Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 39-DARS

Isroilning birinchi shohi

Isroilning birinchi shohi

Yahova isroilliklarga boshchilik qilish uchun hakamlarni bergan edi. Ammo ular shohi bo‘lishini istashdi. Ular Shomuilga: «Atrofimizdagi barcha xalqlarning shohi bor, bizning ham shohimiz bo‘lishini xohlaymiz»,— deb aytishdi. Shomuil bu noto‘g‘ri ekanini tushunardi, shu bois bu haqda Yahovaga ibodat qildi. Yahova unga: «Xalq sendan emas, Mendan yuz o‘giryapti. Ularga shoh beraman, ammo u xalqdan ko‘p narsalarni talab qilishini ularga ayt»,— dedi. Lekin shunda ham ular: «Bizga baribir. Shohimiz bo‘lishini istaymiz!» — deyishdi.

Yahova Shomuilga Shoul ismli kishi Isroilning birinchi shohi bo‘lishini aytdi. Shoul Shomuilni ko‘rish uchun Ramaga borganida, Shomuil uning boshiga moy quyib, shoh sifatida tanladi.

Keyin Shomuil yangi shohni ko‘rsatish uchun isroilliklarni yig‘di. Ammo Shoulni hech qayerdan topa olishmadi. Nega ekanini bilasizmi? Chunki Shoul yuklarning orasida yashirinib o‘tirgandi. Oxiri Shoulni qidirib topishdi-da, xalqning oldiga olib kelishdi. Uning bo‘yi baland bo‘lib, judayam kelishgan yigit edi. Shomuil xalqqa: «Yahova kimni tanlaganini ko‘rib qo‘yinglar»,— dedi. Shunda odamlar: «Shoh hazratlarining umri uzoq bo‘lsin!» — deya hayqirishdi.

Avvaliga shoh Shoul Shomuilga quloq solib, Yahovaga itoat etardi. Lekin keyin u o‘zgardi. Misol uchun, Shoul qurbonlik keltirmasligi kerak edi. Chunki Yahovaning payg‘ambari Shomuil uni kutib turishni so‘ragandi. Lekin u kelavermagach, Shoulning o‘zi qurbonlik keltirdi. Shomuil bunga nima dedi? U Shoulga: «Sen Yahovaga itoatsizlik qilding»,— deb aytdi. Shoul bu xatosidan saboq oldimi?

Oradan vaqt o‘tib, Shoul omoleklarga qarshi jang qilishga bordi. Shomuil unga hech kimni tirik qoldirmaslikni aytdi. Ammo Shoul shoh O‘gaxni tirik qoldirdi. Yahova Shomuilga: «Shoul Meni tark etdi, u Menga quloq solmayapti»,— dedi. Bundan u qattiq qayg‘urdi va  Shoulga: «Yahovaga quloq solmay qo‘yganing uchun, U boshqa shohni tanlaydi»,— deb aytdi. Shomuil o‘girilib ketayotganida Shoul uning kamzulidan ushlab oldi va kamzulning etagi yirtilib ketdi. Shomuil Shoulga: «Mana shu kamzul yirtilganiday, Yahova shohlikni sendan tortib oladi»,— deb aytdi. Yahova shohlikni Uni yaxshi ko‘radigan va Unga itoat etadigan kishiga beradi.

«Yahovaga bo‘ysunish qurbonlikdan... ko‘ra yaxshiroqdir». (1 Shohlar 15:22)