Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 41-DARS

Dovud va Shoul

Dovud va Shoul

Dovud Go‘liyotni o‘ldirganidan keyin Shoul uni jangchilar ustidan boshliq etib tayinladi. U ko‘p janglarda g‘alaba qozongani uchun juda mashhur bo‘lib ketdi. Dovud jangdan uyga qaytganida ayollar uni qarshi olib raqsga tushishardi va: «Shoul minglab, Dovud esa o‘n minglab dushmanlarni o‘ldirdi!» — deya qo‘shiq aytishardi. Shoul unga hasad qilganidan o‘ldirmoqchi bo‘ldi.

Dovud arfani yaxshi chalardi. Bir kuni u Shoulga arfa chalayotganida, Shoul nayzasini unga qaratib otdi. Dovud esa chap berib qutuldi va nayza devorga sanchilib qoldi. Bundan keyin Shoul uni ko‘p marotaba o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Oxiri Dovud qochib, sahroda yashirindi.

Shoul 3 000 ta jangchisini olib, Dovudni qidirgani ketdi. Shunday bo‘ldiki, u Dovud va odamlari yashiringan g‘orga kirib qoldi. Dovudning odamlari uning qulog‘iga: «Bu,  Shoulni o‘ldirishga yaxshi imkoniyat»,— deya shivirlashdi. Dovud sekingina Shoulning yoniga kelib, kamzuli etagidan kesib oldi. Shoul hech narsani sezmadi. Ammo Dovud Yahovaning moylangan shohiga hurmat ko‘rsatmagani uchun o‘zini aybdor his qildi. U odamlari Shoulga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymadi. Shoul g‘ordan chiqqach, Dovud uning ortidan baqirib: «Menda sizni o‘ldirish imkoni bor edi, lekin men bunday qilmadim»,— dedi. Shoulning Dovud haqidagi fikri o‘zgardimi?

Yo‘q. Shoul Dovudni qidirishdan to‘xtamadi. Bir kuni kechqurun Dovud va uning jiyani Abushay hech kimga bildirmasdan Shoulning qarorgohiga kirishdi. Hatto Shoulning tansoqchisi Abnur uxlayotgan edi. Abushay: «Mana yaxshi imkoniyat! Ruxsat bering, men uni o‘ldiray»,— deb aytdi. Dovud esa: «Yahovaning O‘zi Shoul bilan hisob-kitob qiladi. Kel, faqat uning nayzasi bilan suvdonini olib, keta qolaylik»,— deb javob berdi.

Dovud Shoulning qarorgohi yaxshi ko‘rinadigan tog’ga chiqib, shunday deb baqirdi: «Abnur, nimaga shohingizni himoya qilmadingiz? Shoulning suvdoni bilan nayzasi qani?» Shoul Dovudning ovozini tanib: «Sen meni o‘ldirishing mumkin edi, ammo bunday qilmading. Bilaman, sen Isroilning keyingi shohi bo‘lasan»,— dedi. Shunday qilib, Shoul o‘z saroyiga qaytdi. Shoulning oilasida Dovudni yaxshi ko‘radigan odamlar ham bor edi.

«Iloji bo‘lsa, qo‘lingizdan kelganicha barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechiringlar. Azizlarim, o‘zingiz uchun qasos olmanglar, biroq Allohning qahriga yo‘l qo‘yib beringlar». (Rimliklarga 12:18, 19)