‘azishi kerak edi. Ikkinchidan esa, katta Adan bog‘idagi faqatgina bir daraxtdan, ya’ni «yaxshilik va yomonlikni bilish» daraxtidan meva yemasliklari lozim edi (Ibtido 2:17). Bordi-yu, itoatsizlik qilgudek bo‘lishsa, ularni o‘lim kutayotgandi. Xudo ilk juftlikka ushbu amrlarni berish orqali, ular Tangrimizni Hukmdor sifatida tan olishlariga imkoniyat yaratadi. Ular itoatkorligi bilan o‘z sevgisi hamda minnatdorchiligini ko‘rsata olishardi. Darhaqiqat, ularning manfaatiga xizmat qiladigan boshchilikka hech ikkilanmay quloq solishlari mumkin edi. Ushbu mukammal juftlikning hech qanday nuqsoni bo‘lmagan. Muqaddas Yozuvlarda quyidagilarni o‘qiymiz: «Xudo O‘zi yaratgan hamma narsaga nazar soldi. Bular juda ajoyib edi» (Ibtido 1:31).

Ibtido 1-, 2- boblarga asoslangan.