Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 24- QISM

Pavlus jamoatlarga maktub yozadi

Pavlus jamoatlarga maktub yozadi

Pavlus Masihning ilk izdoshlarini qo‘llab-quvvatlash uchun maktublar yozadi

YANGI tashkil etilgan masihiylar jamoati, Tangri Yahovaning niyati amalga oshishida muhim vazifani bajarishi kerak edi. Ammo ilk masihiylar tez orada hujumlarga duchor bo‘lishdi. Jamoat ichidagi xavf-xatarlar va tashqarisidagi ta’qiblar dastidan, ular Allohga sadoqatini saqlay olishganmi? Injilda 21 ta maktub bor bo‘lib, ularda kerakli maslahat va dalda mavjud.

Rimliklarga maktubidan boshlab to Ibroniylarga yo‘llangan jami o‘n to‘rtta maktub havoriy Pavlusning qalamiga mansub. Ular kimga yo‘llangan bo‘lsa o‘sha kishilarning ismi yoki muayyan jamoatlarning nomi bilan atalgan. Keling, maktublarda nima haqida yozilganini ko‘rib chiqaylik.

Axloq va xulq-atvor. Zino, bevafolik va shunga o‘xshash og‘ir gunohlarni qilayotgan kishilar «Xudoning Shohligida meros olishmaydi» (Galatiyaliklarga 5:19–21; 1 Korinfliklarga 6:9–11). Xudoga topinuvchilar millatiga qaramay ahil bo‘lishi kerak (Rimliklarga 2:11; Efesliklarga 4:1–6). Shuningdek, imondoshi muhtoj bo‘lsa, bajonidil unga yordam qo‘lini cho‘zishlari darkor (2 Korinfliklarga 9:7). Bundan tashqari Pavlus o‘z maktublarida: «Tinmay ibodat qilinglar»,— deya maslahat beradi. Bu bilan u imondoshlarini qalbda borini Yahovaga to‘kib solishga undaydi (1 Salonikaliklarga 5:17; 2 Salonikaliklarga 3:1; Filippiliklarga 4:6, 7). Ibodatlar ijobat bo‘lishi uchun esa, ishonch bilan Xudoga murojaat qilish lozim (Ibroniylarga 11:6).

Oilani mustahkam qilishga nima yordam beradi? Erlar xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. Xotinlar esa o‘z erlarini qattiq hurmat qilishlari darkor. Farzandlardan bo‘lsa ota-onasiga quloq solish kutiladi, chunki bu Allohga ma’qul keladi. Ota-onalar ham Xudo Kalomidagi me’yorlar yordamida, sevgi bilan farzandlariga yo‘l ko‘rsatib, ularni tarbiyalashi lozim (Efesliklarga 5:22–6:4; Kolosaliklarga 3:18–21).

Allohning niyati oydinlashadi. Tavrot kitobi isroilliklar uchun Masih kelguniga qadar himoya va yo‘l-yo‘riq sifatida xizmat qilib kelgan (Galatiyaliklarga 3:24). Biroq masihiylardan, Allohga topinish uchun Tavrotga rioya qilish talab qilinmasdi. Pavlus yahudiy masihiylarga yozgan Ibroniylarga nomli maktubida, Tavrot qaysi maqsadda berilganini va Xudoning niyati Masih orqali qanday amalga oshganini yoritib bergan. Pavlus o‘z maktubida, Tavrotdagi turli tadbirlar va marosimlar bashoratli mazmunga ega ekanini tushuntirib beradi. Masalan, hayvonlarni  qurbon qilish Masihning fidokorona o‘limiga ishora qilardi. Aynan uning o‘limi tufayli gunohlar butunlay kechirilar edi (Ibroniylarga 10:1–4). Shuningdek, Isoning o‘limi orqali Xudo Tavrotni bekor qiladi, boisi u o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgandi (Kolosaliklarga 2:13–17; Ibroniylarga 8:13).

Jamoat faoliyati. Jamoatda muayyan vazifalarni bajarishni istagan kishilardan, yuqori axloqiy me’yorlarga rioya qilish va Muqaddas Kitobda bayon etilgan qobiliyatlarga ega bo‘lish kutilgan (1 Timo‘tiyga 3:1–10, 12, 13; Titusga 1:5–9). Tangriga topinadigan kishilar muntazam ravishda imondoshlari bilan yig‘ilib turishlari hamda bir-birlariga dalda berishlari kerak edi (Ibroniylarga 10:24, 25). Yig‘ilishlar esa dalda va ta’lim beradigan tarzda tashkil etilishi darkor bo‘lgan (1 Korinfliklarga 14:26, 31).

Pavlus Timo‘tiyga yo‘llagan ikkinchi maktubini Rimda yozadi. O‘sha paytda u qamoqda bo‘lib, hukm qilinishni kutayotgan edi. Faqat ayrim do‘stlarigina o‘zlarida jasorat topib, undan xabar olgani kelishadi. Pavlus umri oxirlab qolganini tushungani uchun shunday deydi: «Men jon-jahdim bilan kurashdim, masofani yugurib o‘tdim, imonni saqladim» (2 Timo‘tiyga 4:7). Ehtimol bu so‘zlarni aytganidan ko‘p vaqt o‘tmay, u imoni uchun o‘ldirilgan. Ammo u yozgan maktublar Xudoga topinayotganlar uchun hanuzgacha yo‘l-yo‘riq sifatida xizmat qilib kelmoqda.

Rimliklarga, 1 Korinfliklarga, 2 Korinfliklarga, Galatiyaliklarga, Efesliklarga, Filippiliklarga, Kolosaliklarga, 1 Salonikaliklarga, 2 Salonikaliklarga, 1 Timo‘tiyga, 2 Timo‘tiyga, Titusga, Filimo‘nga va Ibroniylarga kitoblariga asoslangan.