Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 9- QISM

Isroilliklar o‘zlariga shoh so‘rashadi

Isroilliklar o‘zlariga shoh so‘rashadi

Isroilning ilk shohi Shoul, Yahovaga itoatsiz bo‘lib qoladi. Uning o‘rniga Dovud shoh etib tayinlanadi. Xudo u bilan abadiy shohlik haqida ahd tuzadi

SHIMSHO‘NDAN so‘ng, Isroilda Shomuil ismli bir kishi payg‘ambar va hakam bo‘lib xizmat qiladi. Isroilliklar boshqa xalqlar kabi bo‘lishni istab, undan shoh tayinlashni talab qilishadi. Garchi bu, Yahovaga qattiq botgan bo‘lsa-da, ularning talabini bajarishni Shomuilga buyuradi. Alloh, Shoul ismli kamtarin bir odamni shoh qilib tayinlaydi. Vaqt o‘tgach, shoh Shoul mag‘rur va itoatsiz bo‘lib qoladi. Shunda, Yahova uni rad etib, o‘rniga Dovud ismli yigitni tayinlaydi. Ammo Dovud ancha yillardan keyin shoh bo‘ladi.

Dovud hali o‘smirligida, Shoulning qo‘shinida xizmat qilayotgan akalarini ko‘rishga boradi. U yerda barcha isroillik askarlar Go‘liyot ismli bahaybat bir dushman jangchidan dag‘-dag‘ titrab turishar edi. Go‘liyot esa, ularni va Alloh Yahovani mazax qilayotgandi. Dovudning achchig‘i chiqib, Go‘liyot bilan jang qilishga qaror qiladi. Uch metrlik ushbu devqomat bilan jang qilish uchun Dovud palaxmon va bir nechta tosh oladi. Go‘liyot Dovudning ustidan kula boshlaydi. Dovud esa, uning qurolidan yaxshiroq qurol, ya’ni Yahovaning ismi bilan jangga chiqqanini aytadi. U bor-yo‘g‘i bitta tosh bilan Go‘liyotni ag‘daradi, keyin uning qilichini olib, boshini tanasidan judo qiladi. Qo‘rqib qolgan filistlar tumtaraqay qochib ketishadi.

Avvaliga, shoh Shoul Dovudning jasoratidan qoyil qoladi va uni qo‘shin boshlig‘i qilib tayinlaydi. Lekin keyinchalik unga qattiq hasad qiladigan bo‘ladi. Shu sababli Dovud qochib ketib, bir necha yil davomida qochqinlikda yashaydi. Shoh Shoul uni o‘ldirish uchun bir necha marta uringan bo‘lsa-da, Dovud Yahova tayinlagan shohning joniga qasd qilmaydi. Oxir-oqibat, Shoul jangda halok bo‘ladi. So‘ng esa, Xudo va’da qilganidek Dovud shoh etib tayinlanadi.

«Uning shohlik taxtini toabad mustahkam qilaman» (2 Shohlar 7:13)

Hazrati Dovudda, Yahova uchun ma’bad qurish istagi kuchli bo‘ladi. Biroq, Yahova bu ishni uning o‘g‘li Sulaymon qilishini aytadi. Shunday bo‘lsa-da, Tangri Dovud bilan ahd tuzib, uni mukofotlaydi: u shohlar sulolasining asoschisi bo‘lib, uning avlodidan Adan bog‘ida va’da qilingan Najotkor yoki Zurriyot kelib chiqishini aytadi. Najotkor Alloh tayinlagan Masih bo‘lib, ma’nosi «moylangan» demakdir. Yahova, Masih samoviy Shohlikning Hukmdori bo‘lib, abadiy boshqaradi deb va’da qilgan.

Dovud Tangri Yahovadan juda minnatdor bo‘lgan. Shu yo‘sin, ma’bad uchun anchagina qurilish mollariyu oltin va kumush tayyorlab qo‘yadi. U shuningdek, ko‘pdan-ko‘p sanolar bastalaydi. Hayotining yakunida esa quyidagi so‘zlarni aytadi: «Egamning ruhi men orqali gapirgan, tilimda tayyordir Uning kalomi» (2 Shohlar 23:2).

1 Shohlar, 2 Shohlar, 1 Solnomalar kitoblarga hamda Ishayo 9:7, Matto 21:9, Luqo 1:32 va Yuhanno 7:42- oyatlarga asoslangan.