Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 2- QISM

Jannat yo‘qotiladi

Jannat yo‘qotiladi

Isyonkor farishta ilk juftlikni, ya’ni Odamato va Momohavoni Xudoga qarshi chiqishga undaydi. Oqibatda dunyoga gunoh va o‘lim kirib keladi

INSONIYAT paydo bo‘lishidan ancha oldin, Xudo ruhiy shaxslarni, ya’ni farishtalarni yaratadi. Shayton Iblis deb nom olgan bir isyonkor farishta ayyorlik ila Momohavoni Adan bog‘idagi taqiqlangan daraxtning mevasidan yeyishga undaydi.

Shayton ilondan foydalanib, Xudo Momohavo bilan Odamatodan yaxshi bir narsani yashirayotganini aytadi. Isyon ko‘targan farishta Momohavoga taqiqlangan daraxt mevasini yeyishsa ham, o‘lmasliklarini uqtiradi. Shu yo‘sin Shayton, Alloh yer yuzidagi farzandlarini aldayapti, degan g‘oyani ilgari surib, Uni ayblaydi. Iblis Tangriga bo‘ysunmaslikni jozibador qilib ko‘rsatadi va bu tufayli ular o‘zgacha bilim va ozodlikka ega bo‘lishlariga ishontiradi. Bularning bari uydirma bo‘lib, inson tarixidagi ilk yolg‘on edi. Aslini olganda, Allohning hukmdorligi yoki oliy hokimiyat haqida gap ketayotgandi. Shayton bu da’vosi bilan, Xudovandning boshqarishga haqqi borligini va bu huquqdan to‘g‘ri foydalanib, fuqarolarining manfaatini ko‘zlayotganini shubha ostiga qo‘yadi.

Momohavo Shaytonning bu yolg‘oniga laqqa tushadi. U taqiqlangan daraxt mevasidan tatib ko‘rishni juda istab, oxiri mevani olib yeydi. So‘ng esa, o‘sha mevadan eriga ham beradi va u ham yeydi. Shu tariqa, ular gunoh qilishadi. Bu oddiygina bo‘lib ko‘ringan qilmish, aslida isyondan boshqa narsa emas edi. Bila turib Tangrining amrini buzgan Odamato va Momohavo, barcha narsani, shu jumladan mukammal hayotni ato etgan Yaratuvchining hukmdorligini rad etdilar.

Najotkor «ezib tashlaydi sening boshingni, sen chaqib olasan uning tovonini» (Ibtido 3:15)

Xudo isyonchilarni javobgarlikka tortdi. Alloh, kelajakda Zurriyot yoki Najotkor kelib, ilon sifatida tasvirlangan Shaytonni yo‘q qilishi haqida bashorat qildi. Tangri Odamato bilan Momohavoning hali tug‘ilmagan farzandlariga rahm-shafqat ko‘rsatish maqsadida, ilk juftlikni darhol yo‘q qilmadi. Adan bog‘idagi isyonning ayanchli oqibatlarini bartaraf etish uchun, Xudo kelajakda ma’lum bir Shaxsni yubormoqchi edi. Bu tufayli tug‘ilajak farzandlarga umid ato etildi. Alloh bu niyatini qanday qilib amalga oshirar ekan? Va’da qilingan Najotkor kim bo‘ladi? Bu savollarning javobi, Muqaddas Kitobning boshqa qismlari yozilganida oydinlashib borgan.

Egamiz, Odamato va Momohavoni jannatdan chiqarib yubordi. Ular Adan bog‘ining tashqarisida ter to‘kib mehnat qilishlariga to‘g‘ri keldi. Momohavo homilador bo‘ldi va to‘ng‘ich farzandi Qobil tug‘ildi. Keyinchalik esa ularning boshqa o‘g‘il-qizlari dunyoga keldi. Ular qatorida Hobil va Nuh payg‘ambarning bobokaloni Shis tug‘ildi.

Ibtido 3–5- boblarga hamda Vahiy 12:9- oyatga asoslangan.